Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmalari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan reyd davomida oq rangli «Niva Legend» avtomobili toʻxtatilib, tekshiruvdan oʻtkazildi.
Avtomashinaning ustki yukxonasidagi sakkizta qopdan birta ayiq va uchta yovvoyi choʻchqaning tana qismlari topildi.
Shuningdek, avtomobildan uchta narez stvolli ov quroli, MS-2112 rusumli silliq stvolli ov miltigʻi, «Monza» rusumli narez stvolli ov quroli, 43 ta 7,62 kalibrli jangovar oʻq-dori, 56 ta mayda sochmali oʻq, 13 ta yakka jangovar oʻq, ikkita binokl, ikkita ovoz pasaytiruvchi moslama, pichoqlar, fonarlar, bolta va boshqa buyumlar aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, noqonuniy ov oqibatida hayvonot dunyosiga 679 million 800 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan ov qurollari, oʻq-dorilar, ruxsatnomalar va ovchilik guvohnomalari vaqtincha saqlash uchun Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga topshirildi. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Mazkur holat boʻyicha huquqbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.