Formula-1 Turkiya Gran-prisining mashg‘ulotlar va saralash bosqichi 2027-yil 1-2-oktabr kunlari, asosiy poygalar esa 2027-yil 3-oktabrda o‘tkaziladi.

Turkiyaning Formula 1ga qaytishi dastlab aprel oyida Prezident Rejeb Tayyib Erdo‘g‘an ishtirokidagi tadbirda e’lon qilingan edi. Endilikda olti yillik tanaffusdan so‘ng Formula 1 shiddati dunyoning eng maftunkor megapolislaridan biri bo‘lgan Istanbulda dunyoning eng kuchli poygachilari va minglab muxlislarni bir joyga jamlaydi. Ushbu poyga chempionatning texnik jihatdan eng murakkab trassalaridan biri sanaladigan TOSFED Istanbul Parkda o‘ninchi bor o‘tkaziladi.

TOSFED Istanbul park: tezlik va aniqlik uyg‘unlashgan trassa

Poygachilar TOSFED Istanbul parkining 5,3 kilometr uzunlikdagi trassasida bellashadilar. Ushbu yo‘l raqibni quvib o‘tish uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etish barobarida, ham haydovchi, ham avtomobil ko‘rsatkichlariga ta’sir qiluvchi keskin balandlik o‘zgarishlari bilan ham ajralib turadi.

Ayniqsa, TOSFED Istanbul Parkni butun dunyoga mashhur qilgan 8-burilish poygachilar uchun katta sinov bo‘ladi. Bir necha burilish nuqtasiga ega mazkur o‘ta tezkor chap burilish nihoyatda yuqori tezlikda bosib o‘tiladi. Bu esa haydovchidan mukammal muvozanatni talab etib, haydovchi va shinalarga katta yonlama yuklama tushiradi. Shu bilan birga, muxlislar tezlik, ritm va texnik murakkablikning o‘ziga xos uyg‘unligi tufayli trassadagi murosasiz kurashlar va hayajonli lahzalarga guvoh bo‘ladilar.

Formula 1ning Turkiyaga qaytishi bilan Istanbul yana dunyodagi eng nufuzli sport tadbirlaridan biriga mezbonlik qiladi. Ushbu tadbir sport turizmi, shahar iqtisodiyoti, xalqaro media makonidagi Istanbul nufuzi hamda Turkiya brendi qiymatining oshishiga sezilarli hissa qo‘shadi.

TGAning “Catch It If You Can” filmi jahon e’tiborini qozonmoqda

Poyga sanasi aniqlangach, Formula 1 Turkiya Gran-prisi-2027 bo‘yicha xalqaro targ‘ibot ishlarida yangi bosqich boshlandi. Madaniyat va turizm vazirligi muvofiqligida Turkiya Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) tomonidan tayyorlangan “Catch It If You Can” (“Ulgurib qol”) targ‘ibot filmi 571 million martadan ortiq tomosha qilindi.

Kelgusi davrda xalqaro media loyihalari, raqamli kampaniyalar, xalqaro kontent yaratuvchilar bilan hamkorlik hamda Istanbulga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari shaharning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshiradi.

Formula 1 Turkiya Gran-prisi TOSFEDning ko‘p yillik sa’y-harakatlari va tashabbuslari, shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligi hamda Yoshlar va sport vazirligi ko‘magida poygalar taqvimiga qaytarildi. Formula 1 poygalari 2027–2031-yillarda TOSFED tomonidan TOSFED Istanbul park trassasida o‘tkaziladi.