Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, tarqalgan videoda aks etgan holat aslida Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi yangi “Patron” gazkondensat konida qidiruv qudugʻini sinovdan oʻtkazish va ishga tushirish jarayoni hisoblanadi.

Kondagi 1-sonli qidiruv qudugʻini burgʻilash ishlari 2025-yilda Xitoyning BGP kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan 3D seysmik tadqiqotlar natijalari asosida boshlangan.

Burgʻilash ishlari yakunlangach, quduqda 3296–3339 metr oraligʻidagi qatlamlar mahsuldorlikka sinovdan oʻtkazildi. Natijada sanoat miqyosida tabiiy gaz olindi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, quduqdan sutkasiga 500 ming metr kub gaz olinmoqda.

“Patron” nisbatan kichik kon boʻlib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, uning zaxiralari taxminan 2,5 mlrd kub metr tabiiy gazni tashkil etadi.

Quduqni sinovdan oʻtkazish jarayonida gazni maxsus qurilma orqali yoqib koʻrish uning mahsuldorligi, bosimi va ishlash parametrlarini aniqlashga qaratilgan odatiy texnologik jarayon hisoblanadi. Shu sababli videodagi olovni portlash yoki avariya sifatida talqin qilish asossiz.

Ayni paytda quduqdan gaz qazib chiqarishning haqiqiy koʻrsatkichlarini aniqlash maqsadida “OʻzLITIneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan gazodinamik va gazkondensat tadqiqotlari olib borilmoqda.

“Patron” konidagi 1-sonli qidiruv qudugʻi 2026-yil 2-sentyabr kuni soat 06:00 da gaz quvuriga ulanib, ishga tushirilgan.

Quduqni ishga tushirish ishlari neft-gaz sohasining harbiylashtirilgan qismi va “OʻzLITIneftgaz” AJ mutaxassislari ishtirokida sanoat, yongʻin, mehnat va ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda amalga oshirilgan. Zarur tashkiliy va texnik choralar Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari nazoratida taʼminlangan.

Masʼullar ijtimoiy tarmoq administratorlaridan voqea-hodisalarni aniqlashtirmasdan, notoʻgʻri va asossiz maʼlumotlarni tarqatmaslikni soʻradi. Rasmiy maʼlumotlarni sohaning ishonchli manbalari orqali olish tavsiya etilgan.