Unda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Koreya Respublikasi savdo, sanoat va resurslar vaziri Kim Jung-kvan, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning tegishli idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Yangi vazirlar formati siyosiy muloqotni sanoat, savdo va texnologiyalar sohasidagi aniq kun tartibi bilan to‘ldirish, shuningdek, mintaqa korxonalari va Koreya biznesi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 foizga oshib, 10 milliard dollardan oshgan. 2026 yilning yanvar–iyul oylarida esa ushbu ko‘rsatkich 25 foiz o‘sib, 6,5 milliard dollarga yetgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda Koreya va mintaqa mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tomoni texnik to‘siqlarni bartaraf etish, sertifikatlar va sinov natijalarini o‘zaro tan olish, aniq yuqori texnologiyali loyihalarni qamrab olgan Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish, sanoat tashabbuslarining yagona raqamli platformasini yaratish hamda vazir o‘rinbosarlari darajasida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini shakllantirishni taklif qildi.
Ushbu tashabbuslarning barchasi Koreya tomoni tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar savdo, investitsiyalar, sanoat infratuzilmasi, muhim minerallar sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ishlab chiqarishga sun’iy intellektni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalarini ham muhokama qildi.
Avtomatlashtirilgan sifat nazorati, uskunalarga prognozli texnik xizmat ko‘rsatish, energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish ma’lumotlarini tahlil qilish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida sanoat va ta’minot zanjirlari sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma memorandum imzolandi. Shuningdek, «Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo» sanoat vazirlarining Maslahatlashuv mexanizmi birinchi yig‘ilishining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Tadbir doirasida Laziz Qudratov Koreya Respublikasi savdo, sanoat va resurslar vaziri Kim Jung-kvan bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvlar yakunida strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalarni izlash va o‘zlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston–Koreya platformasini yaratish, shuningdek, eksport salohiyati va savdo hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar imzolandi.