Majmua Xitoyning 500 ta yirik xususiy korxonasi qatoriga kiritilgan “Jiangsu World Group” korporatsiyasi tarkibiga kiradi.
Qiymati 20 million dollar boʻlgan loyiha toʻliq xorijiy investitsiya hisobidan moliyalashtirilib, 5 gektar maydonda joylashgan. 12 ming kvadrat metr maydonda ishlab chiqarish binolari barpo etilgan. Bu yerda 200 ta ish oʻrni yaratilib, ishlab chiqarishning ayrim jarayonlari avtomatlashtirilgan.
Ayni paytda korxonada “Nasaf” brendi ostida besh xil rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari va boshqa qishloq xoʻjaligi texnikalari yigʻilmoqda. Traktorlar GPS, avtopilot, oʻgʻitlashni boshqarish va masofadan nazorat qilish tizimlari bilan jihozlangan. Bu dala ishlarini aniq bajarish, yonilgʻi va boshqa resurslar sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Korxonada dala sharoitida texnikalarga xizmat koʻrsatish, nosozliklarni oldindan aniqlash va ulardan xavfsiz foydalanish boʻyicha muntazam oʻquv mashgʻulotlari ham oʻtkazilmoqda.
Traktorlarni yigʻishda mahalliylashtirish darajasi 30 foizni tashkil etadi. Korxonaning oʻzida 138 turdagi detal va butlovchi qism ishlab chiqarilmoqda. Butlovchi qismlar ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirish orqali mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirish muhimligi qayd etildi.
Yillik eksport hajmini 50 million dollarga yetkazish, mahsulotlarning 30 foizini qoʻshni davlatlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayoni va tayyor texnikalar bilan tanishdi.
– Shu paytgacha qishloq xo‘jaligi texnikalarini xorijdan olib kelardik. Bu esa tannarxga ta’sir qilardi. Qashqadaryoda fermerlarimizning ishini yengillashtiradigan zamonaviy texnikalarning o‘zimizda, o‘zimizning brendimiz ostida ishlab chiqarilishi bir paytlar orzu edi. Mahalliylashtirish – qishloq xo‘jaligidagi islohotlarimizning uzviy davomi. Bunday ishlarni izchil davom ettiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.