Mamlakatimizda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish va unga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanib, kichik maydonlarda intensiv usulda yuqori hosil olish muhim ahamiyatga ega.

“Chinobod real biznes” korxonasida ana shunday zamonaviy tizim yoʻlga qoʻyilgan. Loyiha davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyuldagi baliqchilik tarmogʻini rivojlantirishga oid farmoni asosida amalga oshirilgan. Korxona vodiydagi baliqchilik xoʻjaliklarining forel chavogʻiga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 30 milliard soʻmni tashkil etadi. Korxonada 30 ta ish oʻrni yaratilgan.

Ikki gektar maydondagi zamonaviy majmuada yiliga 200 tonna baliq goʻshti va 2,5 million dona baliq chavogʻi yetishtiriladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 50 milliard soʻmni tashkil etadi.

Intensiv texnologiyalar qoʻllanilishi natijasida ikki gektar maydonda anʼanaviy usuldagi 100 gektarlik havzalar bilan teng hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilgan.

Majmuada ikki million litr hajmdagi suvni tabiiy usulda tozalash imkonini beruvchi laboratoriya ham tashkil etilgan. Unda suv sifatini yaxshilaydigan xlorella suv oʻti yetishtiriladi. Ushbu ekologik toza tizim baliq yetishtirish samaradorligini yana 15-20 foizga oshirishga xizmat qiladi.

Korxonaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji quyosh panellari hisobidan toʻliq qoplanadi. Baliq yetishtiriladigan hovuzlardan chiqqan fosfor, ammiak va kalsiy kabi tabiiy moddalarga boy suv ham isrof qilinmay, ekinlarni sugʻorishga yoʻnaltiriladi. Shu tariqa majmuada resurslardan qayta foydalanishning yaxlit tizimi yaratilgan.

Korxona Qirgʻiziston, Tojikiston va Afgʻonistonga yiliga 2 million dona forel chavogʻi eksport qiladi. Yillik eksport hajmi 2 million dollar, budjetga tushum esa 5 milliard soʻmni tashkil etadi.

Loyiha aholi bandligini taʼminlashga ham xizmat qilmoqda. Baliqchi tumanidagi Sarvul mahallasida 20 ta xonadon korxona bilan kooperatsiya asosida forel yetishtirib, qoʻshimcha daromad olmoqda.

Majmuada taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi ham yoʻlga qoʻyilgan. Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda “Baliqchilik va parrandachilik amaliyot markazi” tashkil etilgan. Bu yerda talabalar nazariy bilimlarini ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlab, amaliy koʻnikma orttirmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday yuqori samarali loyihalar aholi bandligini taʼminlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Mutasaddilarga kichik maydonlarda intensiv usullarni qoʻllash orqali mahsulot hajmini bir necha barobar oshirish boʻyicha ushbu tajribani keng ommalashtirish va yangi loyihalarni koʻpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.