Aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qoʻmitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida Namangan shahridagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, 1996-yilda tugʻilgan fuqaro tomonidan keyinchalik sotish maqsadida sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlab kelinayotgan dori vositalari borligi aniqlangan.
Xususan, tegishli hujjatlari boʻlmagan hamda sifati kafolatlanmagan 56 turdagi jami 13 184 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan. Ular orasida “Sefotaksim”, “Bifidumbakterin”, “Atropin”, “Tidomet forte” va boshqa preparatlar bor.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu “yashirin ombor”da saqlangan dori vositalari qoʻshni respublika hududidan aylanma yoʻllar orqali olib kirilgan.
Baholash xulosasiga koʻra, musodara qilingan dori vositalarining umumiy qiymati 577 mln 381 ming soʻmni tashkil etgan.
Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.