Shaharning Gʻaresizlik, S.Kamalov va Gʻ.Sheraziyeva koʻchalarida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida aholi va shahar mehmonlari uchun qulay dam olish muhiti, savdo va koʻngilochar maskanlarning tun-u kun faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratildi.
Bu ishlarga 2,2 milliard soʻm ajratilib, koʻchalarning 2,5 kilometrlik qismi taʼmirlandi va infratuzilmasi yangilandi.
Piyodalar yoʻlaklari barpo etilib, oʻrindiqlar va chiqindi qutilari oʻrnatildi. Hududni tungi vaqtda yoritish uchun quyosh panellari yordamida ishlaydigan energiya tejamkor chiroqlar oʻrnatildi. Yomgʻir suvlarini oqizish va suv toʻplanishining oldini olish maqsadida 1,5 kilometrlik tarmoq yangidan qurildi, mavjudlari modernizatsiya qilindi.
Yaratilgan sharoitlar tadbirkorlik faoliyatini ham jonlantirdi. Hududda 8 ta yangi tadbirkorlik subyekti ish boshladi, yana 10 tasi faoliyatini kengaytirdi. Natijada 75 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Davlatimiz rahbari koʻcha boʻylab yurar ekan, odamlar bilan samimiy muloqot qildi, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik eng qadrli neʼmat ekanligini taʼkidlab, ezgu tilaklarini bildirdi.