Mamlakatimizdagi bugungi tinchlikparvar siyosat ham aynan mana shu milliy qadriyatlarimizga, ajdodlar merosiga tayanadi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi samimiyat va strategik hamkorlikning yangi davri boshlanishida ham ana shu azaliy gʻoya mujassam.
Yurtimizda
9-may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu
kun Ikkinchi jahon urushining olovli janggohlarida halok boʻlgan
ota-bobolarimiz yod etiladigan, oramizdagi faxriylarimiz eʼzozlanadigan sana.
Bu dahshatli urushga Oʻzbekistondan 1 million 950 ming 700 yurtdoshimiz
safarbar etilib, ularning 896 ming 366 nafari qahramonlarcha halok boʻlgan.
Prezidentimiz
taʼkidlaganidek, oʻzbek oʻgʻlonlari fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga beqiyos
hissa qoʻshgan, 200 mingdan ortiq askar va ofitserimiz jangovar orden va
medallar bilan taqdirlangan, 301 nafari esa qahramon unvoniga sazovor boʻlgan.
Bu raqamlar xalqimiz jasoratiga yorqin misoldir.
Shunday
ulugʻ ayyom arafasida marhum otam Qoʻziboy (qishlogʻimizda Tojiqoʻzi buva
deyishardi) Rahimovni sogʻinch bilan xotirlayman. Padari buzrukvorim ham urush
mashaqqatlarini boshdan kechirgan, zafar qozonib qaytgan zahmatkash insonlardan
edi.
Otam
janglarda koʻrsatgan jasorati uchun 1943-yilda III darajali “Shuhrat” ordeni
bilan taqdirlangan. Lekin taqdir taqozosi bilan bu mukofot oradan 31 yil oʻtib,
1974-yilda topshirildi. Oʻshanda Baliqchi tumani harbiy komissariatida boʻlib
oʻtgan tantanali marosim, yaqinlarimiz va qoʻni-qoʻshnilarning quvonchi haligacha
koʻzim oʻngida. Otamga ikkinchi guruh nogironi sifatida navbatsiz “Zaporojes”
avtomashinasini sotib olish huquqi berilgan edi. Oʻsha vaqtlarda urushning
birinchi guruh nogironlariga bunday avtomashinalar bepul berilardi.
Har
yili bayram arafasida otam haqidagi xotiralarimni qogʻozga tushirishga harakat
qilaman. Maqsadim uning porloq ruhiga hurmat bajo keltirish, farzandlarim va
nabiralarimga, qolaversa, yosh avlodga insoniy fazilatlarini oʻrnak qilib
koʻrsatishdir.
Bugun
otam va u kishining qadrdoni, qoʻshnimiz Toʻxliboy buvaning Sirdaryo safari
bilan bogʻliq bir ibratli voqeani eslamoqchiman. Toʻxliboy buva ham urush
qatnashchisi, adashmasam, dadamdan 4-5 yosh katta edi.
Otam
urushda uch joyidan yarador boʻlgan. Dushmanning bir oʻqi chap qoʻliga, ikkitasi
oʻng oyogʻiga tekkan. Yillar oʻtib, oʻqlar asorati tufayli otamning oyogʻi
surunkali ogʻriydigan boʻlib qolgan. Shu bois, har yili Namangandagi “Chortoq”
sihatgohida davolanardi. Bir gal sanatoriyda sirdaryolik Vohid aka ismli odam
bilan tanishib qolibdi. Davolanish tugagach, otam Vohid akani Baliqchiga —
uyimizga ergashtirib keldi. Oʻsha vaqtlarda mehmon kelsa, qoʻni-qoʻshni, butun
mahalla toʻplanar, tonggacha askiya, gurung avjiga chiqardi. Sirdaryolik
mehmonimiz ham soʻzga usta, dilkash inson ekan, hammamizga yoqib qoldi.
Ertasiga
dadam bilan mehmonlarni Shahrixonga olib bordik. Mehmonlar toʻy qilish
arafasida ekan, shekilli, Shahrixon bozoridan bir nechta toʻn va doʻppi, yana
nimalardir xarid qildi. Keyin ularni
Boʻz (hozirgi Boʻston) tumanigacha kuzatib bordik.
Oradan
bir yil oʻtib, Vohid aka farzandlari bilan biznikiga mehmon boʻlib keldi. Uning
bir yilda bir marotaba butun respublika boʻylab oʻziga yaqin doʻstlarini
yoʻqlash odati bor ekan. Mehrni qarang. Mehmonlar kelganini eshitib, taklifni
kutib oʻtirmay, qoʻshnilarimiz chiqdi. Diydorlashuv, xursandchilik, kulgi va
askiya tonggacha davom etdi. Ertasi kuni qoʻshnimiz Toʻxliboy buvaning nonushta
dasturxonidan soʻng mehmonlar Namangan va Qoʻqonga borishlarini, u yerdagi
qadrdon doʻstlarni yoʻqlab, undan Xoʻjandga oʻtishlarini aytdi. Ketar chogʻi
dadam bilan Toʻxliboy buvani Sirdaryoga mehmonga taklif qildi.
Bir
yili yoz kunlarida otam va Toʻxliboy buva Vohid akani yoʻqlab Sirdaryoga
joʻnadi. Oʻshanda bir kunda qaytib kelishni reja qilgan qoʻshnilar Sirdaryoda
naqd bir hafta qolib ketgan edi. Otamning aytishicha, Vohid aka mehmonlarni
avval ota yurti — Tojikistonning Oʻratepasiga mehmondorchilikka, keyin esa
Samarqandga ziyoratga olib boribdi. Xullas, ikki qoʻshni bir hafta deganda uyga
qaytdi. Bu voqea bugun anqoning urugʻiga aylanib borayotgan mehr-oqibat va
begʻubor doʻstlikka yaqqol misol boʻla oladi.
Safardan
qaytgan otamni yoʻqlab, amakim, ammam, qoʻshnilar biznikiga toʻplandi. Yana
dasturxon yozildi, safar taassurotlari aytildi, oʻtgan-ketganlar eslandi.
Har
safar otam haqidagi bunday shirin xotiralarni eslaganimda maʼnan
ragʻbatlanaman. Baʼzan Toshkentning shiddatli hayotida topganlarim va
yoʻqotganlarimni taroziga solaman. Yoʻqotganlarim tarozi pallasini bosib
ketganda aynan mana shunday mehrli xotiralar qalbimga taskin beradi.
Bizni
imon-eʼtiqodli, odamlarga yaxshilik qilish ruhida tarbiyalagan otam Tojiqoʻzi
buva va onam Karomatxondan bir umr minnatdorman. Hayotning asl mazmuni ham mana
shunday shirin xotiralar bilan tirik ekan.
Otamning
pasportida tugʻilgan yili 1926-yil deb koʻrsatilgan. Biroq tugʻilgan sanasi
aniq yozilmagan. Menimcha, oʻsha davrlarda sodda odamlar tugʻilgan kun sanasini
aniq eslab qolmagan. Agar hozir ham yoshi ulugʻlardan katta yoki kichik
farzandingiz qachon tugʻilgan deb soʻrasangiz, falon yilning erta bahorida yoki
oʻrik pishganda deb javob beradi.
Shuning
uchun biz ham otamning tugʻilgan kunini moslab, 9-may deb belgilab olgan edik.
Har yili uydagilar bilan 9-mayni ham bayram, ham otamning tugʻilgan kuni
sifatida nishonlardik va hozir ham shunday.
Vaqtning
oʻtishini qarang. Otam hayot boʻlganida bu yil 100 yoshni qarshilagan boʻlardi.
Ilohim, oʻtganlarning oxirati obod boʻlsin. Zero, xotira — muqaddas, qadr —
aziz.
Abdumannob RAHIMOV,
yuridik fanlar doktori