12-oktyabr kuni Gruziyaning Sinandali shahrida Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 11-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Gruziya bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili hamraislik qildi.
Shu kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Laziz Qudratovni ham qabul qildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi.
Muzokaralarda joriy yil iyul oyida Oʻzbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifidan soʻng ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Strategik sheriklik darajasiga oʻtish iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratgani qayd etildi.
Savdo hajmini oshirish rejalashtirilmoqda
Yigʻilishda oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish asosiy masalalardan biri boʻldi. 2025-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 270 million dollarni tashkil etgan.
Tomonlar erkin savdo rejimi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, yetkazib berilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish hamda ishlab chiqaruvchilar va savdo tarmoqlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida aniq tovar pozitsiyalari, maqsadli koʻrsatkichlar va amalga oshirish muddatlarini qamrab olgan qoʻshma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishga kelishildi. Ishchi guruh dasturning tayyorlanishi va natijalarini muntazam baholab boradi.
Shuningdek, oʻzaro sanoat koʻrgazmalari va biznes-missiyalarni tashkil etish orqali ikki mamlakat mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqish masalalari koʻrib chiqildi.
Sanoat kooperatsiyasi kengaytiriladi
Uchrashuvda sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, energetika va moliya sohalaridagi qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish jarayoni ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Gruziya kapitali ishtirokidagi 116 ta korxona, Gruziyada esa Oʻzbekiston kapitali ishtirokidagi 144 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar Oʻzbekistonning sanoat salohiyatini Gruziyaning texnologiyalar, dizayn, sertifikatlash va mahsulotlarni bozorga olib chiqish borasidagi tajribasi bilan uygʻunlashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi. Bu borada farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoatida, jumladan, Yevropa bozorlariga yoʻnaltirilgan qoʻshma ishlab chiqarishlarni tashkil etish istiqbollariga eʼtibor qaratildi.
Poti portida Oʻzbekiston logistika markazi tashkil etiladi
Transport va logistika sohasidagi hamkorlik ham muzokaralarning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Gruziyaning Qora dengiz portlari orqali Oʻzbekiston mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berishdagi oʻrni taʼkidlandi.
Tomonlar Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi boʻyicha aloqalarni mustahkamlash, port va ombor infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tranzit sharoitlarini yaxshilash hamda yuk tashish raqobatbardoshligini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Asosiy tashabbuslardan biri Gruziyaning Poti portida Oʻzbekiston logistika markazini tashkil etish hisoblanadi. Bu yoʻnalishda tegishli bitim imzolangan va Oʻzbekiston mahsulotlarining Yevropa tomon ilk sinov yuk joʻnatmasi amalga oshirilgan.
Mazkur yoʻnalishni rivojlantirish orqali Gruziya hududi boʻyicha yuk tashish hajmini 2030-yilga borib yiliga 3 million tonnaga yetkazish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda.
Turizm va hududlararo hamkorlik ham rivojlantiriladi
Muzokaralarda qoʻshma turistik yoʻnalishlarni tashkil etish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni kengaytirish, mehmonxona va sogʻlomlashtirish infratuzilmasiga oid tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari ham koʻrib chiqildi.
Hududlararo aloqalarni mustahkamlash maqsadida delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari jadvalini tayyorlash va 2027-yilda birinchi Oʻzbekiston — Gruziya hududlar forumini oʻtkazish masalasini ishlab chiqishga kelishildi. Forum mahalliy ishlab chiqaruvchilar, investorlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasida yangi aloqalarni yoʻlga qoʻyishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yigʻilish yakunida kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilab olindi. Hukumatlararo komissiyaning 12-yigʻilishini 2027-yil fevral oyida Toshkent viloyatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida oʻtkazishga kelishildi.