Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi oilaviy korxona vakili tegishli vakolatga ega bo‘lmagan holda fuqaro va uning ikki nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga u 3450 AQSH dollari talab qilib, shundan 3000 dollarni olgan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shunga o‘xshash holat Namangan viloyatida ham aniqlangan. Xususan, Namangan tumanida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni noqonuniy ravishda “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilgan. Ushbu xizmat uchun 1350 AQSH dollari talab qilinib, oldindan 1200 dollar olingan vaqtda DXX va IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan “Umra” ziyoratini tashkil etishni taklif qilayotgan shaxs va tashkilotlarning tegishli litsenziyasi mavjudligini tekshirish, shubhali takliflarga aldanmaslik hamda pul to‘lashda ehtiyotkor bo‘lish so‘ralmoqda.