Suhbat avvalida vazir davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum, Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Shayx Holid Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston – BAA strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.
Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qoʻshma korxonalar soni ortib bormoqda. Beshinchi Toshkent investitsiya forumi doirasida BAA kompaniyalari bilan qator yangi kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.
“Yashil” energetika, yoqilgʻi ishlab chiqarish, transport, logistika, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish va boshqa yoʻnalishlardagi yirik loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.