Biroq internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli parhezlar, “tez ozdiruvchi” usullar hamda ilmiy asoslanmagan tavsiyalar ko‘pchilikni adashtirib qo‘ymoqda. Natijada ayrim insonlar qisqa muddatda vazn tashlashga erishsa-da, biroq keyinchalik sog‘lig‘ida muammolar paydo bo‘lishi yoki yo‘qotilgan vazn yana qaytib kelishi mumkin.

Ozish uchun och qolish kerakmi? Kechki ovqatdan voz kechish foydalimi? Intervalli ochlik kimlarga mos? Qaysi mahsulotlarni cheklash zarur? Ushbu savollarga aniq javob olish maqsadida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi assistenti, shifokor-diyetolog Nilufar Ahunova bilan suhbatlashdik.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, sog‘lom ozishning eng muhim sharti — bu intizom, sabr va turmush tarzini bosqichma-bosqich o‘zgartirishdir.

Ozishning eng sog‘lom va xavfsiz usuli qanday?

Diyetologning aytishicha, organizm uchun eng xavfsiz vazn yo‘qotish usuli — vaznni asta-sekin kamaytirishdir. Haftasiga taxminan 0,5–1 kilogramm vazn tashlash organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

— Ko‘pchilik qisqa muddatda katta natija kutadi. Aynan mana shu eng katta xatolardan biri. Organizmga keskin yuklama berish, qattiq parhezlar va ochlik aksariyat hollarda salbiy oqibatlarga olib keladi. Vazn tashlash jarayonida to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, sifatli uyqu va dam olish bir-biri bilan uyg‘un bo‘lishi kerak, — deydi mutaxassis.

Nega uyqu ozishda muhim ahamiyatga ega?

Suhbat davomida mutaxassis uyquning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, organizmda melatonin gormoni ishlab chiqarilishi uyqu sifati bilan chambarchas bog‘liq. Ushbu gormon uyqu va uyg‘oqlik jarayonlarini boshqaradi, ruhiy holatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, immun tizimini qo‘llab-quvvatlaydi va moddalar almashinuvining me’yorida ishlashiga yordam beradi.

Yetarli uyqu insonning diqqatini oshiradi, xotirasini mustahkamlaydi hamda stress darajasini kamaytiradi. Shu sababli ozishni istagan insonlar avvalo uyqu rejimini tartibga solishi lozim.

To‘g‘ri ovqatlanish nima degani?

Mutaxassisga ko‘ra, to‘g‘ri ovqatlanish faqat kaloriyani kamaytirish emas. Ratsionda oqsillar, foydali yog‘lar, sabzavotlar, mevalar va organizm uchun zarur bo‘lgan vitamin hamda mikroelementlar yetarli bo‘lishi kerak. Shuningdek: fastfud mahsulotlarini kamaytirish, qayta ishlangan oziq-ovqatlarni cheklash, shakar iste’molini nazorat qilish, porsiya hajmiga e’tibor berish hamda kun davomida yetarli miqdorda suv ichish tavsiya yetiladi. Ovqatni shoshilmasdan iste’mol qilish ham sog‘lom ovqatlanishning muhim qismi hisoblanadi.

Diyeta foydalimi yoki xavflimi?

Ko‘pchilik diyeta deganda o‘zini och qoldirish yoki faqat ayrim mahsulotlarni iste’mol qilishni tushunadi.

— Diyeta bu och qolish degani yemas. To‘g‘ri tuzilgan ovqatlanish tartibi organizmga foyda beradi. Ammo ikki kun amal qilib, keyin rejimni buzish yoki keskin cheklovlar qo‘llash sog‘liq uchun zararli bo‘lishi mumkin, — deydi mutaxassis.

Tez ozdiruvchi parhezlarning qanday zarari bor?

Mutaxassis keskin vazn tashlashga qaratilgan parhezlarni tavsiya yetmadi. Bunday usullar: holsizlik, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, mushak massasining kamayishi, moddalar almashinuvining buzilishi hamda vaznning qayta ortishi kabi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Kechki ovqatdan voz kechish kerakmi?

Ko‘pchilik vazn tashlash uchun kechki ovqatni butunlay bekor qilishga harakat qiladi. Biroq mutaxassis buni noto‘g‘ri deb hisoblaydi. Uning aytishicha, kechki ovqatni umuman iste’mol qilmaslik organizm uchun stress holatini yuzaga keltiradi. Muhimi, kechki ovqat yengil va me’yorida bo‘lishidir. Vazn tashlashni istovchilar uchun kechki ovqatni soat 18:00–18:30 gacha iste’mol qilish tavsiya yetiladi.

Sport bilan shugullanish uchun eng yaxshi vaqt qaysi?

Diyetologning fikricha, sport bilan shug‘ullanish uchun eng yaxshi vaqt — insonning o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqt. Muhimi, mashg‘ulotlar muntazam bo‘lishi kerak. Jismoniy mashqdan 2,5–3 soat oldin ovqatlanish tavsiya etiladi. Mashg‘ulotdan keyin yesa birdaniga og‘ir taom iste’mol qilish maqsadga muvofiq yemas.

Ozishga yordam beruvchi mahsulotlar qaysilar?

Mutaxassis sabzavotlarning ratsiondagi o‘rni juda muhim ekanini ta’kidladi. Ozish jarayonida quyidagi mahsulotlar foydali hisoblanadi: pomidor, bodring, ko‘katlar, brokkoli, karam va bulg‘or qalampiri.

Mevalardan esa olma, nok, apelsin, mandarin va rezavor mevalar tavsiya etiladi. Biroq har bir insonning organizmi turlicha bo‘lgani uchun mahsulotlar individual ravishda tanlanishi kerak.

Qaysi mahsulotlarni cheklash kerak?

Mutaxassisning aytishicha, gazli shirin ichimliklar va fastfud mahsulotlari organizm uchun eng zararli odatlardan biridir. Bundan tashqari, qovurilgan taomlar, o‘ta yog‘li mahsulotlar, shirinliklarning ortiqcha iste’moli ham vazn ortishiga sabab bo‘ladi.

Shirin ichimliklar qondagi glyukoza miqdorini oshiradi, moddalar almashinuviga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va semirish xavfini kuchaytiradi.

Och qolish ozishga yordam beradimi?

Mutaxassisning ta’kidlashicha, och qolish sog‘lom ozish usuli emas. Dastlab inson vazni kamaygandek ko‘rinsa-da, keyinchalik organizm stress holatiga tushadi va bu vaznning qayta ortishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun vazn tashlash uchun ovqatdan voz kechish emas, balki ratsionni to‘g‘ri tashkil yetish muhim.

Kuniga qancha suv ichish kerak?

Sog‘lom inson uchun kuniga o‘rtacha 1,5–2 litr suv ichish tavsiya yetiladi. Ammo ayrim kasalliklarda suv miqdori shifokor tavsiyasiga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin.

Husnbuzar va ovqatlanish o‘rtasida bog‘liqlik bormi?

Shifokorning aytishicha, husnbuzarlarning paydo bo‘lishiga hazm tizimidagi muammolar, noto‘g‘ri ovqatlanish va stress ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, teri parvarishi va shaxsiy gigiyenaga ye’tibor bermaslik ham ushbu muammoni kuchaytiradi.

Vitaminlar nega muhim?

Organizmda vitamin va mikroelementlar yetishmasligi holsizlik, uyquchanlik, soch to‘kilishi, tirnoqlarning mo‘rtlashishi hamda teri bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Mutaxassis oqsil, temir, rux, omega-3, omega-6, omega-9 hamda C, D va B guruhi vitaminlari organizm uchun alohida ahamiyatga yega yekanini ta’kidladi.

Ozishda eng ko‘p uchraydigan xatolar qaysilar?

Mutaxassisga ko‘ra, odamlar eng ko‘p quyidagi xatolarga yo‘l qo‘yadi: tez natija kutish, doimiy ravishda taroziga qarash, noto‘g‘ri parhezlarga amal qilish, bir muddat amal qilib, keyin rejimni buzish.

Intervalli ochlik hamma uchun mosmi?

So‘nggi yillarda ommalashgan intervalli ochlik usuli ham har bir inson uchun mos kelavermaydi. Diyetologning aytishicha, bu usul: bolalar, homilador ayollar, emizikli onalar, hazm tizimi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan bemorlarga tavsiya yetilmaydi. Zero, bunday usulni qo‘llashdan oldin albatta mutaxassis bilan maslahatlashish lozim.

Asabiylashish ozdiradimi?

Bu fikr qisman to‘g‘ri bo‘lsa-da, doim ham shunday yemas. Stress ayrim insonlarda ishtahani kamaytirsa, boshqalarda aksincha kuchaytiradi. Kortizol gormoni ko‘payishi yesa qorin sohasida yog‘ to‘planishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Vazn qaytib kelmasligi uchun nima qilish kerak?

Mutaxassisning aytishicha, vazn tashlashdan ham muhimrog‘i uni saqlab qolishdir. Buning uchun: sog‘lom ovqatlanishni odatga aylantirish, muntazam harakat qilish, uyqu rejimiga rioya yetish, stressni nazorat qilish hamda mutaxassis tavsiyalariga amal qilish kerak.

Sog‘lom hayotning uchta oltin qoidasi

Suhbat yakunida Nilufar Ahunova sog‘lom turmush tarzini boshlamoqchi bo‘lgan insonlarga uch muhim tavsiyani berdi: Birinchisi — sifatli uyqu. Ikkinchisi — muvozanatli va to‘g‘ri ovqatlanish. Uchinchisi — muntazam jismoniy faollik.

Inson o‘z oldiga maqsad qo‘yib, unga qat’iyat bilan amal qilsa, sog‘lom vazn va yaxshi salomatlikka albatta erisha oladi. Eng muhimi, tez natija ortidan quvmaslik, organizmga quloq tutish va sog‘lom turmush tarzini kundalik odatga aylantirishdir.

Zulxumor Akbarova