Shu ma’noda O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyotini sud-huquq tizimining shakllanishi va takomillashuvisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq milliy huquq tizimini yaratish, Konstitutsiyaviy davlatchilik asoslarini shakllantirish va sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, amaldagi Konstitutsiyada inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan. Konstitutsiyada odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, sud hokimiyati esa qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda faoliyat yuritishi belgilangan.
Mustaqillikning dastlabki davrida sud-huquq islohotlarining markaziga inson huquqlarini amalda ta’minlash masalasi qo‘yilib, sud tizimining ochiqligi va shaffofligi ham alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan, XXI asr sud-huquq tizimi oldiga yangi talablarni belgilab, raqamli texnologiyalar, elektron hujjat aylanishi, masofadan sud majlislarida ishtirok etish, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar bilan ishlash imkoniyatlari odil sudlovning tashkiliy modelini ham o‘zgartirmoqda. Ayni chog‘da, mamlakatimizda sud hujjatlari ijrosini raqamlashtirish, ijro jarayonlarida inson omilini kamaytirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston mustaqillik yillarida milliy huquq tizimini shakllantirishdan zamonaviy, insonparvar va raqamli huquqiy davlat modelini rivojlantirish sari murakkab, ammo izchil yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda O‘zbekiston sud-huquq tizimi taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. 2026-yil 14-avgustda Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasining mantiqiy davomi sifatida yangi bosqichning strategik-huquqiy asosidir. “Odil sudlov – 2030” strategiyasining eng muhim jihati shundaki, u sud tizimini faqat tashkiliy jihatdan takomillashtirish bilan cheklanmay, uning markazida ham inson qadri, inson huquq va erkinligini sud orqali ishonchli himoya qilish g‘oyasi joy olgan. “Odil sudlov – 2030” doirasida tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, xususan, tergov sudyalariga shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshirish vakolatlarini berish nazarda tutilgan. Bu mexanizmning mohiyati shundan iboratki, shaxsning huquqlarini cheklash bilan bog‘liq muhim protsessual qarorlar ustidan sud nazorati kuchayadi.
Strategiya avvalo, sud tizimini rivojlantirishning “xalqchil sud”; “adolat qo‘rg‘oni”; “kafolatlangan adolat”; “adolat posbonlari”; “raqamli odil sudlov”; “xalqaro e’tirof” g‘oyalari asosida sud faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va fuqarolar uchun qulayligini ta’minlash, adolatga erishishning sodda, qulay va tushunarli bo‘lishi, inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday ta’sir va aralashuvlardan xoli mustaqil sud tizimini mustahkamlash, qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini ta’minlash hamda fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirish kabi ustuvor vazifalarni belgilaydi. Zero, sudning vazifasi ishni shunchaki tugatish emas, balki huquqiy nizoga adolatli nuqta qo‘yishdir.
“Raqamli odil sudlov”ning maqsadi sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarsiz qulay hamda tezkor sud muhokamasini yaratishdan iborat bo‘lib, raqamlashtirish natijasida:
- sudga elektron murojaat qilish;
- elektron hujjat almashinuvi;
- masofaviy sud majlislaridan foydalanish;
- ishlarning raqamli monitoringi;
- sud ma’lumotlaridan foydalanish;
- sud hujjatlari ijrosini avtomatlashtirish kabi imkoniyatlar kengayadi.
Biroq bu jarayonda muhim ilmiy-huquqiy prinsip mavjud, ya’ni texnologiya adolatning o‘zi emas; u adolatga xizmat qiluvchi vositadir. Shuning uchun sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish inson huquqlarini cheklashga emas, aksincha, ularni himoya qilishga xizmat qilishi lozim.
Zamonaviy huquqiy davlat milliy chegaralar doirasidagi qonunlar bilangina cheklanib qolmay, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari ham sud amaliyotining muhim manbalaridan biridir. Xalqaro e’tirof orqali inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, mustaqillik huquqiy davlatchilikning poydevori, Konstitutsiya inson huquqlarining oliy kafolati, odil sudlov ushbu kafolatlarning amaliy mexanizmidir.
M.Kadirova,
TDYU Jinoyat-protsessual huquqi sho’basi
professori v.b., yu.f.d.
X.Mamatkulova,
TDYU Jinoyat-protsessual huquqi sho’basi
katta o‘qituvchisi