So‘nggi yillarda Migratsiya agentligi tomonidan fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishlash uchun yuborish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasida vatandoshlarimiz mehnat faoliyati olib borishlari mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni tobora ortib bormoqda.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishda tegishli litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ham xizmat ko‘rsatmoqda. 

Shu bilan birga, fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilib, ularning ishonchini suiiste’mol qilish orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirmoqchi bo‘layotganlar ham yo‘q emas.

Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ana shunday noqonuniy holat fosh etildi.

Xususan, Namangan shahrida faoliyat yurituvchi MChJ rahbari To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, u va uning 3 nafar tanishini Polsha Respublikasiga mavsumiy ishlashga noqonuniy ravishda yuborish evaziga 10,4 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 4,4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.