Mahallada jami 630 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 950 ta oila istiqomat qiladi. Umumiy aholi soni 3345 nafar. Nisbatan katta hududda yashovchi insonlarning muammosi, quvonchi va tashvishi bevosita mahalla faollari, xususan, ijtimoiy xodimlarning doimiy eʼtiborida.

Mahalla ijtimoiy xodimi Doniyor Juma­murodov zimmasiga aynan shunday ulkan va masʼuliyatli vazifa yuklatilgan. U aholining 12 ta turli toifadagi qatlami bilan tizimli ravishda ishlab, muhtoj insonlarga davlatning gʻamxoʻrligini yetkazishda muhim koʻprik vazifasini oʻtamoqda.

— Ijtimoiy himoya tizimining eng asosiy vazifalaridan biri — oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz yashovchi insonlarni qoʻllab-quvvatlash. Toshqalʼa mahallasida bunday toifaga kiruvchi bir kishi yashaydi. Unga muntazam ravishda zarur maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda, — deydi Doniyor Jumamurodov. — Shuningdek, 2-toifa, yaʼni nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlash ham doimo diqqat markazimizda turadi. Mahallamizda nogironligi boʻlgan 109 shaxs roʻyxatga olingan. Ular holati va ehtiyojidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratilgan. Bundan tashqari, hududimizda nogironligi boʻlgan 17 ta bola ham yashaydi. Ularning barchasiga individual yondashilib, tibbiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatilmoqda.

Aholi farovonligini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida kam ­taʼminlangan oilalar bilan ishlash tizimi ham shaffof va adolatli asosda tashkil etilgan. Hozirgi kunda mahalla boʻyicha jami 70 ta oila maxsus ijtimoiy reestrga kiritilgan boʻlib, ularning turmush sharoitini yaxshilash choralari koʻrilmoqda. Bu oilalarning 23 tasi toʻgʻridan toʻgʻri davlat taʼminotiga olingan. Shuningdek, 34 ta kambagʻal oila va kambagʻallik chegarasidagi 13 ta oila roʻyxati shakllantirilgan. Ularni muhtojlikdan olib chiqish, bandligini taʼminlash va qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish boʻyicha maqsadli dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.

— Ertangi kunimiz egalari boʻlgan bolalarning taqdiri, ayniqsa, ota-onasi xorijga mehnat migratsiyasiga ketgan voyaga yetmaganlar ham ijtimoiy jihatdan himoyaga olingan. Mahallamizda jami 9 ta shunday bola yashaydi. Qarovsiz qolishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ularga qonuniy vakil, yaʼni vasiy yoki homiy tayinlangan. Har chorakda yashash sharoitlari, taʼlim olishi va ruhiy holati chuqur monitoring qilinmoqda. Bolalarning mehr-eʼtibor ogʻushida, xavfsiz muhitda voyaga yetishi uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda, — deydi Doniyor Jumamurodov.

Amudaryo tumanidagi Toshqalʼa mahallasidagi bunday keng koʻlamli ijtimoiy ishlar davlat xalqchil siyosatining amaldagi yorqin ifodasidir.

Manzilli va hayotiy ijtimoiy himoyaning samarasi

Har bir jamiyatning ijtimoiy qiyofasi, avvalo, aholining ehtiyojmand qatlamlariga koʻrsatilayotgan eʼtibor, mehr va gʻamxoʻrlik bilan oʻlchanadi. Bugungi kunda yurtimiz boʻylab mahallabay ishlash tizimi orqali har bir oila, har bir fuqaro davlatning doimiy eʼtibori va ijtimoiy himoyasi qamroviga olinmoqda.

Amudaryo tumanidagi Yuqoriqishloq mahallasida ham bu borada keng koʻlamli, tizimli va samarali ishlar qilinmoqda. Hududga biriktirilgan ijtimoiy xodim Dildora Kenjayeva oʻz kasbiga fidoyilik bilan yondashayotir.

— Yuqoriqishloq mahallasidagi jami 624 ta xonadonda 763 ta oila va 2438 aholi istiqomat qiladi. Bu raqamlar ortida shuncha inson taqdiri, orzu-umidlari va albatta, turli ijtimoiy ehtiyojlari yotibdi, — deydi Dildora Kenjayeva. — Mahallamizda nogironligi boʻlgan jami 77 shaxs yashaydi. Hozirgi kunda ijtimoiy reestrga hududdagi 59 ta oila kiritilgan. Ularning 10 tasi toʻliq davlat taʼminotida, 39 tasi kambagʻal, 10 tasi esa kambagʻallik chegarasidagi oila. Berilayotgan maqsadli koʻmaklar ularning turmush tarzini yaxshilashga va qiyinchiliklarni yengib oʻtishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda ota-onasi xorijda mehnat migratsiyasida yurgan 22 bolaga vasiylik yoki homiylik tayinlangan. Mehr va eʼtiborga muhtoj bu bolalar qarovsiz va nazoratsiz qolmasligi uchun ularning yashash holati muntazam ravishda, har chorakda monitoring qilinmoqda.

Amudaryo tumanidagi bunday manzilli va hayotiy ijtimoiy himoya tadbirlari inson qadrini ulugʻlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy xodimlarning masʼuliyatli va sermahsul faoliyati tufayli har bir oila davlat eʼtiborida.

Ehtiyojmand oila bolalariga davolanish uchun vaucher

Davlatimiz tomonidan yuritilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri, shubhasiz, inson salomatligini asrash, kelajagimiz egalari boʻlgan bolalarning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishini taʼminlashdir. Prezidentimiz qaroriga muvofiq, respublikamiz boʻylab amalga oshirilayotgan mehr-saxovat tadbirlari doirasida tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ogʻir kasallikka chalingan, ammo vaqtida zarur choralar koʻrilsa, nogironlikning oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklarni tezkor ­davolash masalasi kun tartibidagi dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu orqali koʻplab bolajonlarning sogʻligʻini tiklash va kelgusida toʻlaqonli hayot kechirishi uchun mustahkam zamin yaratish maqsad qilingan.

Ushbu ezgu tashabbusning joylardagi ijrosi qatʼiy nazoratga olingan boʻlib, ­hududlardagi tibbiyot muassasalari orqali manzilli ishlar qilinmoqda. Xususan, Amudaryo tumanida ham ushbu qaror ijrosi doirasida keng koʻlamli amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Operativ yoʻl bilan davolanish orqali nogironlikning oldini olish maqsadida Amudaryo tumaniga jami 58 ta maxsus vaucher ajratilgan. Bu vaucherlar nafaqat begʻaraz moliyaviy koʻmak, balki ota-onalar uchun farzandlarining sogʻlom kelajagiga boʻlgan umid timsolidir. Bugungi kunga qadar tumanda mazkur yoʻnalishdagi oʻrganishlar va tibbiy xulosalar asosida jami 27 bolaga vaucherlar topshirildi va tezkor davolanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Yuqoridagi qarorga muvofiq, mamlakatimizda ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming bolada jarrohlik amaliyoti oʻtkazish, onkologik, gemotologik va onkogematologik tashxis qoʻyilgan 2,3 ming bemorni tibbiy tekshirish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini, kamida 350 bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti oʻtkazish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning omonat hisobvaraqlariga 200 dollar miqdorida pul qoʻyish xarajatlarini qoplash, qolaversa, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash koʻzda tutilgan.

Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar va malakali tibbiyot xodimlari tomonidan navbatdagi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik jarayonlari izchillik bilan davom ettirilmoqda. Ushbu koʻriklar natijasiga koʻra, shifokorlar tomonidan tavsiya berilgan va jarrohlik amaliyotiga muhtoj deb topilgan bolalar vaucherlar bilan taʼminlanadi.

Inson qadri ulugʻlangan yurtda sogʻlom avlodni voyaga yetkazish yoʻlidagi bunday saʼy-­harakatlar, shubhasiz, millat genofondini asrash va porloq kelajakni barpo etishda beqiyos samarasini berishi shubhasiz.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri