Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-son qarorida belgilandi.
Qaror bilan ushbu davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Unga koʻra, shaxslarni markazlarga joylashtirishda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligi va shaxsiy maʼlumotlarini muhofaza qilish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlarni kompleks tashkil etishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Shu bilan birga, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni aniqlash, markazga joylashtirish va keyinchalik ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish jarayoni axborot tizimlari orqali muvofiqlashtiriladi.
Xususan, shaxsni identifikatsiya qilish zamonaviy texnologiyalar, jumladan, Face-ID, barmoq izlari yoki fuqaroning biometrik pasporti yoki ID-kartasi orqali amalga oshiriladi. Shaxsga oid maʼlumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi maʼlumotlar bilan solishtiriladi.
Markazga joylashtirilgan shaxsning ijtimoiy holati ham oʻrganiladi. Bunda uning ijtimoiy himoya choralari bilan taʼminlanganligi, xulq-atvori, moddiy va oilaviy holati, qarindoshlari hamda boshqa shahar va hududlardagi aloqalari aniqlanadi.
Zarur hollarda shaxsni oilasi, qarindoshlari yoki boshqa yaqinlari bilan qayta bogʻlash choralari koʻriladi.
Qarorda nogironligi boʻlgan shaxslar, yosh bolali ayollar, yolgʻiz keksalar, qarovsiz qolgan bolalar va boshqa ehtiyojmand toifalarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha ham choralar belgilangan.
Bundan tashqari, shaxslarning keyingi ijtimoiy moslashuvini taʼminlash uchun individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishlab chiqiladi. Unda ijtimoiy muhofaza choralari, qarindoshlar va doʻstlar bilan aloqani tiklash kabi yoʻnalishlardagi tadbirlar nazarda tutiladi.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-oktyabrdan markazlar faoliyatiga oid belgilangan tartiblar amalga kiritiladi. 2027-yil 1-iyulga qadar esa barcha markazlarni sanitariya va qurilish normalari hamda qoidalariga muvofiq holatga keltirish belgilangan.
Qaror ijrosini nazorat qilish ichki ishlar vaziri J.A. Boboxonov hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori A.A. Tashkulatov zimmasiga yuklangan.