Soʻnggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Soliq yuki qisqartirildi, koʻplab litsenziya va ruxsat berish tartiblari soddalashtirildi, davlat xizmatlari raqamlashtirildi, tadbirkorlarni tekshirish tizimi qayta koʻrib chiqildi.
Shu
bilan birga, tadbirkorlar bilan doimiy muloqotlar, ular bildirgan fikrlar va
tahlillar koʻrsatmoqdaki, bugun tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan
muammolar ortiqcha maʼmuriy talablar, huquqni qoʻllashdagi ziddiyatlar va
byurokratik yondashuvlar bilan bogʻliq.
Prezidentimiz
huzurida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotlar, joylardagi oʻrganishlar va
bildirilgan takliflar asosida biznes muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik
faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish hamda qonunchilikni
takomillashtirishga qaratilgan taqdimot oʻtkazildi. Taqdimotda sohadagi dolzarb
masalalar atroflicha muhokama qilinib, mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab
berildi.
Jumladan,
soʻnggi vaqtlarda tadbirkorlar va jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan
eng dolzarb masalalardan biri peshlavhalar va tashqi axborot obyektlarini
reklama sifatida baholash amaliyotidir.
Amaldagi
tartibga koʻra, ayrim holatlarda tadbirkorlik subyektining nomi, faoliyat turi
yoki brend belgisi ham reklama sifatida baholanib, tadbirkordan alohida pasport
rasmiylashtirish va tegishli toʻlovlarni amalga oshirish talab qilinmoqda edi.
Natijada
biznes subyektlari qoʻshimcha maʼmuriy va moliyaviy bosimga duch kelmoqda.
Ayrim hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan reklama pasporti
rasmiylashtirilmagani sababli peshlavhalarni demontaj qilish holatlari
kuzatilmoqda. Bu esa tadbirkorning mulkiga zarar yetkazish bilan birga uning
iqtisodiy faolligiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Masalan,
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish tarmogʻida brend
belgilari olib tashlanishi natijasida buyurtmalar soni 10 foiz, oylik tushum
esa oʻrtacha 100 million soʻmga kamaygan. Bu raqamlar ortida faqat bitta
tadbirkorning zarari emas, balki xizmat koʻrsatish sohasidagi iqtisodiy
faollikning pasayishi ham mujassam.
Reklama
joyi pasportini olmagan yuridik shaxslarga BHMning 50 baravari miqdorida jarima
qoʻllanilishi belgilangan boʻlib, 2025-yilning oʻzida 384 shaxsga nisbatan jami
8,2 milliard soʻm jarima qoʻllangan.
Aslida
esa koʻplab xorijiy davlatlarda peshlavha reklama emas, balki tadbirkorlik
subyektini identifikatsiya qilish vositasi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan,
tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi haqidagi axborotni reklama
hisoblamaslik, buning uchun pasport talabini bekor qilish hamda “dizayn-kod”
talablarini bosqichma-bosqich joriy etish, avvalo, madaniy meros hududlarida
qoʻllash boʻyicha takliflar biznes muhitini erkinlashtirishda muhim ahamiyatga
ega boʻldi.
Tadbirkorlik
faoliyatining barqaror rivojlanishidagi yana bir muhim masala soliq sohasida
huquqiy barqarorlik yetarli darajada taʼminlanmaganidadir. Ayrim soliq
imtiyozlari Prezident farmonlari va hukumat qarorlari bilan berilgan boʻlsa-da,
ular Soliq kodeksiga kiritilmagani sababli amaliyotda turli nomuvofiqliklar
yuzaga kelmoqda.
Bu
esa tadbirkor uchun eng muhim omil — huquqiy ishonch tamoyiliga salbiy taʼsir
koʻrsatadi. Chunki tadbirkor investitsiya kiritayotganda qabul qilingan
qarorlarning barqarorligiga tayanadi. Agar bu qarorlar keyinchalik boshqacha
talqin qilinib, qoʻshimcha soliq va penyalar hisoblansa, bu investitsiya
muhitiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Jumladan,
kamida toʻrt yulduzli mehmonxonalar uchun belgilangan soliq imtiyozlari Soliq
kodeksiga kiritilmagani sababli soʻnggi vaqtlarda 35 nafar tadbirkorning 30,3
milliard soʻmlik imtiyozlari bekor qilinib, qoʻshimcha soliq va penyalar hisoblangan.
Bu
holat iqtisodiyotda bir muhim haqiqatni namoyon etmoqda: investor uchun
imtiyozning oʻzi emas, uning huquqiy kafolati muhim. Shu bois, soliq
imtiyozlarini Soliq kodeksiga toʻliq integratsiya qilish va ularning huquqiy
aniqligini taʼminlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Soliq
maʼmurchiligida tadbirkorlarni qiynayotgan yana bir jiddiy masala penyalarning
asosiy qarzdorlik summasidan oshib ketishidir. Ayrim hollarda nisbatan kichik
soliq qarzi yillar davomida katta moliyaviy yukka aylanmoqda.
Masalan,
Nurobod tumanidagi tadbirkorning 30,8 million soʻmlik QQS qarziga 37,3 million
soʻm penya hisoblangani bu sohada mutanosiblik tamoyilini taʼminlash
zarurligini koʻrsatadi.
Bozor
iqtisodiyoti sharoitida jazo choralari tadbirkorlik faoliyatiga salbiy taʼsir
koʻrsatish vositasiga emas, balki intizomni taʼminlash mexanizmiga aylanishi
kerak. Shu bois, penya miqdorini asosiy qarzdorlik summasidan oshirmaslik
boʻyicha huquqiy normalarni qayta koʻrib chiqish iqtisodiy adolat nuqtayi
nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Nazorat-kassa
texnikasi bilan bogʻliq jarimalar masalasi ham qayta koʻrib chiqishni talab
etadi. Amalda chek bermaslik bilan bogʻliq huquqbuzarlik uchun 5 million soʻm
miqdorida yagona jarima belgilangan. Biroq bu jarima yirik biznes va kichik
tadbirkor uchun bir xil qoʻllanilmoqda.
Natijada
ayrim kichik tadbirkorlik subyektlari moliyaviy bosimga dosh bera olmay, oʻz
faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlmoqda. Masalan, bir tadbirkorlik subyekti
35-marta tekshirilib, unga 260 million soʻm jarima qoʻllanilgan. Boshqa bir
subyekt esa bir necha tekshiruvdan keyin oʻz faoliyatini tugatgan.
Raqamlashtirish
jarayonlari ham iqtisodiyot uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Biroq raqamli
boshqaruv inson omilini qisqartirishi bilan birga huquqiy masʼuliyatni ham aniq
belgilashi lozim.
Bugun
QQS toʻlovchisi guvohnomasini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorlar
avtomatlashgan tarzda qabul qilinmoqda. Biroq amaliyotda bunday qarorlarning
ayrimlari sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topilmoqda. 2025-yilda 200 dan
ortiq shunday qaror bekor qilingani raqamlashtirish jarayonlari ham huquqiy
kafolatlar bilan uygʻun boʻlishi shartligini koʻrsatadi.
Umumiy
ovqatlanish sohasidagi ayrim tartib-taomillar tadbirkorlar uchun ortiqcha
maʼmuriy yukni keltirib chiqarmoqda. Xususan, QQSning bir qismini qaytarish
tartibida naqd pulsiz tushum ulushiga bogʻliq talablar ayrim holatlarda naqd
tushumlarni yashirish xavfini yuzaga keltirishi mumkin.
Shuningdek,
ekologik ekspertiza va kompensatsiya toʻlovlari bilan bogʻliq ortiqcha
tartib-taomillar ham kichik biznes uchun qoʻshimcha xarajat va vaqt talab
qilmoqda. Ayrim holatlarda kompensatsiya miqdori juda kichik boʻlsa-da, uni
rasmiylashtirish jarayonining oʻzi tadbirkor uchun ortiqcha byurokratik yukka
aylanmoqda.
Tahlillardan
koʻrinib turibdiki, bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy
sharti yangi imtiyozlar berish bilan bir qatorda ortiqcha byurokratik
toʻsiqlarni qisqartirish, huquqiy aniqlikni taʼminlash va davlat organlari
faoliyatida “qoʻllab-quvvatlash” tamoyilini qaror toptirishdan iborat.
Shu
maʼnoda, bugun tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi faqat iqtisodiy
koʻrsatkichlar yoki statistik raqamlar bilan emas, balki mamlakatning barqaror
iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti bilan ham bevosita bogʻliq.
Davlatimiz
rahbari taqdimotda tadbirkorlik uchun ortiqcha toʻsiqlarni kamaytirish, nazorat
va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish
jarayonlarini biznes uchun qulaylik yaratadigan samarali vositaga aylantirish
zarurligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek,
mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini toʻliq ishga solish, korxonalarni
moliyaviy sogʻlomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish,
yangi ish oʻrinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun yanada qulay
shart-sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Bu,
avvalo, mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy sektorni
iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylantirish borasidagi islohotlar izchil
davom etayotganini koʻrsatadi. Chunki zamonaviy iqtisodiyot sharoitida
tadbirkorga davlat idoralari eshigida sarson boʻlib yuradigan subyekt emas,
balki iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydigan asosiy kuch sifatida qaralishi lozim.
Agar
tadbirkor vaqt va resursini ortiqcha byurokratik jarayonlarga emas, ishlab
chiqarish, xizmat koʻrsatish, innovatsiya va eksportni kengaytirishga sarflasa,
bu butun iqtisodiyot samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Biznes-ombudsman
tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari
bilan biznes oʻrtasida ochiq va konstruktiv muloqotni taʼminlash hamda
tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlab,
ularni bartaraf etish yoʻnalishidagi ishlarni izchil davom ettiradi.
Amaliyotda
uchrayotgan muammolarni tahlil qilish, huquqni qoʻllashdagi nomuvofiqliklarni
aniqlash, tadbirkorlik muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ortiqcha maʼmuriy
tartib-taomillarni qisqartirish va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha
takliflarni ishlab chiqish orqali iqtisodiy islohotlarning samaradorligini
taʼminlashga hissa qoʻshadi.
Bugun
tadbirkor uchun eng muhim masala huquqiy kafolat va ishonchdir. Agar tadbirkor
oʻz huquqlari himoya qilinishiga, muammosi eshitilishiga va davlat organlari
bilan munosabatlarda qonuniylik taʼminlanishiga ishonsa, u oʻz faoliyatini
yanada kengaytiradi, yangi investitsiya kiritadi va yangi ish oʻrinlari
yaratadi.
Abdumannop BOʻRIYEV,
Tadbirkorlik subyektlarining
huquqlari
va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish boʻyicha vakil