Diplomatik kanallar orqali olingan maʼlumotlarga ko‘ra, yangilangan tartib 1 noyabrdan kuchga kiradi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari Misrga borishdan oldin kirish vizasini ushbu mamlakatning diplomatik vakolatxonalari orqali rasmiylashtirishlari shart. Turistik safarlar esa vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etiladi.
40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlarga alohida talablar qo‘yiladi
Yangi tartibga ko‘ra, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila aʼzolari — ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari hamrohligida borishi mumkin. Bunda oila ixtiyorida safar davomida kamida 5 000 AQSh dollari miqdorida naqd mablag‘ bo‘lishi talab etiladi.
40 yoshdan oshgan mustaqil sayohatchilar esa kamida 3 000 AQSh dollari miqdorida naqd mablag‘ga ega bo‘lishlari lozim.
Chegarada qanday hujjatlar talab qilinadi?
Misrga kirishda sayyohlar mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa maʼlumotlari va yetarli moliyaviy taʼminot mavjudligini tasdiqlovchi maʼlumotlarni taqdim etishlari kerak.
Shuningdek, mamlakat hududida bo‘lish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinmaydi.
Belgilangan talablarga javob bermaydigan yoki zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etmagan yo‘lovchilarning Misrga kirishi rad etilishi mumkin. Bunday holatda ularni mamlakatga olib kelgan aviakompaniya orqali qaytarish choralarini ko‘riladi.
O‘zbekistonning Qohira shahridagi elchixonasi fuqarolarni Misrga safarni rejalashtirishda yangi talablarni inobatga olishga chaqirdi.