Bu haqda energetika vaziri Şerzod Xöjayev maʼlum qildi.

Loyihalar doirasida Farğona viloyatida quyoş elektr stansiyasi quriş, Toşkent viloyatida transformator zavodini barpo etiş hamda mis ötkazgiçlar işlab çiqarişni yölga qöyiş rejalaştirilgan.

Birinçi loyiha doirasida Farğona viloyatining Beşariq tumanida quvvati 500 megavatt bölgan quyoş fotoelektr stansiyasi va uni elektr tarmoğiga ulaş uçun uzatiş liniyasi quriladi.

Uşbu loyihaning qiymati 350 million dollardan ortiq bölib, u «Voltamp» kompaniyasi tomonidan Özbekistonning «UET Construction» korxonasi bilan hamkorlikda amalga oşiriladi.

Dastlabki kelişuv imzolangan. 2027-yilning birinçi çoragiga qadar tadqiqotlar ötkazilib, moliyaviy model va tarif aniqlanadi. Tarif böyiça kelişuvga erişilgaç, yakuniy şartnomani 2027-yil yanvar–fevral oylarida imzolaş rejalaştirilgan.

Odatda bunday elektr stansiyalarini quriş 18–20 oy davom etadi. Stansiya qurilişini 2027-yilda boşlaş va 2028-yilda foydalanişga topşiriş möljallangan.

Ikkinçi loyiha doirasida Toşkent viloyatining Ohangaron tumanidagi elektrotexnika sanoat zonasida yuqori kuçlanişli va yuqori quvvatli transformatorlar işlab çiqaradigan yangi zavod quriladi.

Loyiha «Voltamp» va «Nur Elektrik» kompaniyalari hamkorligida amalga oşiriladi. Zavodda işlab çiqariladigan mahsulotlar içki bozor va eksport uçun möljallangan.

Uçinçi loyiha «Voltamp» va Özbekistonning «Texnokabel» kompaniyasi hamkorligida amalga oşiriladi. Unda transformatorlarda işlatiladigan mis ötkazgiçlar işlab çiqarişni yölga qöyiş nazarda tutilgan.

Qayd etilişiça, bunday işlab çiqariş hozirça mamlakatimizda mavjud emas.

Uçta loyihaning umumiy investitsiya qiymati dastlabki hisob-kitoblarga köra, 500 million dollarni taşkil etadi.

Energetika vazirining taʼkidlaşiça, mazkur hamkorlikning muhim jihati şundaki, xorijiy investor mahalliy kompaniyani birinçi marta pudratçi sifatida emas, balki loyihalarning teng huquqli hamkori sifatida jalb qilmoqda.