Zamonaviy o‘qituvchi yuksak shaxsiy salohiyatga ega bo‘lishi, o‘zgaruvchan ta’lim muhitiga moslasha olishi, nostandart vaziyatlarda oqilona qaror qabul qilishi va talabalar bilan samarali muloqot qila olishi zarur.

Bugungi amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘qituvchining ijobiy imijini shakllantirish soft skills – yumshoq ko‘nikmalarni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq. Bu ko‘nikmalar pedagogik faoliyat samaradorligini oshirish, talabalar bilan ishonchli munosabat o‘rnatish va qulay ta’lim muhitini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Samarali pedagogik faoliyat esa o‘qituvchidan muntazam ravishda o‘z ustida ishlash, bilim va ko‘nikmalarini yangilash hamda kasbiy rivojlanishga intilishni talab etadi. Ayniqsa, muloqot madaniyati, talabani tinglay bilish, mas’uliyat va moslashuvchanlik kabi ko‘nikmalar o‘qituvchining kasbiy imijini namoyon etib, uning talabalar va hamkasblar orasidagi hurmatini mustahkamlaydi.

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘qituvchi uchun zarur bo‘lgan soft skillsning yagona va o‘zgarmas majmui mavjud emas. Ta’lim muhiti va kasbiy talablarning o‘zgarib borishi turli ko‘nikmalarni muntazam rivojlantirishni taqozo etadi. Ayniqsa, faoliyatini endigina boshlagan o‘qituvchilar uchun yangi vaziyatlarga moslashish, ish yuklamasini samarali boshqarish va turli pedagogik muammolarga yechim topish muhimdir. Shu bois soft skillsni maqsadli rivojlantirish o‘qituvchining kasbiy faoliyatida yanada ishonchli va samarali harakat qilishiga yordam beradi.

Zamonaviy o‘qituvchining kasbiy mahorati uning fanni puxta bilishi bilan bir qatorda, talabalar bilan samarali muloqot o‘rnatishi, ularni diqqat bilan tinglashi va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatni shakllantira olishida namoyon bo‘ladi. Fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda o‘qituvchi o‘z bilim va ko‘nikmalarini muntazam yangilab, ta’lim jarayonidagi o‘zgarishlarga moslashib borishi zarur. Bunda soft skills kundalik pedagogik faoliyatning muhim tarkibiy qismiga aylanadi. Aksincha, bu ko‘nikmalarning yetarli darajada rivojlanmaganligi talabalar bilan muloqot va hamkorlik sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, pedagogik faoliyat samaradorligini pasaytirishi mumkin.   

O‘qituvchi uchun soft skillsning ahamiyati, avvalo, talabalar bilan samarali hamkorlik qilish, ularning individual xususiyatlarini hisobga olish, ta’lim jarayonini to‘g‘ri tashkil etish va ijobiy muhit yaratishda namoyon bo‘ladi. Bu ko‘nikmalar o‘qituvchiga talabalarni tinglash, ularning ehtiyoj va kechinmalarini anglash, muloqot usulini vaziyatga moslashtirish hamda ularni maqsad sari yo‘naltirish imkonini beradi. Shuningdek, o‘qituvchining kundalik xatti-harakati va muloqot madaniyati talabalar uchun muhim namuna bo‘lib xizmat qiladi. Chunki soft skills faqat nazariy bilim orqali emas, balki amaliy muloqot va shaxsiy namuna asosida ham shakllanadi. Shu sababli o‘qituvchining o‘ziga xos pedagogik uslubi, muloqot madaniyati va insonlar bilan munosabati uning kasbiy qiyofasini belgilovchi muhim jihatlardandir.

O‘qituvchining muloqot ko‘nikmasi uning kasbiy kompetentligining muhim tarkibiy qismidir. Muloqotning dastlabki bosqichidanoq talabalar bilan samarali kommunikativ munosabat o‘rnatish, fikrni aniq va tushunarli ifodalash, og‘zaki hamda noverbal vositalardan samarali foydalanish pedagogik jarayonning samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Samarali muloqot o‘qituvchiga nafaqat bilimlarni yetkazish, balki talabalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning mustaqil va tanqidiy fikrlashini qo‘llab-quvvatlash hamda qulay ta’lim muhitini yaratish imkonini beradi. Ayniqsa, muammoli ta’lim va hamkorlikda o‘qitish kabi zamonaviy pedagogik yondashuvlarda o‘qituvchining fikrni aniq ifodalashi, munozarani to‘g‘ri yo‘naltirishi va talabalarni faol ishtirok etishga undashi muhim ahamiyat kasb etadi.

Muloqot madaniyati o‘qituvchining kasbiy qiyofasini ham namoyon etadi. O‘zaro hurmat va tushunishga asoslangan muloqot talabalar bilan ishonchli munosabatlarni shakllantiradi, nizolarning oldini olishga va pedagogik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Aksincha, muloqot ko‘nikmalarining yetarli darajada rivojlanmaganligi tushunmovchilik va nizolarga sabab bo‘lishi, ta’lim jarayoni samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Demak, samarali muloqot o‘qituvchining kasbiy faoliyatida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlaydi, balki talabalar bilan ishonchli munosabat o‘rnatish, samarali ta’lim muhitini yaratish va kasbiy imijni shakllantirishga xizmat qiladi. Biroq samarali muloqot faqat fikrni aniq va tushunarli ifodalash bilangina cheklanmaydi. Uning muhim tarkibiy jihatlaridan biri – suhbatdoshni diqqat bilan tinglash, uning fikri, ehtiyoji va hissiy holatini anglay olishdir. Shu nuqtayi nazardan, o‘qituvchining faol tinglash ko‘nikmasi pedagogik muloqotning muhim sharti sifatida namoyon bo‘ladi.

Faol tinglash o‘qituvchiga talabalar bilan samimiy va ishonchli munosabat o‘rnatish, ularning fikr va ehtiyojlarini yaxshiroq anglash hamda ijobiy ta’lim muhitini shakllantirish imkonini beradi. Faol tinglash suhbatdoshning nutqini shunchaki eshitish emas, balki uni diqqat bilan qabul qilish, mazmunini anglash, his-tuyg‘ulari va ehtiyojlarini tushunishga qaratilgan faol jarayondir. Samarali tinglash o‘qituvchidan diqqat, sabr-toqat, suhbatdoshga samimiy qiziqish va uni tushunishga intilishni talab etadi. Bunda o‘qituvchi nafaqat axborotni qabul qiladi, balki uni anglaydi, tahlil qiladi va zarur hollarda tegishli munosabat bildiradi. Shu jihatdan, tinglash ko‘nikmasi pedagogik muloqotning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.

Faol tinglashning asosiy talablari – suhbatdoshning so‘zini bo‘lmaslik, suhbatga diqqatni jamlash, mavzuni asossiz o‘zgartirmaslik, shoshilinch xulosa yoki maslahat bermaslik hamda uning hissiy holatiga e’tibor bilan munosabatda bo‘lishdan iborat. Bunday yondashuv talabaga o‘z fikri va kechinmalarini erkin ifodalash imkonini berib, o‘zaro ishonchga asoslangan muhitni yuzaga keltiradi.

Ta’lim jarayonida faol tinglash o‘qituvchiga talabalarning mavzuni qay darajada o‘zlashtirganini aniqlash, ularning savol va ehtiyojlarini anglash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi. Shuningdek, u nizolarning oldini olish, o‘zaro hurmat va hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shunday qilib, muloqot va faol tinglash o‘qituvchining kasbiy mahorati va pedagogik madaniyatini namoyon etuvchi muhim soft skills hisoblanadi. Ushbu ko‘nikmalarni izchil rivojlantirish o‘qituvchining talabalar va hamkasblar bilan samarali hamkorlik qilishiga, ta’lim muhitida o‘zaro ishonch va hurmatni qaror toptirishiga hamda pedagogik faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, o‘qituvchining muloqot madaniyati va tinglash qobiliyati uning kasbiy yetukligi, pedagogik mahorati va ijobiy imijini namoyon etuvchi muhim mezonlardan biridir.

 

Xusainova Firuza,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Huquq, jamiyat va madaniyat sho‘basi dotsenti