Bu davrda talabalarni yangi oʻquv yiliga munosib kutib olish, ularni talabalar turar joylari bilan taʼminlash va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni tezkor bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bu Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 21-avgustdagi 356-son buyrugʻi bilan belgilandi.
Yangi 2026/2027 oʻquv yili 1-bosqich talabalari uchun 7-sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori kurslar uchun esa 14-sentyabrdan boshlanadi.
“Dolzarb qirq kunlik” doirasida oliy taʼlim tashkilotlariga oʻquv binolari va talabalar turar joylarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash, talabalarni turar joy bilan taʼminlash, professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirish hamda oʻquv-uslubiy hujjatlar bilan taʼminlash boʻyicha vazifalar yuklatilgan.
Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga toʻlov-kontrakt mablagʻlarini shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda toʻlagunga qadar farmoyish asosida oʻquv mashgʻulotlarida qatnashishga ruxsat beriladi.
Birinchi bosqich talabalari uchun yangi oʻquv yili doirasida tantanali kutib olish marosimlari, “Kredit taʼlimi tizimiga kirish” haftaligi va “Talabalikka bagʻishlov” tadbirlarini tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, sentyabr oyida taʼlim tashkilotlarida “Yagona vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” oʻtkaziladi.
Ularda jadidlik harakati namoyandalari va qatagʻon qurbonlariga bagʻishlangan mashgʻulotlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, viktorina va koʻrik-tanlovlar hamda sport musobaqalari tashkil etiladi.
Shu tariqa, “Dolzarb qirq kunlik” davrida oliy taʼlim tashkilotlarida yangi oʻquv yilini sifatli tashkil etish, talabalar uchun zarur sharoitlarni yaratish va taʼlim jarayonini samarali boshlashga qaratilgan ishlar amalga oshiriladi.