Uyqungiz kelmadimi? Olimlar xotirani uyqusiz tun oqibatidan himoya qilish usulini topishdi. Uyqusizlik nafaqat ertangi kunning kayfiyati va ish qobiliyatiga ta’sir qiladi, balki xotirani ham yomonlashtirishi mumkin: jumladan, ma’lumotlarni eslab qolish va yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish qiyinlashadi. Ma’lumki, jismoniy faollik uyqusizlikning ba’zi oqibatlarini qoplashga yordam beradi. Mashg‘ulotlar paytida organizm xavotirni kamaytiradigan va sirkad ritmlarni tartibga solishga yordam beradigan endorfinlarni ishlab chiqaradi.

Sirkad ritm – organizmning ichki soati bo‘lib, 24 soat davom etadi va kun-tun almashish vaqtiga qarab moslashadi. Endofirin – kimyoviy moddalar guruhi, u bosh miyada ishlab chiqiladi. Organizmga og‘riqni susaytirishga yordam beradi va stressni kamaytiradi.

Kanadaning Konkord universiteti olimlari jismoniy mashqlar nafaqat uyquni yaxshilashi, balki xotirani uyqusizlik oqibatidan himoya qilishi mumkinligini aniqlashdi. Tadqiqot Sleep ilmiy jurnalida chop etilgan.

Tadqiqotda 88 nafar sog‘lom yoshlar ishtirok etdi. Ular tasodifiy ravishda to‘rt guruhga bo‘lindi. Ikkala guruh ishtirokchilari odatdagicha uxlashdi, qolganlari esa kechasi tavsiya etilgan 8,5 soat o‘rniga atigi 4,5 soat uxlashdi. Keyin ushbu guruhlarning har biri yana bir bor bo‘lindi: ishtirokchilarning yarmi uyqudan oldin yarim soat davomida velotrenajyorda o‘rtacha yuklama bilan shug‘ullandi, qolgan 40 daqiqa esa shunchaki kresloda o‘tirib, hech narsa qilmadi.

Ko‘ngillilar uxlashdan oldin xotira testini topshirishdi. Ularga yuzlar ketma-ketligi ko‘rsatildi va ularning har biri oldingi rasmlar seriyasida uchraganmi yoki birinchi marta paydo bo‘lganini aniqlash kerak edi. Ertasi kuni ishtirokchilar xuddi shu testni takrorlashdi.

Kutilganidek, to‘liq tungi uyqu ma’lumotni eslab qolish qobiliyatini saqlab qolishning eng yaxshi usuli bo‘lib chiqdi. Yaxshi uxlagan ishtirokchilar ertasi kuni xotira topshirig‘ini muvaffaqiyatli bajardi. Uyquga to‘ymaganlar esa ancha sekinroq javob berishdi.

Biroq, jismoniy mashqlar uyqusizlik oqibatini yumshatishga yordam berdi. Uyqudan oldin velotrenajyorda shug‘ullangan ishtirokchilarda xotiraning pasayishi uyqudan oldin dam olganlarga qaraganda sezilarli darajada kamroq bo‘lgan, deb xabar berdi vokrugsveta.ru.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, natijalar uyqu yetishmovchiligida o‘rtacha jismoniy faollikning miya faoliyatiga ijobiy ta’siri haqida qo‘shimcha ma’lumot beradi. Shu bilan birga, tadqiqotchilar tajribaning cheklovlari borligini tan olishadi. Xususan, bir xil ishtirokchilarni turli sharoitlarda tekshirish foydali bo‘lardi — bu individual xususiyatlarning ta’sirini istisno qilish imkonini berardi. To‘g‘ri, bunday tajriba ko‘ngillilardan ancha uzoq vaqt ishtirok etishni talab qilgan bo‘lardi.

Ayniqsa, chuqur uyqu — miya sekin to‘lqinli faollik holatiga o‘tadigan bosqich xotira uchun juda muhim. Imtihonga tayyorgarlik ko‘rish, ish xatlarini tugatish yoki serialning yana bir qismini tomosha qilish uchun kechgacha o‘tirib qolganimizda, biz ko‘pincha aynan shu narsani olmaymiz.

Shuning uchun kechki payt telefonda yangiliklarni tinimsiz ko‘rib chiqishni ba’zan bog‘da sayr qilish bilan almashtirish kerak. Bu miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning oddiy, arzon va dori-darmon talab qilmaydigan usulidir, ayniqsa, to‘laqonli uyquga erisha olmagan bo‘lsangiz. Olimlar birgina uyqusiz tun miya neyronlari o‘rtasidagi aloqalarga ta’sir qilishini aniqladi. Uyqu esa organizmning normal holatini tiklash uchun juda zarur.