Faqat resurslarning oʻzigina daromad manbaiga aylana olmaydi. Bugungi kunda xomashyoni zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilgan, ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan mamlakatlargina yuqori samaradorlikka erisha oladi.

Dunyoda texnologik metallar va muhim minerallarga talab keskin ortmoqda. Elektrotexnika, mashinasozlik, aviatsiya, energetika, tibbiyot va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun zarur bunday xomashyo va mahsulotlar iqtisodiy xavfsizlik hamda sanoat raqobatbardoshligi ustuni boʻlib bormoqda.

Xalqaro tahlil markazlari xulosasiga koʻra, muhim minerallar global texnologik raqobatning hal qiluvchi omillaridan biriga aylanyapti. Ayni paytda mamlakatlarning energetik yangilanish, raqamlashtirish va yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish borasidagi maqom va mavqei koʻp jihatdan ularning nodir va texnologik metallarni yetkazib berish zanjirini qanchalik nazorat qilishiga qarab belgilanmoqda.

Bu yoʻnalishda toʻlaqonli sanoatlashgan ekotizimni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda qoʻshilgan qiymatning salmoqli qismi asosan mamlakatning oʻzida yaratiladi. Mana shunday yondashuv eksport tushumlari barqaror oʻsishini taʼminlab, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshiradi.

Ayni maqsadda mamlakatimizda joriy yilning oʻzida 166 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar singari 21 turdagi import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, yangi quvvatlar hisobidan yuzlab ish oʻrinlari yaratiladi, byudjet tushumlari va eksport imkoniyatlari ortadi.

15-iyun kuni Prezidentimiz huzurida sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan boʻlib oʻtgan taqdimotda bu yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

— Mamlakatimizda bu yoʻnalishda katta salohiyat bor, — deydi togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi oʻrinbosari Feruza Hamidova. — Bugun biz davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2024-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston texnologik metallar kombinatining investitsion loyihalarini taqdimot qildik. Hozirgi vaqtda mazkur korxonaning asosiy faoliyati volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, yangi konlarni oʻzlashtirish, boyitish fabrikalari, gidro va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Ushbu salohiyatni toʻliq ishga solish maqsadida 2026-2030-yillarda umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Bu orqali tarmoq hajmini 2028-yilgacha 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati bor.

Yigʻilishda volfram va molibden boʻyicha “xomashyo — qayta ishlash — tayyor mahsulot” zanjirini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu orqali faqat konsentrat yoki yarim tayyor mahsulot emas, balki yuqori qoʻshilgan qiymatga ega metall kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar, sanoat uchun detallar va boshqa ­tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsad ­qilingan.

Jahon tajribasi koʻrsatmoqdaki, nodir metallardan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot bahosi xomashyodan ancha yuqori boʻladi. Shuning uchun chuqur qayta ishlash faqat sanoat uchun zarur omil boʻlibgina qolmay, mamlakatning eksport salohiyatiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan strategik vazifaga aylanmoqda.

Buning uchun Chirchiq shahrida “Kelajak metallari” texnoparki va R&D markazi faoliyatini keng yoʻlga qoʻyish belgilangan. U yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, yuqori soflikdagi metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit yaratiladi.

— Yigʻilishda strategik va muhim minerallar sohasini yangi bosqichga olib chiqish, qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish tizimini yanada kuchaytirish borasida qator vazifalar belgilandi, — deydi “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdullayev. — Asosiy maqsad Oʻzbekistonni xomashyo yetkazib beruvchi mamlakatdan kritik minerallar boʻyicha ­mintaqaviy texnologik ishlab chiqarish va eksport markaziga aylantirish. Har qanday soha rivoji uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasi muhim ahamiyatga ega. Ayni maqsadda Toshkent davlat texnika universiteti bilan dual taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Texnologik metallar kombinatida metallurgiya va materialshunoslik boʻyicha 2 ta kafedra faoliyat koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yoʻnalishda dual taʼlim qamrovini kengaytirish, oʻquv dasturlarini yangi loyihalar ehtiyojiga moslashtirish va bitiruvchilarni yuqori texnologik ishlab chiqarishlarga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yana bir muhim jihat. Chirchiq shahrida tashkil etilayotgan, Markaziy Osiyoda muhim minerallar boʻyicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markaz — nanotahlil laboratoriyasi geologiya, konchilik va metallurgiya loyihalari uchun zamonaviy tahlil xizmatlarini koʻrsatadi. Natijada bugun xorijda bajarilayotgan tahlillar mahalliylashtiriladi hamda muddatlar qisqaradi. Misol uchun, ikki oyda bajariladigan ishlar bir haftada tayyor boʻladi. Laboratoriya toʻliq ishga tushgach, bir kunda mingtagacha namuna tahlil qilinib, 6,5 million dollarlik import xizmatlari mahalliylashtiriladi, yana 4 million dollarlik xizmatlar eksporti yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga, tarmoqda raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligi taʼkidlandi. Geologik maʼlumotlarni yagona raqamli bazaga jamlash, qidiruv ishlarini 3D modellashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish, bozor tahlili va loyihalar boshqaruvini zamonaviy platformalar orqali tashkil etish vazifalari belgilandi.

Ishlab chiqarish jarayonlari jadal surʼatda murakkablashib borayotgan sharoitda bunday ilmiy-texnologik infratuzilmani yaratishning ahamiyati yanada ortadi. Zero, bugun metallurgiyadagi raqobatbardoshlik faqat resurslarga ega boʻlish bilan emas, balki tadqiqotlarning saviyasi, darajasi va natijadorligi, muhandislar mahorati hamda milliy texnologiyalarning nechogʻliq takomillashgani bilan bogʻliq.

Taqdimotda belgilangan vazifalar mamlakatimizning strategik minerallar boʻyicha texnologik mustaqilligini taʼminlash, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va kritik minerallar global bozorida ishonchli ishtirokchiga aylantirishga zamin yaratadi.

 Lutfulla SUVONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri