Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham bu islohotlar odamlar hayotidagi real oʻzgarishlar, ularning turmush tarzi va ertangi kunga boʻlgan ishonchida oʻz aksini topmoqda. Orolboʻyining oʻziga xos iqlimiy va ijtimoiy sharoitini hisobga olgan holda, hududni kompleks rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar allaqachon yangi bosqichga koʻtarilgan. Ayniqsa, chekka tumanlardagi infratuzilmani yaxshilash, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha muhim loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida roʻy berayotgan yangilanishlar hudud aholisi farovonligini oshirishga xizmat qilayotir.
Ayni shu maqsadlar tahliliga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekiston orzusi”
kitobining taqdimoti Qoraqalpogʻistonning ilm-fan va madaniyat oʻchoqlarida
yuksak koʻtarinkilik bilan oʻtkazildi.
2026-yil 16-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika
institutida “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorovning
“Yangi Oʻzbekiston orzusi” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
bosh muharriri Salim Doniyorov, bosh muharrir oʻrinbosari Abu Bakir Oʻrozov,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi
boshligʻi Tatlimurat Atamuratov, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi
Kenesbay Karimov, yurtimizga taniqli ziyolilar, ijodkorlar, institut
professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari
vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Yangi
Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish,
ochiq va pragmatik davlat siyosatini amalda qaror toptirish, inson qadrini yuksaltirish
kabi ustuvor yoʻnalishlar kitobda atroflicha aks etganini, yangi davrda
mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar xolis va samimiy tarzda
yoritilganini alohida taʼkidladi.
2020-yil 25-yanvardan nashr etila boshlagan “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
qisqa fursatda jamoatchilik ishonchiga kirib, yangi davlat siyosati — adolat,
ochiqlik va pragmatizm prinsiplarini keng koʻlamda tahlil etib kelmoqda. Taqdim
qilingan “Yangi Oʻzbekiston orzusi” kitobi ham ana shu maqsad — yangi davr
oʻzgarishlarini, davlat siyosatining mohiyatini ommaga yaqinlashtirishdir. Unda
yurtga muhabbat, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻulari oʻz
ifodasini topgan.
Ikki qismdan iborat mazkur asarning birinchi qismida muallif tomonidan
davlat va jamoat arboblari bilan olib borilgan suhbatlar berilib, keng qamrovli
fikrlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati ochib
berilgan. Ikkinchi qismda esa Vatan va millat istiqboli, mamlakat shaʼni va
nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ishlar batafsil tahlil qilingan. Kitobga
kiritilgan maqola va suhbatlar 2020–2025-yillarda “Yangi Oʻzbekiston”
gazetasida chop etilgan materiallar asosida tuzilgan.
17 aprel kuni taqdimotlar turkumi
dengiz qirgʻoqlaridan uzoqlashgan, biroq ruhiyati hamon toʻlqinlar kabi
joʻshqin boʻlgan hudud — Moʻynoq tumanida, 2-sonli bolalar musiqa va sanʼat
maktabida davom etdi. Mahalliy aholi va ijodkor yoshlar bilan kechgan samimiy
suhbatda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda har bir fuqaroning masʼuliyati,
milliy oʻzlikni anglash orqali yuksak marralarga erishish mumkinligi qayd
etildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan kitobning ravon tili keng omma uchun
qulayligi va undagi tahliliy yondashuvlar zamonamiz qahramonlarining
shakllanishida muhim omil ekani eʼtirof etildi.
Darhaqiqat, ushbu kitob yangi davr nafasini va jamiyatdagi yangilanish
jarayonlarining falsafiy-amaliy ahamiyatini oʻzida mujassam etgan. Shu
jihatdan, kitob bugungi Oʻzbekiston qiyofasini, uning taraqqiyot strategiyasi
va kelajakka intilishini anglashda qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri