Inson umr sahifalarini varaqlar ekan, shubhasiz, oʻziga “Men bu dunyoga nima uchun keldim?”, “Nimalar qildimu, nimalar qila olmadim?”, “Ortimda kimlar, nimalar qolyapti?” degan savollarni berishi tabiiy. Zero, sogʻlom fikrli, insofli, oqil odam haqni botildan, toʻgʻrini yanglishdan, foydani zarardan ajratishi zarur. Keyingi dunyosining ham goʻzal boʻlmogʻi uchun vaqt deb atalmish fursatdan juda unumli foydalanmogʻi lozim.

Shu fikrlar xayolimdan oʻtyaptiyu, Alloh menga umrim davomida hamnafas, hamroh qilgan insonlarni oʻylayapman, ular haqidagi shirin xotiralarim esga tushmoqda. Ha, yaratgan Egam menga har doim aqlli, bilimli, suyukli insonlarni roʻbaroʻ qildi. Ular juda koʻp. Ana shundaylardan biri mehribon va sadoqatli inson Aziz aka Toʻrayevdir.

Aziz aka bilan tanishuvim 1988-yilning oktyabr oyida, paxta mavsumi avj olgan kunlarning birida boʻlgan. Oʻshanda domla endigina institutga rektor lavozimiga muqobillik asosida saylangan boʻlib, yangi ish faoliyatining birinchi kunlarini oʻsha davrning mafkuraviy “quroli”ga aylangan paxta yigʻim-terimi bilan boshlagan edi.

Domla institutda 24 yil davomida muttasil ishladi. Uning ish faoliyatini bir necha yoʻnalishlarga boʻlish mumkin. Avvalo, domla katta hayot tajribasiga ega, kadrlar bilan ishlashning eng nozik jihatlarigacha bilgan, mavjud holatdan toʻgʻri, bexato xulosa chiqara oladigan rahbar. Buni uning uzoq yillar davomida mamlakatimizning koʻplab hududlarida turli lavozimlarda halol-pok, millat manfaatini oʻylagan holda qilgan ishlariyu, unga guvoh kishilar tasdiqlashi mumkin.

Ish faoliyatini uzoq choʻl hududlarda boshlagan Aziz aka qaysi lavozimda mehnat qilmasin, yaxshi odamlar orasida boʻldi, ulardan oʻrgandi. Qariyb chorak asrlik umrini Toshkent davlat madaniyat instituti rivoji yoʻliga sarfladi. Domla menga Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi sovxozlardan birida oʻsha davr­da rahbar boʻlgan, Oʻzbekiston tarixida oʻziga xos oʻrin egallagan Usmon Yusupov oʻzining shaxs, rahbar ­sifatida ­shakllanishida qanday rol oʻynagani haqida koʻp marotaba gapirib bergan.

Institutda ishlash davomida domla bir necha tamoyillarga qatʼiy amal qilgan. Ayniqsa, adolat, haqiqat, insof Aziz aka hayotidagi eng ustuvor tamoyillar hisoblanadi.

 Dastlabki kunlardanoq domla oʻsha paytlarda institutda muayyan darajada mavjud boʻlgan adolatsizliklarning payini qirqishga harakat qildi. Adolat tamoyili asosidagi ishlarni esa birovlarga ozor berish, kimlarnidir norozi qilish evaziga emas, aksincha, ezgulik, kishilarga mehr koʻrsatish kabi oʻzbekona urf-odatlarimizga amal qilgan holda bajardi.

Aziz akaning institutga uzoq yillar davomida rahbarlik qilishi va shuncha davr mobaynida professor-oʻqituvchilar hurmatiga sazovor boʻlishi sababi nimada deb soʻralsa, men bu savolga buyuk ajdodimiz Mahmud az-Zamaxshariyning quyidagi soʻzlari bilan javob bergan boʻlardim: “Ezgulik, xayrli ishlarga astoydil kirish, ularni paysalga solma, keyin qilarman degan oʻylardan voz kech, shayton yoʻldan uradigan shoshma-shosharlik bilan emas, tafakkur va idrok bilan ish tut”.

Darhaqiqat, domla ishni institutda ijtimoiy adolat oʻrnatishdan boshladi. Men oʻsha davrlarni yaxshi eslayman. Institutda turli amallarga daʼvogar, soxta liderlikni oʻz qoʻllariga olishga intilgan guruhlar bor edi. Shubhasiz, taʼlim muassasasida adolat chirogʻini yoqishni oʻz oldiga maqsad qilib kelgan ustozning bu harakatlari oʻsha guruhlar aʼzolariga maʼqul boʻlmagan. Qisqa vaqt ichida Aziz akaning fenomeni koʻrindi. Turli guruh aʼzolari oʻzlari bilmagan holda domlaning saʼy-harakatlariga qoʻshildi, qoʻllab-quvvatladi. Buning sababi esa, shubhasiz, domlaning kadr masalasida uzoq yillar davomida toʻplagan tajribasi, bu boradagi bilimini muttasil oshirib borgani edi.

1994-yil yanvar oyida Aziz aka tashab­busi bilan men institutning tarbiyaviy va ilmiy ishlar boʻyicha prorektori lavozimiga tayinlandim. Ustoz fenomeni bilan bevosita tanishuvim aynan shu kunlardan boshlab yanada kuchaydi. Oʻsha payt­larda institutda 5 mingga yaqin talaba tahsil olar, ularga 400 dan ziyod professor-oʻqituvchi dars berar edi.

Albatta, bunday katta jamoani bosh­qarishning oʻzi boʻlmaydi. Qolaversa, institut professor-oʻqituvchilarining aksariyati madaniyat va sanʼat xodimlari boʻlgani bois, ularning koʻngliga yoʻl topish, baʼzan haddan ortiq “qaysar” xodimlarni yagona maqsad yoʻlida birlashtirishning oʻzi ulkan rahbarlik mahoratini talab qilardi. Domla buning uddasidan  mohirona chiqdi.

Aziz aka menga ustozlaridan, xususan, Oʻzbekistonning oʻsha paytdagi birinchi rahbari Sharof Rashidovdan olgan oʻgitlari haqida koʻp soʻzlab bergan. Ustoz ­Guliston shahri partiya tashkiloti birinchi kotibi lavozimida ishlayotgan payt­da respublikaning birinchi rahbari uni huzuriga chorlab, Oʻzkompartiya Markaziy Qoʻmitasining madaniyat boʻlimini bosh­qarishni taklif etadi.

Domla esa madaniyat va sanʼat xodimi emasligi, taklif etilayotgan soha oʻta murakkabligi, uni boshqarishda qiynalib qolishi mumkinligini aytadi. Rahbar esa madaniyat va sanʼat sohasi haqiqatan juda ogʻir jabha ekani, har bir shoir, yozuvchi, teatr aktyori, musiqa arbobi, xullas, barcha ziyolilarning boshini bir joyga jamlash rahbardan katta masʼuliyat talab qilishini taʼkidlaydi. Ayni paytda Aziz akaga “Sizning madaniyat boʻlimi boshligʻi sifatidagi vazifangiz barcha ijodkorlarning soʻziga quloq tutish, ularning dardini eshitish, ijodi uchun zarur shart-sharoit yaratib berish hamda ularning peshonasini silab turishdan iborat”, deydi.

Domla xizmat lavozimini bajarish jarayonida yuzlab madaniyat va sanʼat vakillari, xalqimizning sevimli ijodkorlari bilan uchrashishiga, suhbatlashishiga toʻgʻri kelgan. Ularning deyarli barchasi Aziz aka oʻz davrida haqiqatan ijodkorlarining maʼnaviy homiysi boʻlganini tan olgan.

Ana shu fazilatlari tufayli domla uzoq vaqt institutdagi rahbarligi davrida oʻziga yuklangan murakkab ishni aʼlo darajada ado etdi. Natijada ham institut jamoasi, ham rahbariyat hurmatiga sazovor boʻldi.

Shu oʻrinda ustozning yana bir sifati haqida alohida toʻxtalishni istardim. Domla har doim kadrlar zaxirasini toʻldirib borishga, yosh xodimlarni, ularning bilim saviyasi, tashkilotchilik qobiliyatlarini oʻrganishga eʼtibor qaratgan. Shu tufayli institutda kadr masalasida deyarli muammo boʻlmas, aksincha, respub­likaning koʻplab madaniyat va sanʼat muas­sasalariga bizning taʼlim dargohimiz yuksak salohiyatli mutaxassis, rahbarlar tayyorlab berar edi.

Aziz aka fenomenining navbatdagi jihatini men uning madaniyat va sanʼat jabhasini ilmiy jihatdan tadqiq etish, umuman, ilmiy tadqiqot sohasini rivojlantirishga qaratilgan eʼtiborida koʻraman. Domla rahbarlik qilgan davrda birinchi marotaba madaniy-maʼrifiy ishlar nazariyasi va uslubi, kutubxonashunoslik va bibliografiyashunoslik ixtisosliklari boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengash ochildi, qator yosh olimlar yetishib chiqdi. Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda yoshlarning ishtiroki masalalarini chuqur tahlil qilgan ustoz soʻnggi yillarda madaniyat va sanʼat tarixi va nazariyasini har tomonlama oʻrganishga kirishdi, bu jarayonga yosh tadqiqotchilarni kengroq jalb eta boshladi.

Oʻsha paytlarda domla respublikada birinchilardan boʻlib oliy taʼlim muassasalarining xalqaro hamkorligini yoʻlga qoʻyishga harakat qildi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining Qozon davlat madaniyat va sanʼat universiteti hamda Chelyabinsk madaniyat va sanʼat akademiyasi bilan bizning institut oʻrtasida tuzilgan oʻzaro hamkorlik juda samarali boʻldi. Hamkorlikda oʻnlab ilmiy tadqiqot ishlari bajarildi, kitoblar nashr etildi, talabalar ayirboshlovi yoʻlga qoʻyildi. Mazkur hamkorlik bugungi kunda ham davom etib kelyapti.

Shu oʻrinda yana bir voqea yodimga tushdi. Oʻsha yillari davlatlar oʻrtasidagi kelishuvga binoan Iordaniyaning 2 fuqarosi institutimiz aspiranturasiga oʻqishga qabul qilingan edi. Biroq ayrim subyektiv sabablarga koʻra, oʻsha aspirantlarga dissertatsiya ishlarini oʻz vaqtida yakunlash va himoya qilish imkoniyati cheklanadi.

1995-yilning yoz oylari edi, domla yetuk olimlar Ergash Yoʻldoshev, Karimjon Rasulov va meni chaqirib, masalani oʻz vaqtida hal etish lozimligini, bu narsa har ikki davlat manfaatlariga mos kelishini aytdi. Koʻrilgan choralar tufayli xorijlik aspirantlar oʻz vaqtida nomzodlik dissertatsiyalarini yoqlab, diplomlarini olib, oʻz yurtlariga ketdi.

 Aziz aka fenomenining oʻziga xos jihatlaridan yana biri institutda xodimlar qoʻnimiga eʼtibor berishida edi. Gap shundaki, bugun ayrimlar jamoani yoshartirish bahonasida koʻplab yetuk, mahoratli, tajribali mutaxassislarni “koʻchaga chiqarib” qoʻymoqda. Bu borada domlaning oʻziga xos formulasi bor edi.

 Ustoz yoshlarga diqqat qaratgan holda jamoaning asosiy yukini koʻtaradigan oʻrta avlod va yoshlarni tarbiyalashda bosh boʻladigan keksa avlodni ham hech qachon esdan chiqarmaslik lozimligini taʼkidlardi.

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirishda shaxsiy oʻrnakning oʻrni katta. Shuning uchun domla respublikaning koʻzga koʻringan olim va mutaxassislarini ins­titut oʻquv jarayoniga hech ikkilanmasdan taklif etar, tajribasidan bajonidil foydalanardi. Oʻzbekiston xalq artistlari Xayrulla Lutfullayev, Olmaxon Hayitova kabi ustoz sanʼatkorlarni shaxsan domlaning oʻzi institutga taklif etgan. Pirovard natijada ular mahoratli pedagog darajasiga erishdi, professorlik ilmiy unvonlariga ega boʻldi.

Ustozning tom maʼnodagi faoliyati mus­taqillik yillarida yanada samarali kechdi. 2017-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi, shuningdek, 2002-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”, 2023-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvonlariga  sazovor boʻldi. Aziz aka bugungi kunda “Mehr va muruvvat” jamoat fondi rahbari sifatida samarali mehnat qilmoqda.

Aziz Toʻrayev bugun oʻzining muborak 90 yillik toʻyini nishonlamoqda. Ustozning baxti shundaki, u hamisha oʻz ishiga fidoyi boʻldi, halol-pok yashadi. Inson uchun bundan ulugʻroq baxt boʻlmasa kerak.

 Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor