Joriy yilning iyun oyi davomida hayotiy murakkab vaziyatga tushib qolgan qator yurtdoshlarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Og‘ir kasallikka chalingan, ish topolmayotgan, hujjat va mablag‘lari yo‘qolgan hamda moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan fuqarolarning murojaatlari tezkor tarzda ko‘rib chiqildi.

Jumladan, og‘ir xastaligi sababli ishsiz qolgan va moliyaviy qiyin ahvolga tushgan hamyurtimiz O‘zbekistonga qaytarilgan bo‘lsa, avtohalokat oqibatida hujjatlari va mablag‘laridan ayrilgan fuqaroga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilib, aviachipta olib berildi.

Shu bilan birga, insultni boshdan kechirib, jarrohlik amaliyotidan so‘ng og‘ir ahvolda bo‘lgan fuqaroning mamlakatimizga qaytishi taʼminlandi. Yolg‘iz ona va uning voyaga yetmagan farzandi moliyaviy qiyinchiliklar sababli yurtimizga qaytarildi.

Ushbu fuqarolarning murojaatlarini ijobiy hal etish maqsadida O‘zbekiston Migratsiya agentligi mablag‘lari hisobidan ularni vatanga qaytarish ishlari tashkil etildi. Jarayonda Oqtovdagi Bosh konsulxona xodimlari tomonidan zarur konsullik-huquqiy va tashkiliy amaliy yordam ko‘rsatildi.

Mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi faoliyatini izchil davom ettirmoqda.