1996-yilda tug‘ilgan haydovchi A.E. mast holda “Spark” rusumli avtomashinani boshqarib kelayotib, tungi xizmatni olib borayotgan Farg‘ona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi 3-safarbar guruhi YPX katta inspektori, serjant Xayitbek Karimjonovning to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan uni urib yuborgan.

Oqibatda serjant Xayitbek Karimjonov og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, u jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Serjant Xayitbek Karimjonov 2022-yildan IIOda xizmat qilgan. Uning ortidan qadrli onasi, suyukli ayoli, 2 nafar farzandlari qoldi.

Farg‘ona viloyati IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhum hamkasbimizning oila a’zolari hamda yaqinlariga chuqur hamdardlik va ta’ziya izhor etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xayot Shasutdinovning ma’lum qilishicha, Farg‘ona viloyatida YPX katta inspektori bilan bog‘liq mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Haydovchiga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.