Ular tunlarda yulduzlarga, kunduzlari maxsus yoʻl belgilari sifatida terilgan toshlarga qarab yoʻlni belgilagan. XX asrning poyezdlari bu masofada oqshom yoʻlga chiqib, tuni bilan yoʻl bosib, manzilga ertalab yetib kelgan. U poyezdlarda yurganlar biladi: yoʻlovchi vagonlari tor, badboʻy, oʻrinlar kir-chir boʻlardi. XXI asrning “Afrosiyob”i esa shamoldek yelib boradi, atrofni koʻrib ulgurmaysiz. Bu — yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti surʼati va shiddatining timsoli.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining yoʻllanmasi bilan Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, taniqli shoir Gʻayrat Majid, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabbor va kaminadan iborat ijodiy guruh ulugʻ shoir nomi bilan atalgan viloyatga Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan boʻladigan tadbir va marosimlarda ishtirok etish uchun yoʻl olganmiz. Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, madaniy-maʼrifiy anjumanlar, adabiy uchrashuvlar, tantanalar “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanmoqda. 

Viloyat, ayniqsa, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan mashhur. Bugun korxona faoliyatiga innovatsiyalar va ilmiy-amaliy yondashuvlar izchil joriy etilmoqda. Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi quvvatlar uchun zarur uskuna va jihozlar kombinatning oʻzida ishlab chiqarilmoqda. Dastgohsozlik, quymakorlik, mashinasozlik uchun uskuna va dastgohlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan Navoiy mashinasozlik zavodida import oʻrnini bosadigan mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Navoiyning yana bir oʻziga xos jihati tabiat moʻjizasi boʻlgan Qizilqumning katta qismi shu viloyat hududiga toʻgʻri keladi. Qizilqum — choʻl. Katta choʻl. Kattaligi shunchalikki, bir odam u chetidan bu chetigacha yayov bosib oʻtolmaydi. Mehnatkash va zahmatkash ajdodlarimiz bu choʻlda asrlar davomida umrguzaronlik qilgan. Tuya, qoʻy, yilqi boqqan. Ayron, qimiz, shubat ichib, doʻmbira chertib, oʻz hayoti toʻgʻrisida dostonlar yaratgan. Bu dostonlarni tinglaganda, uzoq-yaqin ajdodlarimizning orzu-armonlari, quvonch-tashvishlari, muhabbat va nafrati qalb koʻzingiz oldidan tizilib oʻtadi, quloqqa olis-olisdan otlar dupuri, tuyalarning boʻkirishi eshitiladi.

Ijodiy safarimiz kombinatning 7-gidrometallurgiya zavodi ishchi-xizmatchilari huzurida madaniy-maʼrifiy uchrashuv bilan boshlandi. Avvalo, zavod hayoti, ishlab chiqarish quvvatlari, xodimlar uchun yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Uzoq-uzoqlardagi oliy oʻquv yurtlari emas, aynan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti ushbu zavod uchun malakali muhandis kadrlarni yetkazib berayotgani, ishlab chiqarishdagi barcha murakkab texnologik jarayonlarni asosan ana shu dorilfununda taʼlim va tahsil olgan bilimdon, zukko, ixtirochi yosh mutaxassislar bajarayotgani bizni quvontirdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati oʻn minglab ishchi-xizmatchisi, mutaxassis va muhandislari, texnika — mashinalari, minglab gektar maydon-yerlari bilan bundayroq — ixchamroq bir mamlakatga teng hududida qishda suyakni qaqshatadigan ­sovugʻi, yozda ilikni qaynatadigan issigʻi

bilan — butun bor-yoʻq narsa-qorasi bilan yagona vujud boʻlib, bitta tana boʻlib nafas oladi, oʻn minglab yurak bir orzu, bir maqsad bilan — bitta yurak boʻlib tepadi, bitta yurak boʻlib yashaydi. Behad ulkan korxonaning narigi chetidagi ish jarayoni bilan bogʻliq bir oddiy harakat uning bu chetidagi birgina mehnat hodisasi bilan uygʻun keladi. Eng chekka kondagi eng chet ekskavator kovshiga olgan tillaqumni poʻlat relslarda maxsus vagonlar, vagonlarni bahaybat elaklar, elaklarni bahaybat tegirmonlar, tegirmonlarni bahaybat pechlar, pechlarni bahaybat qoliplar kutib turadi. “Qilt” etgan bir harakat, bu hududda hatto betashvish kapalakning qanot qoqishi ham ulkan hajm va miqyosdagi ishlab chiqarish tashvishlariga mos va muvofiq keladi. Bu hududda kechadigan barcha kimyoviy, fizik, tabiiy hodisalar, jarayonlar bir-birini taqozo etadi, biri-biridan kelib chiqadi yoki birinchisi boʻlmasa, keyingisi ham boʻlmaydi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov korxonaning eng muhim xususiyati haqida bunday deydi: “Biz ayrim oʻlkalardagi hamkasblarimizga oʻxshab, zamon evrilishlaridan kelib chiqib, bir qism xodimlarni qisqartirish evaziga boshqa toifadagi xodimlarning maoshini koʻtarmadik. Bizning odamlarimiz uchun oylikdan ham muhim narsa bor, bu — inson qadri. Inson qadr topgan joydagina ratsionalizatorlik kashfiyotlari, ixtirolar boʻladi. Shu mezonga ogʻishmay amal qilinsa, mehnat unumi va samarasi ham yuqori boʻladi”.

Darvoqe, 7-gidrometallurgiya zavodi ishchi-xodimlari huzurida shoirlar Gʻayrat Majid, Rustam Musurmon mustaqilligimizning 35 yilligiga bagʻishlab yozilgan yangi — siyohi qurimagan sheʼrlaridan oʻqidi. Adabiyotshunos olim Nurboy Jabbor mutafakkir shoir Alisher Navoiy ijodining teran miqyosi hamda bugun uchun ahamiyati xususida fikr yuritdi. Uchrashuv chogʻida mamlakatimizdagi islohotlar, yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi, davlat mustaqilligining tarixiy ahamiyati, milliy adabiyotimizning inson maʼnaviyatini yuksaltirishdagi oʻrni, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash singari dolzarb va muhim mavzularda aylangan suhbat qizigandan-qizidi. Tashqarida havo harorati — 40o, sovitkich — konditsioner salqinidagi suhbat harorati undan ham yuqori...

Konchilik ishini miridan-sirigacha egallagan malakali va tajribali mutaxassis-muhandislar olamga maʼlum va mashhur Muruntov konida bizga ish jarayoni — konda togʻ ­jinslarini qazish va tashish, zamonaviy konchilik texnikalarining bir maromda ishlashini tashkil etish bilan bogʻliq murakkab ish uslubi toʻgʻrisida gapirib berdi. Eng noyob jihati, bir zamonlar odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuygan Qizilqum bagʻrida turli qimmatbaho metallar, nodir maʼdanlar serob. Muruntov qaʼrida esa oltin zarralari yashiringani qadim-qadimdan maʼlum boʻlgan. Shu poyonsiz qumda Muruntovga yetib olguncha choʻl bagʻridagi necha-necha quduqdan suv ichishga toʻgʻri kelgan. Bu yerda bir kaft yoki bir hovuch emas, yirik kon mavjudligini birinchi boʻlib mashhur oʻzbek maʼdanshunos olimi, beqiyos vatanparvar geolog Habib Abdulla aniqlagan edi.

Asrlarni qaritgan Qizilqum bagʻridagi tilla konida bugun jadal va qizgʻin borayotgan ish jarayonini koʻrib, kuzatib, aql shoshadi. Kon ulkan qozonga yoki katta oʻchoqqa oʻxshaydi. Kon tubida oʻzining ogʻirligi 200 tonna, yuk koʻtarish qobiliyati 250 tonna boʻlgan “BelAZ” mashinalari gugurt qutisidan sal kattaroq koʻrinadi. Ana endi konning naqadar katta, mahobatli ekanini tasavvur qilavering. Pastda ulkan ekskavatorlar naʼra tortib ishlaydi, ulkan mashinalar kuzoviga qimmatbaho maʼdan yashiringan qumni kovshlab ortadi. Mashinalar “qozon”ning chet qirgʻogʻi tasmadek kesib ochilgan yoʻlda aylanib, vazmin yukni tepaga olib chiqadi va dastlabki ishlov beriladigan oʻringa yoki belgilangan joyga toʻkib qaytadi. Uzluksiz davom etadigan bu jarayonni koʻrib, insonning aqli, tafakkuri, topqirligiga tasanno aytasiz. Hozir koʻkda — koinotda, dengiz-ummonda mislsiz darajada kuchli kemalar suzib yuribdi. Konning spiralsimon “qovurgʻasi”ni aylanib, tepaga chiqayotgan qudratli ­“BelAZ” mashinalari ham koinot kemalaridan qolishmaydi. Farqi shuki, biri fazoda, biri Yer bagʻrida suzadi. Eng muhimi, shu gigant texnikalarni boshqarayotgan, ishlatayotgan va qalovini topib taʼmirlayotganlarning barchasi oʻzimizning qorakoʻz, oqkoʻngil yurtdoshlarimizdir.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlarini otaliqqa olgan. Mazkur shaharlardagi bun­yodkorlik, obodonlashtirish, qurilish ishlarida kombinatning begʻaraz ulushi mavjud. Shu jihatdan Zarafshon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi mahalla ham zamonaviy, goʻzal qiyofa kasb etgan. Yoʻl — yoʻldek, yoʻlak — yoʻlakdek yastanib koʻzga tashlanadi.

Gulu gulzor, bogʻ-rogʻlar bir-biriga qoʻl uzatgan, oydin kechalarda tunchiroqlar ­xiyobonlarni yoritadi. Besh yil oldin ixcham, zamonaviy tipda mahalla kutubxonasi qurilgan edi. Kutubxona fondi boy, kartotekadan maʼlum boʻldiki, uning aʼzolari kam emas.

Biz yuqorida viloyat, ayniqsa, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan mashhur degan edik. Viloyatning yana bir oʻziga xos jihati, bu — uning koʻp millatli eli. Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda Xalqlar doʻstligi kuni munosabati bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati boʻlinmalarida vatanparvarlik, millatlararo totuvlik va xalqlar doʻstligi gʻoyalarini keng targʻib etishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi. Bayram tadbirlarida shoir va yozuvchilar, olim va mutaxassislar, sanʼatkor va soʻz ustalari ishtirok etdi. Keyingi yillarda yurtimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikning oʻziga xos ibratli modeli yaratilgani ushbu tadbirlarda yana bir karra oʻz isbotini topdi. Ayni mavzuda soʻz borganda, avvalo, bundan besh yil muqaddam davlatimiz rahbari “Xalqlar doʻstligi kuni”ni belgilash toʻgʻrisida”gi qonunni imzolaganini eslash oʻrinli boʻlur edi. Shundan buyon mamlakatimizda yagona va ahil oila boʻlib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillari 30-iyulni bayram sifatida nishonlab keladi. Mazkur bayram — Xalqlar doʻstligi kuni xalqimizning tinchlik, doʻstlik va ezgulik gʻoyalari mujassam boʻlgan boy madaniyati, urf-odat hamda anʼanalarini yaqqol namoyish etadi.

Uchquduq tumani madaniyat saroyida Xalqlar doʻstligi kuniga bagʻishlangan “Oʻzbekiston — yagona Vatan!” mavzusida, “Bir uy, bir taqdir, bir oila” shiori ostida, Shimoliy kon boshqarmasi ishchi-xodimlari, harbiylar va mahalliy aholi ishtirokida doʻstlik festivali oʻtkazildi. Madaniyat saroyi jamoalari tomonidan oʻzbek, rus, qozoq, tatar tillarida kuy-qoʻshiqlar yangradi, milliy anʼanalar namoyish etildi. Shoir va tarjimonlar boshqa tillardan ona tilimizga, oʻzbek tilidan boshqa tillarga qilingan tarjima asarlarini oʻqib berdi. Bunday asarlar, shubhasiz, yagona Oʻzbekiston gʻoyasi asosida yurtimizda osoyishtalik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Uchrashuvlar, muloqotlar davom etadi. Biz koʻrmagan joylarimizni, bir-biridan gʻaroyib ishlab chiqarish jarayonlarini koʻrishga qiziqamiz. Bilmagan narsani bilishga intilish — insonga xos xususiyat. Bu borada 5-gidrometallurgiya zavodi haqidagi maʼlumot va xabarlar qiziqishlarimizni yanada kuchaytiradi.

5-gidrometallurgiya zavodini ulkan korxonaning yuragi deyish mumkin. Bu “yurak” 2017-yilda ishga tushirilgan, yuz foiz avtomatlashtirilgan, yarim tayyor mahsulot yetkazib beradi, yaʼni chiqindi suv qayta ishlanib, oltin olinadi. Zavodda hammasi mahalliy ishchi-xizmatchilar, oʻzimizning muhandis olimlar. Yangi kashfiyotlar, ratsionalizatorlik ishlanmalari, ixtirolar ishlab chiqarishga hech bir toʻsiqsiz joriy etiladi. Shu maʼnoda, qoʻshimcha texnika va texnologiyalar insonga yordam beradi. Sunʼiy intellekt kuchidan oqilona foydalaniladi. Zavod bosh muhandisi Sanʼat Karomatovning aytishicha, “Texnologiya borasida Oʻzbekistonda boshqa bunday zamonaviy zavod yoʻq!”.

Bizni Ishchilar shaharchasiga taklif etishdi. Toza-ozodaligi, saranjom-sarishtaligi, tartib-intizomi bilan Kosmonavtlar shaharchasiga oʻxshaydi. Bunda hamma narsa badastir, hamma narsa muhayyo. Bunda ishchi-xodimlar dam oladi, yotib turadi, yashaydi.

Safarimizning birinchi kuni 7-gidrometallurgiya zavodi ishchi-xodimlari bilan birga ularning kunlik oshxonasida tushlik qilgandik. Avvalo, ishchilarning kunlik oshxonasi bu darajada toza, ozoda, tartibli boʻlishini xayolimizga keltirmagan edik. Mana, keng-moʻl dasturxonda sut, qatiq, hoʻl va quruq mevalardan sharbatlar, turli salatlar, birinchi-ikkinchi — suyuq-quyuq ovqatlar, shu yerda pishirilgan, issiqqina, boʻrsildoq non... bari-bari juda sifatli, toʻyimli. Baʼzan katta shaharlarning eng goʻzal restoranlarida ham bunday himmat-saxovat bilan qozon-kapkirdan oʻtgan osh-ovqatga duch kelavermaysiz...

Fursat yetib, mana, endi Auvminzo-Amantay koni hududidamiz. Kon toʻnkarilgan osmonga oʻxshaydi. Bu “osmon”da ulkan ­“BelAZ”lar harakatdagi mitti yulduzlar singari ortidan samo emas, zamin chang-gʻuborini qoldirib, yuqoriga ilgarilaydi. Kimdir oʻxshatish qiladi: shoirlar soʻz konidan oltin izlasa, zarshunoslar zamin bagʻridan oltin izlaydi. Maʼnaviyat ­xonasida oʻtgan uchrashuvda shoirlar oltinshunoslar huzuriga oltin — sara sheʼrlari bilan kelganini amalda isbotladi: mubolagʻa ila ifodalash mumkinki, tillaga teng sheʼrlar oʻqildi. Ijodiy uchrashuv juda samimiy oʻtdi. Konchilar, ishchilar bir xil ust-bosh — korjoma kiyib olgan boʻlsa-da, bir-biriga oʻxshamagan savollar berib, bir-biriga oʻxshamagan mulohazalar bildirdi. Shoir Rustam Musurmon xalqona ohanglarda, oʻziga xos uslubda jaranglatib “Vatanim” sheʼrini oʻqiganda:


Kunduz quyosh, kechalari oy bergan-yey, oy bergan,

Qirq kechalab qoʻnoq berib, toʻy bergan-yey, toʻy bergan,

Mehmonlarga uy toʻridan joy bergan-yey, joy bergan,

Ohuvva-hay, Vatanim-ay,

Ohuvva-hay, Vatanim!

 

satrlarini eshitib, bosh marksheyder oʻrinbosari Xayrulla Abdurahimov joyida oʻtirolmadi, oʻrnidan turib ketdi:

— Bolaligimni, qishlogʻimni yodga solgan bu sheʼr xuddi men uchun yozilgandek yuragimni zabt etdi. Bolaligimizda bobo-momolarimizdan eshitib, “ohuva-ohuva...” deb qoʻshiq, terma aytib, tolxivichdan “ot” minib, koʻcha changitib chopib yurardik. Toʻgʻrisini aytsam, shu sheʼrni eshitib, uyimga — Surxondaryoga borib kelgandek boʻldim.

Nurota tumani hududida joylashgan 6-gidrometallurgiya zavodi ish boshlaganiga qariyb besh yil boʻldi. Ushbu zavodga xomashyo Pistali konidan olib kelinadi. Konning eni — 1200 metr, uzunligi — 1800 metr, chuqurligi — 150 metr. Lekin bu hajm, bu oʻlchovlar qatʼiy emas. Nurota togʻ tizmalari oʻrganilib, kon tobora oʻzlashtirilgani sari ayni koʻrsatkichlar ortib boradi. Konda guvillab ishlayotgan texnikalar uncha-buncha emas, naq Olmoniyadan keltirilgan. Tan beriladigan jihati — ularning chambaragi, boshqaruv tugmachasi mahalliy sharoitda kamolga yetgan mutaxassislar qoʻlida. Ular uzoqlardan kelmagan, shu qadim Nurotadagi Qizilcha, Temirqovoq qishloqlarining mehnatkash odamlari.

Nurga chulgʻangan ziyoratgohi bilan yetti iqlimga maʼlum va mashhur Nurota tumanida, 6-gidrometallurgiya zavodiga tegishli hududda 115 gektar qoʻriq yer oʻzlashtirilib, bogʻ barpo etilgan. Yangi boqqa Hazrat Alisher Navoiy nomi berilgan. Mazkur bogʻda har xil — qish va yozning keskin iqlimiga chidamli mevali va manzarali daraxtlar oʻstirilgan. Shunday katta hududdagi bogʻ kuchli motorli nasoslar vositasida yer ostidan chiqarilgan suv bilan tomchilatib sugʻoriladi. Gʻazal mulkining sultoni soʻzdan bogʻ yaratgan, soʻz bogʻini yaratgan. Insonlar — yoʻlovchilar, bemorlar, muhtojlar bahramand boʻlsin deb yana qancha-qancha bogʻ-rogʻlar, xiyobonlar bunyod ettirgan. Biz hayrat ila kuzatib turgan ushbu bogʻ ham nimasi bilandir oʻsha bogʻlarni eslatmaydimi?

6-gidrometallurgiya zavodining Ishchilar shaharchasida ham ishchi-xodimlarga yashash va dam olish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdik. Shart-sharoitlarni koʻrib, “Yaxshi dam — mehnatga hamdam”, degan hikmat bejiz aytilmaganiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Koʻngildagidek hordiq chiqargan ishchining mehnat unumdorligi yuqori boʻladi. Unumli va samarali mehnat esa munosib ragʻbatlantiriladi. Kombinat ishchi-xizmatchilari orasida faxriy unvonlar bilan taqdirlanganlar, davlat mukofotlari bilan siylanganlar, boshqa turli eʼtiroflarga sazovor boʻlganlar koʻpligi ana shunday fidoyi mehnatning munosib natijasidir.

Ijodiy safarimiz taassurotlarga

boy boʻldi. Biz qisqa safar davomida Qizilqum — jonajon Oʻzbekistonimiz, yangi Oʻzbekistonning oltin sandigʻi ekaniga yana bir karra amin boʻldik. Bu bitmas-tuganmas xazinaning kaliti Navoiy kon-metallurgiya kombinatining aqli — oʻtkir, ilmi — keskir, shijoatli, fidoyi, mehnatkash, chin vatanparvar ishchi-xizmatchilari, mutaxassis-muhandislarining qoʻlida ekaniga ishonch hosil qildik. Shu bois, ushbu oltin dafna-sandiqlar jaranglab ochilib, ularning ganj-xazinasi ertangi kunimizni yanada farovon, yurtimizni yanada obod qilishga, mustaqilligimizni mustahkamlashdek qutlugʻ va ezgu ishga xizmat qilmoqda.

Xalqimizning til va tafakkur xazinasida “Oltin zanglamas” degan hikmat bor. Demak, yaxshi soʻz, yaxshi sheʼr, yaxshi fikr, yaxshi odam, yaxshilik hech qachon zanglamaydi, eskirmaydi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining dehqonchiligi — zar tilla, hosili — oltin. Bu hosilni yetishtirayotganlar — zarshunoslar, oltinshunoslar.

Hosilingizga baraka bersin, ey zarshunos, oltinshunos Dehqon bobo!

Salim ASHUR,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist