Birinchi holatda Fargʻona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasining 2-Shahrixon boʻlimi 3-gidrouchastkasi boshligʻi chorvachilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga Katta Fargʻona kanali himoya hududidagi 30 sotix yer maydonini ijaraga asosida rasmiylashtirib berish evaziga 40,5 ming AQSh dollari talab qilgan.

U oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida Andijon viloyatida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergov davomida mazkur noqonuniy ishga boshqarmaning yana bir boʻlim boshligʻi aloqador ekani aniqlanib, u 20 ming dollardan 3 ming dollar olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Shuningdek, ushbu yer maydonidan ijara asosida foydalanib kelayotgan gidrouchastka xodimi ham yerni berish uchun 19 ming AQSh dollari talab qilgani maʼlum boʻlib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Ikkinchi holat Oltinkoʻl tumanida qayd etilgan. Unda taʼlim muassasasi direktori xizmat mavqeidan foydalanib, muassasa hududidagi 1,1 gektar yer maydoni boʻyicha kelishuv shartnomasini tasdiqlab berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur yer maydoni xususiy avtomaktab tomonidan auksion orqali yutib olingan boʻlgan. Direktor oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari koʻzgatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.