Tadbir 14 oktyabr — Butunjahon standartlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston standartlar instituti tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Ko‘rgazmaga poytaxtdagi «INNO» innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparki mezbonlik qildi. Unda AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Niderlandiya, Shveytsariya va boshqa davlatlardan kelgan ekspertlar, mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari xodimlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Joriy yilgi Butunjahon standartlar kuni «Yaxshiroq dunyo uchun umumiy qarash: BRM 7 — Hamyonbop va toza energiya» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Ko‘rgazmada standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalariga oid innovatsion loyihalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy o‘lchash vositalari, ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari hamda raqamli yechimlar namoyish etildi.

Shuningdek, milliy va xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish, mahsulotlar sifatini oshirish, ularning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlash va eksport salohiyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlari standartlashtirish tizimlari va ularning amaliyotda qo‘llanilishi, metrologiya sohasidagi yangi asbob-uskunalar va o‘lchash texnologiyalari, muvofiqlikni baholash va sertifikatlash tizimlari, ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini sertifikatlash, shuningdek, ishlab chiqarishni raqamli transformatsiya qilish va unga oid standartlarni qamrab oldi.

Tadbir davomida barqaror rivojlanish va farovon kelajakni ta’minlashda standartlarning ahamiyati yuzasidan ham fikr almashildi.

Tantanali marosimda soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan mutaxassislar e’tirof etildi. «Eng yaxshi standartlashtiruvchi» milliy mukofoti sovrindorlari hamda «Sifat sohasida» milliy tanlovi laureatlari taqdirlandi.