Bu fikrlar Oʻzbekiston Prezidentining 2026-yil aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori muqaddimasida qayd etilgan. Qaror bilan “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan gʻoyaviy-badiiy konsepsiya va dastur tasdiqlandi hamda shu negizda yurtimiz boʻylab eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Konstitutsiya va Oʻzbekistonning yagona xalqi

Istiqlol bayramining ushbu bosh gʻoyasi oʻz maʼno-mazmuniga koʻra 2023-yil 30-aprelda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning tub mohiyatiga batamom uygʻun.

“Yagona xalq” — oʻzbek xalqi, Oʻzbekiston xalqi. Istiqlol arafasidayoq ishlab chiqishga kirishilgan va 1992-yil 8-dekabrda mustaqil xalqimiz va suveren davlatimiz qabul qilgan Konstitutsiyamizda qayd etilganidek, “Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”.

Oʻz navbatida, 2023-yil 30-aprelda referendum oʻtkazish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz “Oʻzbekistonning yagona xalqi” degan yanada haqqoniy tushuncha bilan boyitildi. Taʼbir joiz boʻlsa, “yagona xalq” tushunchasining mazmun-mohiyatini Vatanimizda doimiy asosda yashab kelayotgan fuqarolar va barcha zamindosh insonlar tashkil etishiga oid real voqea Asosiy qonunimizning boshqa moddalarida izchil rivojlantirilgani har qanday tahsinga ­loyiq.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 23-moddasiga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi”.

Shunday gʻamxoʻrlikka bitta amaliy misol. Gap shundaki, mamlakatimizda paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha oʻz egasining tasarrufiga berildi. Natijada oʻqituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta “oʻlponi”dan ozod boʻldi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qoʻyildi.

Bugungi Oʻzbekiston — kechagi Oʻzbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi, yaʼni paxta dalasidan boshqa tashvishi boʻlmagan xalq emas. Bugun yangi Oʻzbekistonning davri, yagona Oʻzbekiston xalqining yangicha zamoni keldi.

Keyingi oʻn yilda yangi Oʻzbekistonni barpo etishda Prezidentimiz tashabbusi, yaʼni “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan insonparvar gʻoyaga tayanilmoqda. Bunday gʻoyaga demokratik yondashuv ham aynan xalqimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Mahalla — jamiyatning yuzi

Mamlakatimizdagi barcha oʻzgarishlar, avvalo, mahallada oʻz ifodasini topadi. Binobarin, Oʻzbekistonda shunday tizim yaratildiki, ilgari jiddiy deb hisoblangan koʻplab masalalarga yechim endi aynan mahallaning oʻzida topilyapti.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari ishonch bilan qayd etganidek, mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.

Joriy yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimi — barcha-barcha sohani rivojlantirishda tub burilish yili sifatida koʻzga tashlanmoqda. Bu hayotiy haqiqatning tasdigʻi uchun ayrim misollarni keltiramiz.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida ham ulkan ishlar qilinmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazilgan davrda mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 14 foiz edi. Bugun bu koʻrsatkich 5,8 foizga tushirildi. Vaholanki, mamlakatimizda yangi Oʻzbekiston islohotlari boshlangan davrda kambagʻallik darajasi qariyb 35 foizni tashkil etardi. Oʻtgan davrda 8,5 million ehtiyojmand fuqaroning daromadini oshirish hisobiga bugun ana shunday muhim natijaga erishildi.

Oʻzbekistonda aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi sezilarli darajada oshdi. Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil yakunlari boʻyicha bu koʻrsatkich 75,4 yoshni tashkil etgan. Istiqlolning ilk davri — 1991-yilda esa mamlakatda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 66,4 yosh boʻlgan. Demak, oʻtgan 35 yilda xalqimizning oʻrtacha umr koʻrish darajasi naq toʻqqiz yilga uzayibdi.

Yana bir muhim raqam: Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga qaraganda, 2026-yil 1-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 382 ming 685 kishini tashkil etgan. Joriy yil iyun oxirida eʼlon qilingan roʻyxatga olish natijalariga koʻra esa, yurtimiz aholisi 39 million nafardan oshgan. Yaʼni mamlakatimizda aholi soni 1989-yildagi roʻyxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobar ortgan. Bu raqam istiqlol yillarida xalqimiz nufusi ikki karra koʻpayganidan dalolat beradi.

Yangi Oʻzbekistonda turizm sohasi jadal rivojlanib, tarixiy rekordlarni yangilamoqda va yurtimizga bir oyning oʻzida 1 million sayyoh kelishi odatiy holga aylanmoqda. Mamlakatimizga kelgan xorijlik sayyohlar soni 2025-yilda qariyb 12 millionga yetgani va joriy yilning birinchi yarmida 6,5 milliondan ortiqni tashkil etgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda 35 yillik mustaqillik davrida qoʻlga kiritilgan eng asosiy yutuqlar, avvalo, milliy davlatchilik asoslarini qurish, iqtisodiy suverenitet, infratuzilma mustaqilligi va global dunyoga integratsiyalashuv bilan bogʻliqligi bejiz emas. Bunda, avvalo, davlatchilik va suverenitetni shakllantirish, rivojlantirish hamda mustahkamlash yoʻnalishlarida qator muhim tarixiy natijalarga erishildi.

Bu haqda fikr yuritganda, Oʻzbekiston mustaqillik yillarida turli sohalarda erishgan bemisl yutuqlarning aksariyati oxirgi oʻn yilga toʻgʻri kelishini alohida ­eʼtirof etish kerak. Yangi Oʻzbekistondagi eng asosiy yutuqlar iqtisodiy erkinlik, xalqaro ochiqlik, davlat xizmatlarining raqamlashishi va ijtimoiy sohadagi tub burilishlar bilan chambarchas bogʻliq.

Jahon siyosatining faol va tashabbuskor subyekti

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning oʻz huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega boʻldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada taʼminlandi.

Yanada muhimi, soʻnggi yillarda yangi Oʻzbekiston jahon siyosatining obyekti emas, balki tom maʼnoda faol va tashabbuskor subyektiga aylandi. Zero, XX asr boshidan yaqin davrlargacha Oʻzbekiston jahon siyosati obyekti boʻlgan va unga nisbatan goh “yaqin xorij”, goh “xomashyo bazasi”, goh esa “postsovet hududi” kabi bepisand “yorliq”lar qoʻllanib kelingani sir emas.

Keyingi oʻn yilda mamlakatimiz jahon siyosatida boshqalarning ortidan ergashadigan tashabbussiz obyekt holatidan dadil chiqib oldi. Eʼtiborli jihati, dunyoda keskin geosiyosiy oʻzgarishlar yuz berayotgan bugungi murakkab sharoitda yangi Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatga iqlimni muhofaza qilish, “yashil iqtisodiyot”ni joriy etish, fuqarosizlikka barham berish, inson huquqlarini taʼminlash kabi turli sohalarda yangi gʻoya hamda tashabbuslarni taqdim etayotgan jahon siyosatining faol aktoridir.

Eʼtibor bering: mamlakatimiz BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish boʻyicha ­tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi. Gap shundaki, 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yoʻgʻi 482 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan boʻlsa, 2017-yildan 2026-yilgacha 85 mingdan ortiq kishi Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻldi. Bu koʻrsatkich mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamini qamrab olish va inson qadr-qimmatini tom maʼnoda hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 15 ta rezolyutsiya qabul qilindi. Bu haqda soʻz borganda BMT Bosh Assambleyasi 2026-yil iyulda Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani qabul qilgan.

Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqasini ifodalovchi, BMTga aʼzo 61 davlat hammuallif boʻldi. Bu Oʻzbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.

Bu hujjat Oʻzbekistonning parlament roliga oid birinchi tashabbusi emas. Bundan avval, 2022-yil 14-dekabrda ham BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha ham qator tashabbuslarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo davlatlari bugun dolzarb boʻlgan mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi. Natijada xalqaro siyosiy lugʻatda mintaqaviy taraqqiyotni taʼminlashga ­xizmat qiluvchi oʻziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi”, “Yangi Markaziy Osiyo” atamalari shakllandi.

Yangi Oʻzbekiston global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoni sifatida oʻzini yaqqol namoyon etayotgani alohida tahsinga sazovor. BMTning teng huquqli va toʻlaqonli aʼzosi sifatida Oʻzbekiston tenglik, hamkorlik, koʻp tomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga soʻzsiz amal qilishini namoyish etmoqda.

Soʻnggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, yangi global qurolli toʻqnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi gʻoyalarni faol ilgari surmoqda. 

Inson qadri ulugʻ, huquqlari daxlsiz

Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan insonparvar gʻoya davlat siyosatining bosh mezoni sifatida qaror topdi. Endi har bir qonun, qaror va dastur, avvalo, inson manfaatiga xizmat qilishi, uning huquq va erkinliklarini taʼminlashi, munosib hayot sharoitini yaratishi lozim.

Oʻz navbatida, inson huquqlari zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini koʻrsatib turuvchi mezondir. Afsuski, dunyoda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy oʻzgarishlar va qurolli mojarolar inson huquqlari masalalariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yoʻq — qonun talablari va inson huquqlari — biz uchun oliy qadriyat”. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish bilan bogʻliq yangicha islohotlar sharoitida “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri — eng muhim qadriyat” degan tamoyil eʼtirof etilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlangani bejiz emas.

Bu — yangi Oʻzbekiston tarixida inson huquqlari boʻyicha ikkinchi Milliy strategiyadir.

“Inson huquqlari — 2030” strategiyasi loyihasi 12 bobdan iborat. Unda:

— Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarining joriy holat tavsifi;

— Strategiyaning maqsad va vazifalari;

— Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirishning asosiy prinsiplari;

— Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirish mexanizmlari boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;

— Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar;

— Strategiyani amalga oshirishni monitoring qilish va hisobot berish tartibi;

— Strategiyani amalga oshirishning moliyaviy va resurs taʼminoti;

— Strategiyani amalga oshirish samaradorligini baholash mexanizmi kabi masalalar oʻz ifodasini topgan.

Muhimi, “Inson huquqlari — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 4 ustuvor yoʻnalishdan iborat “natija” koʻrsatkichlari va “bevosita faoliyat natijasi” koʻrsatkichlarini qamrab olgan. Bu oʻrinda:

birinchidan, inson huquqlari sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish;

ikkinchidan, aholining ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish hamda inklyuziv va ijtimoiy adolatli jamiyatni shakllantirish;

uchinchidan, inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish va inson huquqlari sohasidagi taʼlim tizimini rivojlantirish;

toʻrtinchidan, Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro majburiyatlar ijrosini taʼminlashdan iborat ustuvor yoʻnalishlar haqida soʻz bormoqda.

Shunday qilib, “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi tasdiqlangach, unda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar ijrosining toʻliq hamda oʻz vaqtida taʼminlanishi, shubhasiz, yangi Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Uchinchi Renessans — strategik vazifamiz

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz, mintaqamiz, butun sayyoramiz miqyosida tinchlikni saqlash, oʻzaro ishonchni mustahkamlash, maʼnaviyat va maʼrifatni rivojlantirish, ekologiyani muhofaza qilish, shuningdek, ilgʻor innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”ni chuqur tatbiq etish orqali barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida tom maʼnoda bemisl samaralarga erishilmoqda. Ushbu natijalarning barchasi inson qadrini ulugʻlashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli.

Mamlakatimiz 2028-yilda ilk ilmiy sunʼiy yoʻldoshini fazoga uchirishni rejalashtirmoqda. Mazkur loyihaning Mirzo Ulugʻbek nomi bilan atalishi va u nafaqat kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, balki milliy-ilmiy maktabni shakllantirish va yosh mutaxassislarni tayyorlashga ham xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonimizning birinchi milliy kosmonavtini qisqa muddatli kosmik parvozga tayyorlash ishlari ham boshlanib ketdi.

Vatanimiz, xalqimiz, millatimiz namoyandalari yuksaklarga parvoz qilish haqida, fazo va koinot, yulduzlar va sayyoralar kashfi xususida anchadan buyon oʻylamay va intilmay, taʼbir joiz boʻlsa, orzu ham qilmay qoʻygandi, nazarimda. Bu oʻrinda, avvalo, shoh va olim bobomiz Mirzo Ulugʻbek hazratlari zamonasi nazarda tutilmoqda.

Istiqlolning 35 yilligi katta bayram qilinayotgan joriy yilda Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomlari ham keng nishonlangani zamirida oʻziga xos ramziy maʼno mujassam. Zero, ulugʻ alloma ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning “Vaqt pillapoyasi cheksizdir, bir-birining oʻrnini egallab boradigan avlodlar zinadan zinagacha koʻtariladilar, xolos. Jamlangan tajribani har bir avlod oʻzidan keyin kelayotgan, oʻzidan keyin uni taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga yetkazib beradi”, degan purhikmat fikrlari bor. Bu bebaho fikrlarni izchil rivojlantirish asnosida Birinchi va Ikkinchi Sharq Uygʻonish davri — ana shu ikki Renessans tom maʼnoda insoniyat taraqqiyotining oltin pillapoyalari sifatida tarix sahifalariga muhrlangan.

Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa boʻlgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-maʼrifat va kuchli eʼtiqod, diniy bagʻrikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan edi. Bu gʻoyalar Oʻzbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran maʼno-mazmun kasb etib bormoqda.

Mamlakatimizda Uchinchi Renessansni XX asrda maʼrifatparvar jadidlar amalga oshirishi mumkin edi. Bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan.

Shukrki, Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad etib belgilandi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz”.

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori,

akademik