Aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning sifati hamda samaradorligini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorat tizimini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish;
(b) tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish, moliyaviy barqarorlikni kuchaytirish va aholi salomatligi ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
(v) sog‘liqni saqlash tizimini strategik rejalashtirish, ko‘p tarmoqli tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va yagona boshqaruv mexanizmlarini joriy etish orqali aholi uchun sifatli va ommabop tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish.
II. Sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish
2. Quyidagilar:
(a) Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari 2-ilovaga muvofiq;
(v) Sog‘liqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Sog‘liqni saqlash vaziriga tibbiyot sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha huquq va vakolatlar berilsin:
(a) sohadagi ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirishni samarali tashkil etish maqsadida vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari, shu jumladan, Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan loyiha ofislarini tashkil etish, ularning vazifalari va tuzilmasini belgilash;
(b) sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bilan bog‘liq tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish;
(v) mahalliy va xorijiy mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida jalb qilish, shuningdek, konsalting, ekspertlik, tahliliy hamda tibbiyot menejmenti va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish xizmatlarini “taklif so‘rovi” xarid qilish tartib-taomili asosida xarid qilish hamda ularga bozor kon’yunkturasini hisobga olgan holda milliy yoki chet el valyutasida, shu jumladan, mablag‘larni ularning xorijdagi hisobvaraqlariga o‘tkazish orqali haq to‘lash;
(g) sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, axborot tizimlarini joriy etish va yagona raqamli ekotizimni shakllantirish bo‘yicha talablar, standartlar va texnik reglamentlarni belgilash;
(d) vazirlikka yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda ayrim funksiyalar va xizmatlarni, shu jumladan, xodimlarning lavozim yo‘riqnomasida belgilangan vazifalarni shartnoma asosida va autsorsing xizmatidan foydalanib amalga oshirish.
4. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilar tashkil etilsin:
(a) sog‘liqni saqlash sohasida davlat siyosatining samaradorligini baholash, aholi salomatligi ko‘rsatkichlarini tahlil qilish va prognozlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda strategik qarorlar qabul qilish uchun tahliliy ma’lumotlar tayyorlash maqsadida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi;
(b) tibbiy xizmatlar sifati, bemorlar xavfsizligi, klinik protokol va standartlarga rioya etilishini baholash, tibbiyot muassasalari faoliyatini tahlil qilish hamda klinik nazorat tizimini joriy etish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
(v) sog‘liqni saqlash sohasidagi yangiliklar, tibbiy xizmatlar va davlat siyosatini jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazish, shuningdek, jamoatchilik fikr-mulohazalarini tizimli ravishda yig‘ish hamda tahlil qilish va axborot siyosatini samarali tashkil qilish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklida Kontent mediamarkazi.
5. Belgilansinki, Kontent mediamarkazi faoliyati hududiy va respublika darajasidagi tibbiyot muassasalari tomonidan pulli asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun tushumlar miqdorining bir foizi miqdorida qo‘shimcha ajratiladigan ajratmalar, Sog‘liqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, xo‘jalik faoliyatidan tushadigan tushumlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Sog‘liqni saqlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari soni quyidagicha belgilansin:
(a) Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati – 298 ta (shu jumladan, 1 ta vazirning birinchi o‘rinbosari va 5 ta vazir o‘rinbosari);
(b) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi – 68 ta;
(v) Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi – 42 ta;
(g) Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari – 128 ta;
(d) Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi – 30 ta;
(j) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari jami – 602 ta, tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari – 18 tadan.
Bunda soha uchun qo‘shimcha ajratiladigan shtat birliklari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlardan 880 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantirilsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqaruv xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi. Bunda:
(a) vazirlikning markaziy apparati xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining markaziy apparati xodimlari;
(b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari xodimlari;
(v) tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari;
(g) Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari xodimlari;
(d) Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi xodimlariga Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash razryadlari va ish haqi miqdorlari qo‘llanadi.
8. Belgilansinki:
(a) Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni, shu jumladan, tibbiy yordamni tashkil etish bilan bog‘liq xizmatlarni nazorat qiluvchi vakolatli organ hisoblanadi;
(b) Klinik audit inspeksiyasi boshlig‘i sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
9. “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi davlat muassasasining faoliyati tugatilsin. Bunda Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur loyiha ofisiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishga oid huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
10. Sog‘liqni saqlash vazirligi autsorsing asosida quyidagilar faoliyatini yo‘lga qo‘ysin:
(a) aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirishni ta’minlash maqsadida “Call-markaz”;
(b) aholi va tibbiyot xodimlari bilan tizimli muloqotni ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi (Feedback).
11. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab tibbiyot assotsiatsiyalariga quyidagi vakolatlar berilsin:
(a) tibbiy yordam ko‘rsatishni standartlashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, ularni muhokama qilishda ishtirok etish va qayta ko‘rib chiqish;
(b) Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining taklifiga ko‘ra statsionar tibbiyot tashkilotlarining tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini baholashda ishtirok etish;
(v) tibbiyot xodimlarining malakasini baholash, sertifikatlash hamda qayta tayyorlash jarayonlarida mustaqil professional ekspert sifatida ishtirok etish;
(g) tibbiy xizmatlar sifati bo‘yicha mustaqil audit o‘tkazish, jamoatchilik va bemorlar qoniqish darajasini o‘rganishni tashkil etish;
(d) sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni kiritish va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish.
12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2027-yildan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi statsionar xizmat ko‘rsatuvchi respublika va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalariga rahbarlar quyidagi shartlar asosida lavozimga tayinlanadi:
(a) mehnat shartnomasi 5 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi;
(b) lavozimga tayinlangandan so‘ng:
(i) olti oy muddatda tibbiyot muassasasini rivojlantirish dasturini (biznes-reja) ishlab chiqadi va Sog‘liqni saqlash vazirligida himoya qiladi;
(ii) bir yil muddatda tibbiyot menejmenti va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha malaka oshirishi talab etiladi;
(v) tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi (alohida hollarda sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan ilmiy-amaliy maqsadlar uchun tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi mumkin);
(g) faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) (tibbiy xizmat sifati, moliyaviy intizom, boshqaruv samaradorligi, raqamlashtirish, kadrlar siyosati va boshqa ko‘rsatkichlar) asosida baholanadi hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilmagan taqdirda mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinadi.
13. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladigan barcha tibbiyot muassasalarining shtat me’yorlari ajratilgan mablag‘lar doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi va ular uchun tasdiqlangan shtat me’yorlari tavsiyaviy hisoblanadi;
(b) Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladigan barcha tibbiyot muassasalari uchun ajratilgan mablag‘larning yil yakuni bo‘yicha qoldig‘i olib qo‘yilmaydi hamda keyingi moliya yili uchun muassasaning biznes-rejasini tuzishda inobatga olinadi.
III. Sohani raqamlashtirish
14. Hisob palatasi vazirlik va idoralarning mustaqil ekspertlaridan iborat ishchi guruh tashkil qilgan holda uch oy muddatda sog‘liqni saqlash tizimidagi raqamlashtirish jarayonlarining samaradorligini baholash, amalga oshirilgan ishlar, moliyalashtirilgan loyihalar va ularning natijalarini kompleks auditdan o‘tkazsin. Bunda:
(a) “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – “UZINFOCOM” MCHJ tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida ishlab chiqilgan axborot tizimlari va joriy loyihalarning samaradorligi va shartnomalar audit predmeti hisoblanadi;
(b) audit yakunlari bo‘yicha samarali deb topilgan loyihalar davom ettiriladi, samarasiz deb topilgan loyihalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.
15. 2026-yil yakuniga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
(a) audit yakunlari bo‘yicha istiqbolli axborot tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
(b) sog‘liqni saqlash tizimida joriy etiladigan barcha axborot tizimlari, platformalar va raqamli yechimlar uchun yagona arxitektura, integratsiya standartlari, ma’lumotlar almashinuvi protokollari hamda axborot xavfsizligi talablarini tasdiqlasin;
(v) davlat tibbiyot muassasalarida axborot tizimlarini bosqichma-bosqich to‘liq joriy etish, ularning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash va yagona ma’lumotlar almashinuvini shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin;
(g) axborot tizimlaridan amaliy foydalanish darajasi, tibbiy xizmatlar sifati va boshqaruv samaradorligiga ta’siri bo‘yicha monitoring hamda baholash mexanizmlarini joriy etsin;
(d) tibbiyot xodimlarini axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha uzluksiz o‘qitish va malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratiladigan ajratmalarni avtomatik ravishda o‘tkazish imkoniyatini yaratsin.
17. Boshqaruv samaradorligi agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
(a) uch oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlarining malakasini egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholash tartibini tasdiqlasin;
(b) 2026-yil yakuniga qadar:
(i) Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining malakasini egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholasin;
(ii) baholash natijalariga ko‘ra hamda mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq xodimlarning lavozimga muvofiqligini ta’minlash, shu jumladan, ularni lavozimda qoldirish, rotatsiya qilish, qayta tayyorlash yoki mehnat shartnomalarini belgilangan tartibda bekor qilish choralarini ko‘rsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
19. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmon talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
20. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilish, muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev