Ular tunlarda yulduzlarga, kunduzlari maxsus yoʻl belgilari sifatida terilgan toshlarga qarab yoʻlni belgilagan. XX asrning poyezdlari bu masofada oqshom yoʻlga chiqib, tuni bilan yoʻl bosib, manzilga ertalab yetib kelgan. U poyezdlarda yurganlar biladi: yoʻlovchi vagonlari tor, badboʻy, oʻrinlar kir-chir boʻlardi. XXI asrning “Afrosiyob”i esa shamoldek yelib boradi, atrofni koʻrib ulgurmaysiz. Bu — yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti surʼati va shiddatining timsoli.
Oʻzbekiston
Yozuvchilar uyushmasining yoʻllanmasi bilan Yozuvchilar uyushmasi raisi
oʻrinbosari, taniqli shoir Gʻayrat Majid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan
madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, filologiya
fanlari doktori, professor Nurboy Jabbor va kaminadan iborat ijodiy guruh ulugʻ
shoir nomi bilan atalgan viloyatga Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi
oldidan boʻladigan tadbir va marosimlarda ishtirok etish uchun yoʻl olganmiz.
Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35
yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish
toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, madaniy-maʼrifiy anjumanlar, adabiy
uchrashuvlar, tantanalar “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va
kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanmoqda.
Viloyat,
ayniqsa, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan mashhur. Bugun korxona
faoliyatiga innovatsiyalar va ilmiy-amaliy yondashuvlar izchil joriy etilmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi quvvatlar uchun zarur uskuna va
jihozlar kombinatning oʻzida ishlab chiqarilmoqda. Dastgohsozlik, quymakorlik,
mashinasozlik uchun uskuna va dastgohlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan
Navoiy mashinasozlik zavodida import oʻrnini bosadigan mahsulotlar
tayyorlanmoqda.
Navoiyning
yana bir oʻziga xos jihati tabiat moʻjizasi boʻlgan Qizilqumning katta qismi
shu viloyat hududiga toʻgʻri keladi. Qizilqum — choʻl. Katta choʻl. Kattaligi
shunchalikki, bir odam u chetidan bu chetigacha yayov bosib oʻtolmaydi.
Mehnatkash va zahmatkash ajdodlarimiz bu choʻlda asrlar davomida umrguzaronlik
qilgan. Tuya, qoʻy, yilqi boqqan. Ayron, qimiz, shubat ichib, doʻmbira chertib,
oʻz hayoti toʻgʻrisida dostonlar yaratgan. Bu dostonlarni tinglaganda,
uzoq-yaqin ajdodlarimizning orzu-armonlari, quvonch-tashvishlari, muhabbat va
nafrati qalb koʻzingiz oldidan tizilib oʻtadi, quloqqa olis-olisdan otlar
dupuri, tuyalarning boʻkirishi eshitiladi.
Ijodiy
safarimiz kombinatning 7-gidrometallurgiya zavodi ishchi-xizmatchilari huzurida
madaniy-maʼrifiy uchrashuv bilan boshlandi. Avvalo, zavod hayoti, ishlab
chiqarish quvvatlari, xodimlar uchun yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar
bilan yaqindan tanishdik. Uzoq-uzoqlardagi oliy oʻquv yurtlari emas, aynan
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti ushbu zavod uchun
malakali muhandis kadrlarni yetkazib berayotgani, ishlab chiqarishdagi barcha
murakkab texnologik jarayonlarni asosan ana shu dorilfununda taʼlim va tahsil
olgan bilimdon, zukko, ixtirochi yosh mutaxassislar bajarayotgani bizni
quvontirdi.
Navoiy
kon-metallurgiya kombinati oʻn minglab ishchi-xizmatchisi, mutaxassis va
muhandislari, texnika — mashinalari, minglab gektar maydon-yerlari bilan
bundayroq — ixchamroq bir mamlakatga teng hududida qishda suyakni qaqshatadigan
sovugʻi, yozda ilikni qaynatadigan issigʻi
bilan
— butun bor-yoʻq narsa-qorasi bilan yagona vujud boʻlib, bitta tana boʻlib
nafas oladi, oʻn minglab yurak bir orzu, bir maqsad bilan — bitta yurak boʻlib
tepadi, bitta yurak boʻlib yashaydi. Behad ulkan korxonaning narigi chetidagi
ish jarayoni bilan bogʻliq bir oddiy harakat uning bu chetidagi birgina mehnat
hodisasi bilan uygʻun keladi. Eng chekka kondagi eng chet ekskavator kovshiga
olgan tillaqumni poʻlat relslarda maxsus vagonlar, vagonlarni bahaybat elaklar,
elaklarni bahaybat tegirmonlar, tegirmonlarni bahaybat pechlar, pechlarni
bahaybat qoliplar kutib turadi. “Qilt” etgan bir harakat, bu hududda hatto
betashvish kapalakning qanot qoqishi ham ulkan hajm va miqyosdagi ishlab
chiqarish tashvishlariga mos va muvofiq keladi. Bu hududda kechadigan barcha
kimyoviy, fizik, tabiiy hodisalar, jarayonlar bir-birini taqozo etadi,
biri-biridan kelib chiqadi yoki birinchisi boʻlmasa, keyingisi ham boʻlmaydi.
Navoiy
kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Quvondiq
Sanaqulov korxonaning eng muhim xususiyati haqida bunday deydi: “Biz ayrim
oʻlkalardagi hamkasblarimizga oʻxshab, zamon evrilishlaridan kelib chiqib, bir
qism xodimlarni qisqartirish evaziga boshqa toifadagi xodimlarning maoshini
koʻtarmadik. Bizning odamlarimiz uchun oylikdan ham muhim narsa bor, bu — inson
qadri. Inson qadr topgan joydagina ratsionalizatorlik kashfiyotlari, ixtirolar
boʻladi. Shu mezonga ogʻishmay amal qilinsa, mehnat unumi va samarasi ham
yuqori boʻladi”.
Darvoqe,
7-gidrometallurgiya zavodi ishchi-xodimlari huzurida shoirlar Gʻayrat Majid,
Rustam Musurmon mustaqilligimizning 35 yilligiga bagʻishlab yozilgan yangi —
siyohi qurimagan sheʼrlaridan oʻqidi. Adabiyotshunos olim Nurboy Jabbor
mutafakkir shoir Alisher Navoiy ijodining teran miqyosi hamda bugun uchun
ahamiyati xususida fikr yuritdi. Uchrashuv chogʻida mamlakatimizdagi
islohotlar, yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, davlat
mustaqilligining tarixiy ahamiyati, milliy adabiyotimizning inson maʼnaviyatini
yuksaltirishdagi oʻrni, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va yosh avlodni
vatanparvarlik ruhida tarbiyalash singari dolzarb va muhim mavzularda aylangan
suhbat qizigandan-qizidi. Tashqarida havo harorati — 40o, sovitkich —
konditsioner salqinidagi suhbat harorati undan ham yuqori...
Konchilik
ishini miridan-sirigacha egallagan malakali va tajribali mutaxassis-muhandislar
olamga maʼlum va mashhur Muruntov konida bizga ish jarayoni — konda togʻ jinslarini
qazish va tashish, zamonaviy konchilik texnikalarining bir maromda ishlashini
tashkil etish bilan bogʻliq murakkab ish uslubi toʻgʻrisida gapirib berdi. Eng
noyob jihati, bir zamonlar odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuygan Qizilqum
bagʻrida turli qimmatbaho metallar, nodir maʼdanlar serob. Muruntov qaʼrida esa
oltin zarralari yashiringani qadim-qadimdan maʼlum boʻlgan. Shu poyonsiz qumda
Muruntovga yetib olguncha choʻl bagʻridagi necha-necha quduqdan suv ichishga
toʻgʻri kelgan. Bu yerda bir kaft yoki bir hovuch emas, yirik kon mavjudligini
birinchi boʻlib mashhur oʻzbek maʼdanshunos olimi, beqiyos vatanparvar geolog
Habib Abdulla aniqlagan edi.
Asrlarni
qaritgan Qizilqum bagʻridagi tilla konida bugun jadal va qizgʻin borayotgan ish
jarayonini koʻrib, kuzatib, aql shoshadi. Kon ulkan qozonga yoki katta oʻchoqqa
oʻxshaydi. Kon tubida oʻzining ogʻirligi 200 tonna, yuk koʻtarish qobiliyati
250 tonna boʻlgan “BelAZ” mashinalari gugurt qutisidan sal kattaroq koʻrinadi.
Ana endi konning naqadar katta, mahobatli ekanini tasavvur qilavering. Pastda
ulkan ekskavatorlar naʼra tortib ishlaydi, ulkan mashinalar kuzoviga qimmatbaho
maʼdan yashiringan qumni kovshlab ortadi. Mashinalar “qozon”ning chet qirgʻogʻi
tasmadek kesib ochilgan yoʻlda aylanib, vazmin yukni tepaga olib chiqadi va
dastlabki ishlov beriladigan oʻringa yoki belgilangan joyga toʻkib qaytadi.
Uzluksiz davom etadigan bu jarayonni koʻrib, insonning aqli, tafakkuri,
topqirligiga tasanno aytasiz. Hozir koʻkda — koinotda, dengiz-ummonda mislsiz darajada
kuchli kemalar suzib yuribdi. Konning spiralsimon “qovurgʻasi”ni aylanib,
tepaga chiqayotgan qudratli “BelAZ” mashinalari ham koinot kemalaridan
qolishmaydi. Farqi shuki, biri fazoda, biri Yer bagʻrida suzadi. Eng muhimi,
shu gigant texnikalarni boshqarayotgan, ishlatayotgan va qalovini topib
taʼmirlayotganlarning barchasi oʻzimizning qorakoʻz, oqkoʻngil
yurtdoshlarimizdir.
Navoiy
kon-metallurgiya kombinati Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlarini otaliqqa
olgan. Mazkur shaharlardagi bunyodkorlik, obodonlashtirish, qurilish ishlarida
kombinatning begʻaraz ulushi mavjud. Shu jihatdan Zarafshon shahridagi Alisher
Navoiy nomidagi mahalla ham zamonaviy, goʻzal qiyofa kasb etgan. Yoʻl —
yoʻldek, yoʻlak — yoʻlakdek yastanib koʻzga tashlanadi.
Gulu
gulzor, bogʻ-rogʻlar bir-biriga qoʻl uzatgan, oydin kechalarda tunchiroqlar
xiyobonlarni yoritadi. Besh yil oldin ixcham, zamonaviy tipda mahalla
kutubxonasi qurilgan edi. Kutubxona fondi boy, kartotekadan maʼlum boʻldiki,
uning aʼzolari kam emas.
Biz
yuqorida viloyat, ayniqsa, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan mashhur
degan edik. Viloyatning yana bir oʻziga xos jihati, bu — uning koʻp millatli
eli. Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda Xalqlar doʻstligi kuni
munosabati bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati boʻlinmalarida
vatanparvarlik, millatlararo totuvlik va xalqlar doʻstligi gʻoyalarini keng
targʻib etishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi. Bayram
tadbirlarida shoir va yozuvchilar, olim va mutaxassislar, sanʼatkor va soʻz ustalari
ishtirok etdi. Keyingi yillarda yurtimizda millatlararo totuvlik va
bagʻrikenglikning oʻziga xos ibratli modeli yaratilgani ushbu tadbirlarda yana
bir karra oʻz isbotini topdi. Ayni mavzuda soʻz borganda, avvalo, bundan besh
yil muqaddam davlatimiz rahbari “Xalqlar doʻstligi kuni”ni belgilash
toʻgʻrisida”gi qonunni imzolaganini eslash oʻrinli boʻlur edi. Shundan buyon
mamlakatimizda yagona va ahil oila boʻlib yashayotgan 130 dan ziyod millat va
elat vakillari 30-iyulni bayram sifatida nishonlab keladi. Mazkur bayram —
Xalqlar doʻstligi kuni xalqimizning tinchlik, doʻstlik va ezgulik gʻoyalari
mujassam boʻlgan boy madaniyati, urf-odat hamda anʼanalarini yaqqol namoyish
etadi.
Uchquduq
tumani madaniyat saroyida Xalqlar doʻstligi kuniga bagʻishlangan “Oʻzbekiston —
yagona Vatan!” mavzusida, “Bir uy, bir taqdir, bir oila” shiori ostida,
Shimoliy kon boshqarmasi ishchi-xodimlari, harbiylar va mahalliy aholi
ishtirokida doʻstlik festivali oʻtkazildi. Madaniyat saroyi jamoalari tomonidan
oʻzbek, rus, qozoq, tatar tillarida kuy-qoʻshiqlar yangradi, milliy anʼanalar
namoyish etildi. Shoir va tarjimonlar boshqa tillardan ona tilimizga, oʻzbek
tilidan boshqa tillarga qilingan tarjima asarlarini oʻqib berdi. Bunday
asarlar, shubhasiz, yagona Oʻzbekiston gʻoyasi asosida yurtimizda osoyishtalik
va barqarorlik, oʻzaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlashga
xizmat qiladi.
Uchrashuvlar,
muloqotlar davom etadi. Biz koʻrmagan joylarimizni, bir-biridan gʻaroyib ishlab
chiqarish jarayonlarini koʻrishga qiziqamiz. Bilmagan narsani bilishga intilish
— insonga xos xususiyat. Bu borada 5-gidrometallurgiya zavodi haqidagi maʼlumot
va xabarlar qiziqishlarimizni yanada kuchaytiradi.
5-gidrometallurgiya
zavodini ulkan korxonaning yuragi deyish mumkin. Bu “yurak” 2017-yilda ishga
tushirilgan, yuz foiz avtomatlashtirilgan, yarim tayyor mahsulot yetkazib
beradi, yaʼni chiqindi suv qayta ishlanib, oltin olinadi. Zavodda hammasi
mahalliy ishchi-xizmatchilar, oʻzimizning muhandis olimlar. Yangi kashfiyotlar,
ratsionalizatorlik ishlanmalari, ixtirolar ishlab chiqarishga hech bir
toʻsiqsiz joriy etiladi. Shu maʼnoda, qoʻshimcha texnika va texnologiyalar
insonga yordam beradi. Sunʼiy intellekt kuchidan oqilona foydalaniladi. Zavod
bosh muhandisi Sanʼat Karomatovning aytishicha, “Texnologiya borasida
Oʻzbekistonda boshqa bunday zamonaviy zavod yoʻq!”.
Bizni
Ishchilar shaharchasiga taklif etishdi. Toza-ozodaligi, saranjom-sarishtaligi,
tartib-intizomi bilan Kosmonavtlar shaharchasiga oʻxshaydi. Bunda hamma narsa
badastir, hamma narsa muhayyo. Bunda ishchi-xodimlar dam oladi, yotib turadi,
yashaydi.
Safarimizning
birinchi kuni 7-gidrometallurgiya zavodi ishchi-xodimlari bilan birga ularning
kunlik oshxonasida tushlik qilgandik. Avvalo, ishchilarning kunlik oshxonasi bu
darajada toza, ozoda, tartibli boʻlishini xayolimizga keltirmagan edik. Mana,
keng-moʻl dasturxonda sut, qatiq, hoʻl va quruq mevalardan sharbatlar, turli
salatlar, birinchi-ikkinchi — suyuq-quyuq ovqatlar, shu yerda pishirilgan,
issiqqina, boʻrsildoq non... bari-bari juda sifatli, toʻyimli. Baʼzan katta
shaharlarning eng goʻzal restoranlarida ham bunday himmat-saxovat bilan
qozon-kapkirdan oʻtgan osh-ovqatga duch kelavermaysiz...
Fursat yetib, mana, endi Auvminzo-Amantay koni hududidamiz. Kon toʻnkarilgan osmonga oʻxshaydi. Bu “osmon”da ulkan “BelAZ”lar harakatdagi mitti yulduzlar singari ortidan samo emas, zamin chang-gʻuborini qoldirib, yuqoriga ilgarilaydi. Kimdir oʻxshatish qiladi: shoirlar soʻz konidan oltin izlasa, zarshunoslar zamin bagʻridan oltin izlaydi. Maʼnaviyat xonasida oʻtgan uchrashuvda shoirlar oltinshunoslar huzuriga oltin — sara sheʼrlari bilan kelganini amalda isbotladi: mubolagʻa ila ifodalash mumkinki, tillaga teng sheʼrlar oʻqildi. Ijodiy uchrashuv juda samimiy oʻtdi. Konchilar, ishchilar bir xil ust-bosh — korjoma kiyib olgan boʻlsa-da, bir-biriga oʻxshamagan savollar berib, bir-biriga oʻxshamagan mulohazalar bildirdi. Shoir Rustam Musurmon xalqona ohanglarda, oʻziga xos uslubda jaranglatib “Vatanim” sheʼrini oʻqiganda:
Kunduz quyosh, kechalari oy bergan-yey, oy bergan,
Qirq
kechalab qoʻnoq berib, toʻy bergan-yey, toʻy bergan,
Mehmonlarga
uy toʻridan joy bergan-yey, joy bergan,
Ohuvva-hay,
Vatanim-ay,
Ohuvva-hay,
Vatanim!
satrlarini eshitib, bosh marksheyder
oʻrinbosari Xayrulla Abdurahimov joyida oʻtirolmadi, oʻrnidan turib ketdi:
— Bolaligimni, qishlogʻimni yodga
solgan bu sheʼr xuddi men uchun yozilgandek yuragimni zabt etdi. Bolaligimizda
bobo-momolarimizdan eshitib, “ohuva-ohuva...” deb qoʻshiq, terma aytib,
tolxivichdan “ot” minib, koʻcha changitib chopib yurardik. Toʻgʻrisini aytsam,
shu sheʼrni eshitib, uyimga — Surxondaryoga borib kelgandek boʻldim.
Nurota tumani hududida joylashgan
6-gidrometallurgiya zavodi ish boshlaganiga qariyb besh yil boʻldi. Ushbu
zavodga xomashyo Pistali konidan olib kelinadi. Konning eni — 1200 metr,
uzunligi — 1800 metr, chuqurligi — 150 metr. Lekin bu hajm, bu oʻlchovlar
qatʼiy emas. Nurota togʻ tizmalari oʻrganilib, kon tobora oʻzlashtirilgani sari
ayni koʻrsatkichlar ortib boradi. Konda guvillab ishlayotgan texnikalar uncha-buncha
emas, naq Olmoniyadan keltirilgan. Tan beriladigan jihati — ularning
chambaragi, boshqaruv tugmachasi mahalliy sharoitda kamolga yetgan
mutaxassislar qoʻlida. Ular uzoqlardan kelmagan, shu qadim Nurotadagi Qizilcha,
Temirqovoq qishloqlarining mehnatkash odamlari.
Nurga
chulgʻangan ziyoratgohi bilan yetti iqlimga maʼlum va mashhur Nurota tumanida,
6-gidrometallurgiya zavodiga tegishli hududda 115 gektar qoʻriq yer
oʻzlashtirilib, bogʻ barpo etilgan. Yangi boqqa Hazrat Alisher Navoiy nomi
berilgan. Mazkur bogʻda har xil — qish va yozning keskin iqlimiga chidamli
mevali va manzarali daraxtlar oʻstirilgan. Shunday katta hududdagi bogʻ kuchli
motorli nasoslar vositasida yer ostidan chiqarilgan suv bilan tomchilatib
sugʻoriladi. Gʻazal mulkining sultoni soʻzdan bogʻ yaratgan, soʻz bogʻini
yaratgan. Insonlar — yoʻlovchilar, bemorlar, muhtojlar bahramand boʻlsin deb
yana qancha-qancha bogʻ-rogʻlar, xiyobonlar bunyod ettirgan. Biz hayrat ila
kuzatib turgan ushbu bogʻ ham nimasi bilandir oʻsha bogʻlarni eslatmaydimi?
6-gidrometallurgiya
zavodining Ishchilar shaharchasida ham ishchi-xodimlarga yashash va dam olish
uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdik. Shart-sharoitlarni koʻrib,
“Yaxshi dam — mehnatga hamdam”, degan hikmat bejiz aytilmaganiga yana bir bor
ishonch hosil qildik. Koʻngildagidek hordiq chiqargan ishchining mehnat
unumdorligi yuqori boʻladi. Unumli va samarali mehnat esa munosib
ragʻbatlantiriladi. Kombinat ishchi-xizmatchilari orasida faxriy unvonlar bilan
taqdirlanganlar, davlat mukofotlari bilan siylanganlar, boshqa turli
eʼtiroflarga sazovor boʻlganlar koʻpligi ana shunday fidoyi mehnatning munosib
natijasidir.
Ijodiy
safarimiz taassurotlarga
boy
boʻldi. Biz qisqa safar davomida Qizilqum — jonajon Oʻzbekistonimiz, yangi Oʻzbekistonning
oltin sandigʻi ekaniga yana bir karra amin boʻldik. Bu bitmas-tuganmas
xazinaning kaliti Navoiy kon-metallurgiya kombinatining aqli — oʻtkir, ilmi —
keskir, shijoatli, fidoyi, mehnatkash, chin vatanparvar ishchi-xizmatchilari,
mutaxassis-muhandislarining qoʻlida ekaniga ishonch hosil qildik. Shu bois,
ushbu oltin dafna-sandiqlar jaranglab ochilib, ularning ganj-xazinasi ertangi
kunimizni yanada farovon, yurtimizni yanada obod qilishga, mustaqilligimizni
mustahkamlashdek qutlugʻ va ezgu ishga xizmat qilmoqda.
Xalqimizning
til va tafakkur xazinasida “Oltin zanglamas” degan hikmat bor. Demak, yaxshi
soʻz, yaxshi sheʼr, yaxshi fikr, yaxshi odam, yaxshilik hech qachon
zanglamaydi, eskirmaydi.
Navoiy
kon-metallurgiya kombinatining dehqonchiligi — zar tilla, hosili — oltin. Bu
hosilni yetishtirayotganlar — zarshunoslar, oltinshunoslar.
Hosilingizga
baraka bersin, ey zarshunos, oltinshunos Dehqon bobo!
Salim ASHUR,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan jurnalist