Mahallada jami 630 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 950 ta oila istiqomat qiladi. Umumiy aholi soni 3345 nafar. Nisbatan katta hududda yashovchi insonlarning muammosi, quvonchi va tashvishi bevosita mahalla faollari, xususan, ijtimoiy xodimlarning doimiy eʼtiborida.
Mahalla ijtimoiy
xodimi Doniyor Jumamurodov zimmasiga aynan shunday ulkan va masʼuliyatli
vazifa yuklatilgan. U aholining 12 ta turli toifadagi qatlami bilan tizimli
ravishda ishlab, muhtoj insonlarga davlatning gʻamxoʻrligini yetkazishda muhim
koʻprik vazifasini oʻtamoqda.
— Ijtimoiy himoya tizimining eng asosiy vazifalaridan biri — oʻzgalar
parvarishiga muhtoj, yolgʻiz yashovchi insonlarni qoʻllab-quvvatlash. Toshqalʼa
mahallasida bunday toifaga kiruvchi bir kishi yashaydi. Unga muntazam ravishda
zarur maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda, — deydi Doniyor
Jumamurodov. — Shuningdek, 2-toifa, yaʼni nogironligi boʻlgan shaxslar bilan
ishlash ham doimo diqqat markazimizda turadi. Mahallamizda nogironligi boʻlgan
109 shaxs roʻyxatga olingan. Ular holati va ehtiyojidan kelib chiqib, tegishli
guruhlarga ajratilgan. Bundan tashqari, hududimizda nogironligi boʻlgan 17 ta
bola ham yashaydi. Ularning barchasiga individual yondashilib, tibbiy,
psixologik va moddiy yordam koʻrsatilmoqda.
Aholi farovonligini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida
kam taʼminlangan oilalar bilan ishlash tizimi ham shaffof va adolatli asosda
tashkil etilgan. Hozirgi kunda mahalla boʻyicha jami 70 ta oila maxsus ijtimoiy
reestrga kiritilgan boʻlib, ularning turmush sharoitini yaxshilash choralari
koʻrilmoqda. Bu oilalarning 23 tasi toʻgʻridan toʻgʻri davlat taʼminotiga
olingan. Shuningdek, 34 ta kambagʻal oila va kambagʻallik chegarasidagi 13 ta
oila roʻyxati shakllantirilgan. Ularni muhtojlikdan olib chiqish, bandligini
taʼminlash va qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish boʻyicha maqsadli
dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.
— Ertangi kunimiz
egalari boʻlgan bolalarning taqdiri, ayniqsa, ota-onasi xorijga mehnat
migratsiyasiga ketgan voyaga yetmaganlar ham ijtimoiy jihatdan himoyaga
olingan. Mahallamizda jami 9 ta shunday bola yashaydi. Qarovsiz qolishiga yoʻl
qoʻymaslik maqsadida ularga qonuniy vakil, yaʼni vasiy yoki homiy tayinlangan.
Har chorakda yashash sharoitlari, taʼlim olishi va ruhiy holati chuqur
monitoring qilinmoqda. Bolalarning mehr-eʼtibor ogʻushida, xavfsiz muhitda
voyaga yetishi uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda, — deydi Doniyor
Jumamurodov.
Amudaryo tumanidagi Toshqalʼa mahallasidagi bunday keng koʻlamli ijtimoiy
ishlar davlat xalqchil siyosatining amaldagi yorqin ifodasidir.
Manzilli
va hayotiy ijtimoiy himoyaning samarasi
Har bir jamiyatning ijtimoiy qiyofasi, avvalo, aholining ehtiyojmand
qatlamlariga koʻrsatilayotgan eʼtibor, mehr va gʻamxoʻrlik bilan oʻlchanadi.
Bugungi kunda yurtimiz boʻylab mahallabay ishlash tizimi orqali har bir oila,
har bir fuqaro davlatning doimiy eʼtibori va ijtimoiy himoyasi qamroviga
olinmoqda.
Amudaryo
tumanidagi Yuqoriqishloq mahallasida ham bu borada keng koʻlamli, tizimli va
samarali ishlar qilinmoqda. Hududga biriktirilgan ijtimoiy xodim Dildora
Kenjayeva oʻz kasbiga fidoyilik bilan yondashayotir.
— Yuqoriqishloq
mahallasidagi jami 624
ta xonadonda 763 ta oila va 2438 aholi istiqomat qiladi. Bu raqamlar ortida
shuncha inson taqdiri, orzu-umidlari va albatta, turli ijtimoiy ehtiyojlari
yotibdi, — deydi Dildora Kenjayeva. — Mahallamizda nogironligi boʻlgan jami 77
shaxs yashaydi. Hozirgi kunda ijtimoiy reestrga hududdagi 59 ta oila
kiritilgan. Ularning 10 tasi toʻliq davlat taʼminotida, 39 tasi kambagʻal, 10
tasi esa kambagʻallik chegarasidagi oila. Berilayotgan maqsadli koʻmaklar
ularning turmush tarzini yaxshilashga va qiyinchiliklarni yengib oʻtishiga
xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda
ota-onasi xorijda mehnat migratsiyasida yurgan 22 bolaga vasiylik yoki homiylik
tayinlangan. Mehr va eʼtiborga muhtoj bu bolalar qarovsiz va nazoratsiz
qolmasligi uchun ularning yashash holati muntazam ravishda, har chorakda
monitoring qilinmoqda.
Amudaryo
tumanidagi bunday manzilli va hayotiy ijtimoiy himoya tadbirlari inson qadrini
ulugʻlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy xodimlarning masʼuliyatli
va sermahsul faoliyati tufayli har bir oila davlat eʼtiborida.
Ehtiyojmand
oila bolalariga davolanish uchun vaucher
Davlatimiz tomonidan yuritilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning eng
ustuvor yoʻnalishlaridan biri, shubhasiz, inson salomatligini asrash,
kelajagimiz egalari boʻlgan bolalarning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga
yetishini taʼminlashdir. Prezidentimiz qaroriga muvofiq, respublikamiz boʻylab
amalga oshirilayotgan mehr-saxovat tadbirlari doirasida tibbiy-ijtimoiy
himoyaga muhtoj qatlamga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ogʻir
kasallikka chalingan, ammo vaqtida zarur choralar koʻrilsa, nogironlikning
oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklarni tezkor davolash masalasi kun
tartibidagi dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu orqali koʻplab
bolajonlarning sogʻligʻini tiklash va kelgusida toʻlaqonli hayot kechirishi
uchun mustahkam zamin yaratish maqsad qilingan.
Ushbu ezgu
tashabbusning joylardagi ijrosi qatʼiy nazoratga olingan boʻlib, hududlardagi
tibbiyot muassasalari orqali manzilli ishlar qilinmoqda. Xususan, Amudaryo
tumanida ham ushbu qaror ijrosi doirasida keng koʻlamli amaliy ishlar boshlab
yuborilgan. Operativ yoʻl bilan davolanish orqali nogironlikning oldini olish
maqsadida Amudaryo tumaniga jami 58 ta maxsus vaucher ajratilgan. Bu vaucherlar
nafaqat begʻaraz moliyaviy koʻmak, balki ota-onalar uchun farzandlarining
sogʻlom kelajagiga boʻlgan umid timsolidir. Bugungi kunga qadar tumanda mazkur
yoʻnalishdagi oʻrganishlar va tibbiy xulosalar asosida jami 27 bolaga
vaucherlar topshirildi va tezkor davolanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Yuqoridagi qarorga
muvofiq, mamlakatimizda ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi
kasalliklarga chalingan 10 ming bolada jarrohlik amaliyoti oʻtkazish,
onkologik, gemotologik va onkogematologik tashxis qoʻyilgan 2,3 ming bemorni
tibbiy tekshirish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini, kamida 350 bemorda
jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti oʻtkazish, ijtimoiy himoyaga
muhtoj bolalarning omonat hisobvaraqlariga 200 dollar miqdorida pul qoʻyish
xarajatlarini qoplash, qolaversa, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar
qurish, rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash koʻzda tutilgan.
Qaror ijrosini
taʼminlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar va malakali tibbiyot xodimlari
tomonidan navbatdagi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik jarayonlari izchillik
bilan davom ettirilmoqda. Ushbu koʻriklar natijasiga koʻra, shifokorlar
tomonidan tavsiya berilgan va jarrohlik amaliyotiga muhtoj deb topilgan bolalar
vaucherlar bilan taʼminlanadi.
Inson qadri
ulugʻlangan yurtda sogʻlom avlodni voyaga yetkazish yoʻlidagi bunday
saʼy-harakatlar, shubhasiz, millat genofondini asrash va porloq kelajakni
barpo etishda beqiyos samarasini berishi shubhasiz.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri