Tadbir doirasida muzeyning so‘nggi ikki yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari taqdim etildi. Jurnalistlar va blogerlar yangilangan ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishib, muzeyda joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar, multimedia yechimlari va sun’iy intellekt imkoniyatlarini amalda ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.

Muzey direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismailovaning ta’kidlashicha, rekonstruksiya jarayonida zamonaviy kommunikatsiya tizimlari bilan bir qatorda an’anaviy muzeyshunoslik usullari ham saqlab qolingan holda ekspozitsiyalar to‘liq qayta ishlangan.

— Muzeyda amalga oshirilgan islohotlar natijasida ekspozitsiyalar yangi formatga o‘tkazildi. Bu yerda tarixiy jarayonlarning ilmiy asoslangan va interaktiv tarzda namoyish etilishiga alohida e’tibor qaratdik, — dedi Jannat Ismailova.

Press-tur davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning qadimiy tarixidan to zamonaviy davrgacha bo‘lgan davrlarni qamrab olgan yangilangan ko‘rgazmalar namoyish etildi. Ayniqsa, vizual va interaktiv yechimlar orqali tarixni his etish imkoniyati katta qiziqish uyg‘otdi.

Muzeyda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatda madaniy merosni asrash va uni zamonaviy usullarda targ‘ib etishga qaratilgan davlat siyosati bilan uzviy bog‘liq ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi yirik muzey va markazlar ham qayta rekonstruksiya qilinib, yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.

Jannat Ismailova bu boradagi ishlar haqida quyidagicha fikr bildirdi:

— Muzeylar nafaqat tarixiy eksponatlar saqlanadigan joy, balki ma’naviy-ma’rifiy tarbiya markaziga aylanishi kerak. Bugungi islohotlar aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar mamlakatda madaniy merosni ilmiy asosda o‘rganish, uni keng jamoatchilikka yetkazish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yangilangan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bugungi kunda nafaqat mahalliy tashrif buyuruvchilar, balki xorijiy sayyohlar uchun ham tarix, ilm va ma’rifat uyiga aylanmoqda.

Zulxumor Akbarova,

Madina Botirjonova