Hududlarda — yangi loyihalar, korxonalar, ish oʻrinlari kabi ulkan marralar. Xorijda — strategik hamkorlik va investitsiyalar boʻyicha muzokaralar. Tinchlik va barqarorlik hukmron jamiyatda esa ushbu har bir yangilik hamda oʻzgarishlarning odamlar hayotida aks ettirish maqsadi bilan yashayotgan fidoyi insonlar faoliyati...
Tashqi siyosatda faol diplomatik kun tartibi
Oʻzbekiston dunyoga, dunyo Oʻzbekistonga ochilishda davom etmoqda. Bu gap zamirida nafaqat mamlakatimizning tashqi dunyo bilan aloqalari kengayishi, balki xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv, ishonch va hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilishi, yurtimizda tinchlik mustahkamlanib, turmush farovonligi oshib borayotgani kabi rad etib boʻlmas haqiqatlar mujassam. Bugun Oʻzbekiston va uning mardonavor xalqi tarixiy qadriyatlarini asrab-avaylagan holda zamonaviy taraqqiyot sari dadil qadam tashlamoqda va dunyoga yangi qiyofasini namoyon etmoqda. Davlatimiz rahbarining yil oʻn ikki oy tigʻiz kun tartibi bilan oʻtayotgan faoliyati sentyabr oyida ham keng koʻlami va qamrovi bilan yuqoridagi fikrimizni baralla ayta olishga izn beradi.
Oyning ilk kunida Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yigʻilishida ishtirok etdi. Bishkek shahri mezbonligida oʻtgan tadbir kun tartibiga muvofiq, tashkilotning 25 yillik faoliyati davomida erishilgan yutuqlar, barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish va birgalikdagi taraqqiyotni davom ettirish borasidagi istiqbolli vazifalar muhokama qilindi. Eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi.
Prezidentimiz tashkilot chorak asr davomida oʻzining zarurligi va samaradorligini namoyon etgani, “Shanxay ruhi” tamoyillariga amal qilgan holda teng huquqli muloqotni taʼminlagani, mintaqaviy barqarorlik va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashganini qayd etdi. Oʻz nutqida tashkilot oldida turgan eng dolzarb vazifalarga toʻxtaldi.
Iqtibos: “Ishonchim komilki, SHHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslari, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi lozim. Shu bois, “SHHT — 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishishni taklif etaman.
Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar kengayib boradigan oʻzaro bogʻliq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat boʻlishi lozim”.
Shuningdek, davlatimiz rahbari “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda nutq soʻzladi. Dunyoda roʻy berayotgan oʻzgarishlar sharoitida BMT va mintaqaviy tuzilmalar roliga toʻxtalib, qator takliflarni ilgari surdi, Oʻzbekiston Yevroosiyo makonida ochiq va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini urgʻuladi.
Iqtibos: “Biz uchun oʻzaro bogʻliqlik strategik mustaqillik va barqarorlik masalasidir. Biz shunday koʻp qutblilik tarafdorimizki, u yangi ajratuvchi chiziqlarni yaratmaydi, balki imkoniyatlar makonini kengaytiradi, mintaqaviy loyiha va tashabbuslar oʻzaro raqobatlashmaydi, balki bir-birini samarali toʻldiradi”.
Prezidentimiz sammit doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi, Rossiya Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri bilan muzokaralar, shuningdek, BMT Bosh kotibi va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi faollik 7-8-sentyabr kunlari Yevropa mintaqasiga koʻchdi. Mamlakatimiz yetakchisi Serbiya Respublikasi Prezidenti taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Belgrad shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakat rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazildi.
Muloqotlar kun tartibida Oʻzbekiston — Serbiya koʻp qirrali sherikligini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda transport, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari kabi ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tartibli mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Belgrad muzokaralari yakunlari boʻyicha ikki mamlakat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani imzoladi, ular huzurida ikki tomonlama hujjatlar almashildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Prezidentini Serbiyaning oliy davlat mukofoti — Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Prezidentimizga ushbu ordenni Serbiya rahbari Aleksandr Vuchich topshirdi.
Davlatimiz rahbari yuksak mukofot uchun chuqur minnatdorlik bildirib, uni Serbiya xalqining Oʻzbekistonga boʻlgan yuksak hurmati, mustahkamlanib borayotgan doʻstlik va ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga qatʼiy intilish ramzi deb bilishini taʼkidladi.
Tashqi siyosat xaritasining navbatdagi manzili Osiyo mintaqasi — Koreya Respublikasi boʻldi. Oʻzbekiston Prezidenti ushbu mamlakat rahbarining taklifiga binoan 13-sentyabr kuni davlat tashrifi bilan Seul shahriga keldi. 3 kun davomida davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, yirik kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirish, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida kooperatsiyani chuqurlashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz birinchi “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammitida ham ishtirok etdi. Unda savdo, investitsiyalar, infratuzilma, raqamli transformatsiya, ilm-fan, texnologiyalar va boshqa koʻplab sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev hamkorlikning beshta strategik yoʻnalishi boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surdi.
Iqtibos: “Biz istiqbolni Koreya biznesining kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini mintaqamizning taʼlim sohasidagi salohiyati bilan bevosita bogʻlashda koʻrmoqdamiz. Bunday yondashuv koʻplab isteʼdodli yoshlarga kasbiy rivojlanish uchun yoʻl ochadi va qoʻshma loyihalarimiz boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni kafolatlaydi”.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston — Janubiy Koreya biznes forumida nutq soʻzladi. Janubiy Koreya Oʻzbekistonning vaqt sinovidan oʻtgan doʻsti va alohida strategik sherigi ekanini, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik esa ikki tomonlama koʻp qirrali aloqalarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Tashrif chogʻida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qoʻshayotgan salmoqli hissasi uchun vatandoshlarimizga minnatdorlik izhor etib, ularning har bir tashabbusi batafsil oʻrganilishini, eng muhim loyihalar har tomonlama amaliy qoʻllab-quvvatlanishini bildirdi.
Darvoqe, Prezidentimizning davlat tashrifi munosabati bilan mamlakatning nufuzli nashrlari — “Chosun Ilbo”ning ingliz tilidagi platformasi “The Chosun Daily” hamda “The Korea Herald” gazetasida davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” maqolasi chop etildi.
Maqolada Oʻzbekiston — Janubiy Koreya doʻstligining tarixiy asoslari va yuksak ishonchga tayangan alohida strategik sheriklik istiqbollari yoritilgan. Mamlakatlarimiz nafaqat vaqt sinovidan oʻtgan hamkorlar, balki mushtarak qadriyatlar va insoniy rishtalar bogʻlab turgan yaqin doʻstlar ekani taʼkidlangan.
“Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, oʻzaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman”, deyiladi maqolada.
Ichki iqtisodiy safarbarlik
Sentyabr oyida Prezidentimiz Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, Olmazor tumanida boʻlib, faollar bilan uchrashdi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan oʻtgan yil avgust oyida poytaxtimiz markazida barpo etilajak Oʻzbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qoʻyilgan edi.
11-sentyabr kuni Prezidentimiz muzey hududida bajarilayotgan keng koʻlamli qurilish-montaj ishlari, obyektlar poydevori va muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayoni bilan tanishdi. Majmua yurtimizning boy tarixi, madaniyati va kelajak intilishlarini namoyon etadigan muhim madaniy maskan boʻlishi taʼkidlandi.
Shu kuni Olmazor tumani “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligida tashkil etilgan vaziyatlar markazi faoliyati, Qichqiriq mahallasidagi obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, ishlab chiqarish subyektlari hamda taʼlim muassasalaridagi imkoniyatlarni koʻrdi, Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.
Yigʻilishda bugungi murakkab sharoitda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, qoʻshimcha qiymat, investitsiya va yuqori daromadli ish oʻrinlarini koʻpaytirishga yangicha yondashish zarurligi aytildi. Poytaxt tumanlari oʻz salohiyatidan kelib chiqib, aniq iqtisodiy yoʻnalishlarga ixtisoslashishi lozimligi qayd etildi.
Prezidentimiz 18-sentyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga keldi. Dastlab Kegeyli tumanidagi “ADM Agro” korxonasining sanoatlashgan intensiv bogʻida yoʻlga qoʻyilgan zamonaviy agrar tajribani koʻzdan kechirdi. Soʻng muloqotlar “Kegeyli baraka naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan tanishuv chogʻida davom etdi. Shuningdek, Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida boʻlib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar, Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻistonga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi.
Xususan, Qoraoʻzak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi. Ishga tushirilgan obyektlar qatorida Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona ham bor. Qiymati 27 million dollar boʻlgan 100 oʻrinli muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan.
Shu yerning oʻzida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi Oʻzbekiston” turar joy massivi taqdimoti oʻtkazildi. Massiv uchun 270 gektar maydon belgilanib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan. Bu yerda 30 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uy-joylar, yirik biznes markazlari, savdo, xizmat koʻrsatish va koʻngilochar obyektlar quriladi.
Prezidentimiz raisligida 19-sentyabr kuni Nukus shahrida Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda mavjud yer, mineral va energetika resurslarini yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarga aylantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Aholi uchun qulay shahar va mahalla muhitini yaratish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari har bir shahar va ovulda qulay turmush sharoitini yaratishda koʻcha va mahalla biylari, nuroniylarning tajribasi, yoshlarning gʻayrati va aholi tashabbuskorligini birlashtirish muhimligini taʼkidladi.
Mamlakatimiz yetakchisining navbatdagi tashrif manzili Andijon viloyati boʻldi. 23-24-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev yangi aeroport qurilishi, Andijon tumanidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Eco Cotton” korxonasi faoliyati, tumanda kichik gidroelektr stansiyalari uchun zarur uskunalar ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida esa umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar boʻlgan 206 ta loyiha qamrab olindi. Shundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 loyiha ishga tushirilgan boʻlsa, 7 milliard 350 million dollarlik 108 loyihaning qurilishi boshlandi.
Ushbu loyihalar energetika, qurilish, toʻqimachilik, mashinasozlik, taʼlim, turizm, logistika, farmatsevtika va sogʻliqni saqlash kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barcha shahar va tumanida amalga oshiriladi.
Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda hududni izchil iqtisodiy yuksaltirish, ijtimoiy birdamlik va oʻsishga xizmat qiladigan taklif hamda tashabbuslar ilgari surildi. Keyingi yillarda viloyatda barcha sohalar boʻyicha koʻplab yutuqlarga erishildi. Masalan, shu yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz oʻsgan. Ayni koʻrsatkich sanoatda 9,2 foizni, xizmatlar sohasida 16,1 foizni tashkil etgan.
Yangilanishlar raqamlar bilan emas, har bir oilaning kundalik hayotiga qanday oʻzgarish olib kirgani bilan baholanadi. Ana shu nuqtayi nazardan, yangi marralar belgilab olindi. Tabiiyki, ularga erishishning aniq rejasi, iqtisodiy-ijtimoiy xaritasi ham koʻrsatib berildi. Jumladan, yigʻilishda investitsiyalar hajmini oshirish borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Islohotlarda tizimlilik va izchillik
Prezidentimiz raisligida 3-sentyabr kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Keyingi yillarda kambagʻallikni qisqartirish, aholini daromad manbalari bilan taʼminlash va mahalla darajasida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu maqsadlar uchun hududlarga katta vakolat, moliyaviy resurs va infratuzilmaviy imkoniyatlar berildi, har bir oila bilan manzilli ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Natijada yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambagʻallik darajasi bugungi kunga kelib 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 mingdan 1,5 million nafarga kamaydi. Ishlar toʻgʻri tashkil etilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylanib bormoqda.
Shu bilan birga, yigʻilishda hududlar kesimida natijalar bir xil emasligi koʻrsatib oʻtildi, mutasaddilar va hududlar rahbarlarining axboroti tinglanib, belgilangan vazifalarni tizimli va natijador tashkil etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. Hududlarda ishni tashkil etish tartibi tubdan oʻzgartirilib, asosiy vakolat va resurslarni tuman darajasiga tushirish belgilandi.
9-sentyabr kuni esa hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi. Unda 1 hafta avval belgilangan yangi tizimga muvofiq, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilib, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleks tashkilotlari odamlarni ish bilan taʼminlash va daromadini oshirish masalalarini joyning oʻzida hal qilishi lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda ana shu vazifalar ijrosi, shtablar faoliyati va joylarda mavjud imkoniyatlardan foydalanish holati tanqidiy koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, barcha hududlarda shtablar ish boshladi. Ularning faoliyatini samarali tashkil etish uchun iqtisodiy kompleksdan har bir viloyatga 2 nafardan, jami 28 masʼul rahbar biriktirildi. Islohotlar shtabi, vazirliklar, banklar va mahalliy hokimliklar yangi tizim asosida ishni boshlagan.
Davlatimiz rahbari raisligida va huzurida oʻtgan boshqa qator taqdimot hamda yigʻilishlarda ham eʼtibor jamiyatda kechayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida tizimlilik va izchillikni taʼminlashga qaratildi. Xususan, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirish, tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, madaniy merosni asrab-avaylash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish masalasida takliflar taqdimoti bilan tanishildi.
Mehr daryosi, ezgulik bulogʻi, maʼrifat quyoshi!
Har yili Vatanimiz mustaqilligining qutlugʻ bayramiga uygʻun va hamohang holda Bilimlar kuni ham keng nishonlanadi. Davlatimiz rahbari shu munosabat bilan mamlakatimiz maktablari oʻquvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrik yoʻlladi. Ushbu quvonchli ayyomda begʻubor nigohlarida hayrat va hayajon uchqunlari porlab, katta orzu-intilishlar bilan maktab ostonasiga qadam qoʻyayotgan 800 mingga yaqin oʻgʻil-qizimizga, ota-onalar va pedagoglar jamoatchiligiga ezgu tilaklarini bildirdi.
Iqtibos: “Keyingi yillarda taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarimiz tufayli yangi Oʻzbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, taʼlim sifati takomillashib borayotganini barchamiz koʻrib turibmiz.
Ana shunday muhitda ulgʻayib, kamolga yetayotgan, oʻqish, kasbiy taʼlim, “Ay-ti”, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan oʻgʻil-qizlarimiz — bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir”.
Yurtimizda 1-oktyabr kuni nishonlanadigan Oʻqituvchi va murabbiylar kuni shukuhi esa sentyabrning soʻnggi dekadasidan sezila boshlaydi. Joylarda bayram tadbirlari oʻtkazilib, ustozlarga ehtirom koʻrsatish va fidoyi mehnatini eʼtirof etish mutasaddilar diqqat markazida boʻladi.
Prezidentimizning 29-sentyabr kuni eʼlon qilingan farmoniga muvofiq, yangi Oʻzbekistonda taʼlim-tarbiya tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohada islohotlar samaradorligini oshirish, oʻquv jarayoniga ilgʻor tajribalar, innovatsion pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ishlariga qoʻshayotgan munosib hissasi, farzandlarimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli faoliyati, shuningdek, yurtimizda taʼlimga oid investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelayotgani uchun bir guruh oʻqituvchi va murabbiylarimiz mukofotlandi.
Davlatimiz rahbari bayram arafasida ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, taʼlim sohasidagi yangi tashabbuslarni belgilab berdi, taʼlimni rivojlantirish yangi Oʻzbekistonni barpo etishning eng muhim boʻgʻini ekanini taʼkidladi. Kelgusi vazifalar tahliliga toʻxtalar ekan, maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligini qayd etdi. Maktab direktorlariga bu borada qoʻshimcha vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlar uchun sharoit yaratiladi.
Oʻquvchi oʻrinlariga talab ortib borayotgani munosabati bilan xususiy maktablarni qoʻllab-quvvatlash choralari ham eʼlon qilindi. Oʻquv yuklamasi yuqori 52 ta tumanda ularni tashkil etish uchun imtiyozli kredit va subsidiya ajratiladi. Boʻsh turgan davlat binolari xususiy maktablarga oʻn yilga bepul ijaraga beriladi, xalqaro akkreditatsiya xarajatining yarmi qoplanadi. Farzandi xususiy maktabda oʻqiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi ikki barobar oshiriladi.
Oliy taʼlim haqida soʻz borar ekan, mamlakatimizda talabalar soni 1 million 600 mingga yetgani, yettita oliygoh 17 ta fan boʻyicha xalqaro reytingga kirgani qayd etildi. Shu bilan birga, Prezidentimiz universitetlardagi darsliklar mazmuni va mutaxassislar tayyorlash sifati bugungi talabga toʻliq javob bermayotganini tanqid qildi. Muhandislik va tibbiyot oliygohlari zamonaviy yoʻnalishlar boʻyicha yangi oʻquv adabiyotlarini yaratish, ilgʻor xorijiy kitoblarni tarjima va moslashtirish ishlarini kuchaytirishi zarur.
Uchrashuvda taʼlim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhiga davlat mukofotlari topshirildi. Taqdirlanganlar orasida ustozlar bilan birga taʼlim rivojiga hissa qoʻshayotgan tadbirkor va xorijiy hamkorlar ham bor.
Shu kuni davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrigi eʼlon qilindi. Prezidentimiz oʻz hayotini dunyodagi eng ulugʻ va sharafli ishga — yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlab kelayotgan moʻtabar zotlarni, yurtimizdagi barcha pedagog xodimlarni 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin yurakdan muborakbod etdi.
Iqtibos: “Milliy yuksalishning tayanch asosi — maktab, texnikum va oliygohlar ekanini siz, azizlar albatta yaxshi tushunasiz. Shu bois, bu borada biz avvalo sizlarga — muhtaram ustoz va murabbiylarimizga tayanamiz”.
Aqllar jangi suvoriylari
Koʻhna va hamisha navqiron Samarqand mezbonlik qilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yuksak saviyadagi tashkilotchilik ruhi bilan birga oʻzbekistonlik shaxmatchilarning olamshumul gʻalabasi bilan ham tarix zarvaraqlariga yozildi. Vakillarimizning yuqori darajadagi oʻyini butun dunyoni lol qoldirdi. Aql va tafakkur borasida yoshlarimiz hech kimdan qolishmasligini yana bir bor amalda isbotladi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminovdan iborat jamoamiz hal qiluvchi soʻnggi turda ukrainalik shaxmatchilarni magʻlub etdi. Shu tariqa yigitlarimiz olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʻldi. Zafarli natija munosabati bilan Prezidentimiz shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi.
Iqtibos: Sizlar — Yangi Oʻzbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, gʻururlanadi”.
Prezidentimiz 28-sentyabr kuni “46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi gʻoliblari va ishtirokchilarini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Mamlakatimiz rahbari shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, ularning yaqinlari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashdi. Gʻoliblarni tabriklab, ularga mukofotlarni topshirdi.
Prezidentimiz navbatdagi istiqbol maqsadni belgilab berdi: yangi Oʻzbekistonni nafaqat olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantirish. Buning uchun mamlakatimizda tajriba, natija va yoshlarga namuna boʻladigan chempionlar borligi taʼkidlandi. Ulardan ilhomlangan minglab bolalarning shaxmatga kirib kelishi yangi isteʼdodlarni kashf etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shu maqsadda har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish boʻyicha alohida tizim tashkil etiladi. Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Fargʻonada mintaqaviy filiallari ochiladi.
* * *
Shuningdek, oy mobaynida Prezidentimiz qator nufuzli xorijiy delegatsiya rahbarlarini qabul qildi, turli davlat va hukumat rahbarlari bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi. Parlamentlararo Ittifoqning XII Yosh parlament aʼzolari butunjahon konferensiyasi ishtirokchilariga, Oʻzbekiston turizm sohasi xodimlariga, Oʻzbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining toʻrtinchi biznes forumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.
Raqamlarning haqiqiy qiymati
Sentyabrning siyosiy manzarasiga nazar tashlasak, mamlakat boshqaruvida iqtisodiyot masalasi markaziy pozitsiyasini tobora mustahkamlab borayotgani koʻrinadi. Investitsiya, sanoat, eksport, yangi ish oʻrinlari, energetika va transport — bular shunchaki iqtisodiy atamalar emas. Ular bugun siyosiy kun tartibining asosiy muloqot tiliga aylangan.
Davlatimiz rahbari tashrif buyurgan hududlarda milliardlab dollarlik loyihalar haqida soʻz boradi. Yangi zavodlar, energetika obyektlari, logistika markazlari, texnologiyalar haqida rejalar eʼlon qilinadi. Lekin har bir milliard dollar ortida oddiy insonlar taqdiri bor: ish izlayotgan yosh, daromadini oshirish va farovonligini taʼminlashga harakat qilayotgan oila, farzandiga munosib kelajak hozirlash qaygʻusida tunni kunga ulayotgan ota-ona... Shundan kelib chiqib, bugungi iqtisodiy raqamlarning haqiqiy qiymati ularning qogʻozdagi hajmi bilan emas, odam hayotiga qanchalik tez va sezilarli kirib borishi bilan oʻlchanayotgani maʼlum boʻladi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri