Qazish ishlari vaqtida inson suyaklari, bronzadan yasalgan bilaguzuklar, turli taqinchoqlar va mayda munchoqlar topilgan. Fuqaro topilma haqida zudlik bilan Ya.Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergan.
Institut mutaxassislari topilma joyini koʻzdan kechirib, aniqlangan arxeologik ashyolar hamda inson suyak qoldiqlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirgan va ilmiy oʻrganish uchun qabul qilib olgan.
Dastlabki kuzatuvlarga koʻra, bronza bilaguzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon bezaklari bilan ajralib turadi. Ularning shakli va bezak xususiyatlari bronza davrining soʻnggi bosqichida yashagan dasht chorvador qabilalari madaniyatiga xos taqinchoqlarga oʻxshash.
Zarafshon vodiysidagi qator manzilgoh va qabristonlardan ham bronza davriga oid, dasht chorvador aholisi madaniyati bilan bogʻliq arxeologik materiallar aniqlangan. Bunday yodgorliklar, odatda, miloddan avvalgi XIII–X asrlar bilan sanalib, Andronovo–Tozabogʻyob madaniy doirasi bilan bogʻlanadi.
Shu bilan birga, Darvozagʻoza qishlogʻida aniqlangan yangi topilmaning aniq davri va madaniy mansubligi hozircha uzil-kesil belgilanmagan. Bu masala maxsus arxeologik qazishmalar, antropologik tadqiqotlar hamda metall buyumlarning laboratoriya tahlillari natijasida oydinlashtiriladi.
Mutaxassislar eslatishicha, yer qazish yoki qurilish ishlari jarayonida qadimiy buyumlar, inshoot qoldiqlari yoki inson suyaklari aniqlansa, ishlarni darhol toʻxtatish hamda tegishli davlat organlari va arxeologiya mutaxassislariga xabar berish lozim. Bu madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va ularni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.