Loyiha davlatimiz rahbarining 2026-yil 29-iyundagi paxta tolasini chuqur qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Korxonada mahalliy xomashyodan ekologik toza, xalqaro standartlarga mos toʻqimachilik mahsulotlari tayyorlanib, ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.

Loyihaga tadbirkor tomonidan 10 million dollar sarmoya kiritilib, 1 mingta doimiy ish oʻrni yaratildi. Korxona toʻliq quvvat bilan ishlaganda davlat budjetiga yiliga 25 milliard soʻm tushum keltiradi.

Bu yerda ishchi-xodimlarning malakasini oshirish maqsadida dual taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Yoshlar nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uygʻun holda oʻzlashtirmoqda.

Korxonada ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy standartlar asosida tashkil etilgan. Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biriga tegishli soʻnggi rusumdagi avtomatlashtirilgan konveyer uskunalari oʻrnatilgan. Barcha jarayonlar raqamli boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.

Ekologik talablarga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan chiqindilar qayta ishlanib, ularning atrof-muhitga zararli taʼsiri kamaytiriladi.

Muassasaning texnologik imkoniyatlari eʼtiborga molik. Bu yerda sunʼiy intellekt yordamida ishlaydigan tikuv dastgohlari oʻrnatilgan. Aqlli tizim mato turiga qarab tikuv jarayonini real vaqt rejimida avtomatik sozlaydi va choklarning yuqori aniqlikda hamda nuqsonsiz bajarilishini taʼminlaydi. Shuningdek, gumanoid robotlar sinov tariqasida ishlatilmoqda.

Korxona yiliga 30 turdagi 9,4 million dona yuqori sifatli trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ularning umumiy qiymati 135,3 milliard soʻmni tashkil etadi. Raqobatbardosh tannarx va yuqori sifat tufayli mahsulotlar Turkiya, Vyetnam, Xitoy va Hindistonning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha oladi.

Yillik eksport salohiyat esa 10,5 million dollarni tashkil etadi. Andijonda tayyorlanayotgan sifatli trikotaj mahsulotlari Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ruminiya va Moldova bozorlariga yetkazib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari korxona ishchilari bilan samimiy muloqot qildi.

Shu yerning o‘zida viloyatda yoshlar bilan ishlash, ularni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va rejalar to‘g‘risida axborot berildi.