Uchrashuvda Oʻzbekiston – Janubiy Koreya Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Yuqori martabali mehmon Oʻzbekiston Prezidentiga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Yetakchilarning Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Chuqur tarixiy doʻstlik rishtalari, oʻxshash mentalitet, anʼanalar va qadriyatlarga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Oʻzaro savdo va investitsiyalar koʻrsatkichlari barqaror oʻsib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshdi. Mamlakatimizda qariyb 1 mingta qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi. Ushbu mamlakat kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Koreya Eksimbanki va uning jamgʻarmalari bilan koʻp yillik samarali hamkorlik yuqori baholandi. Ular ishtirokidagi loyihalarning umumiy portfeli 2 milliard dollardan oshdi.
Koʻp tarmoqli klinika, kimyo markazi va farmatsevtika parki qurilishi davom etmoqda. Bugun Toshkent – Xiva yoʻnalishida birinchi “Hyundai Rotem” poyezdi qatnay boshladi.
Oʻzbekiston Prezidenti ustuvor yoʻnalishlarda yangi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish va hududlararo almashinuvlarni jadallashtirish muhimligini qayd etdi. Davlat moliyasini boshqarish tizimini raqamlashtirishda Koreya tomoni koʻmaklashishiga umid bildirildi.
Joriy yil kuz oyida Seul shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Koreya” sammiti va boshqa oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.