Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi mazkur ma’lumotlarga izoh berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda poytaxtda va mamlakatning boshqa hududlarida qizamiq bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror. Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan raqamlar 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida qayd etilgan jamlanma ko‘rsatkichlar bo‘lib, ularni qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki ayni kundagi holat sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas.
Ta’kidlanishicha, qizamiq bilan kasallanish ko‘rsatkichi 2025 yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida Toshkent shahrida rejali emlash doirasida bir yoshli 47 ming 494 nafar va olti yoshli 42 ming 767 nafar bola qizamiq, epidemik parotit va qizilchaga qarshi KKQ vaksinasi bilan emlangan.
Qo‘mita aholini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarni to‘g‘ri talqin qilishga va tasdiqlanmagan xabarlardan xavotirga tushmaslikka chaqirdi.