Davlatimiz rahbari katta futbol bayrami – AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘ladigan jahon chempionati oldidan barchani qutladi.

“Biz bu kunlarni butun xalqimiz, futbol ishqibozlari bilan 34 yil kutdik. Shu ma’noda, futbolchilarimizni O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochgan zamonamiz qahramonlari deb aytsak arziydi.

Chunki ular har bir o‘yinga yuqori tayyorgarlik ko‘rib, yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik ruhi bilan faqat g‘alaba uchun maydonga tushdi. Xalqimizga olam-olam quvonch bag‘ishladi.

To‘g‘risini aytsam, mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan kuni ko‘zimga uyqu kelmadi. Barcha yurtdoshlarimiz kabi men ham ich-ichimdan quvondim, bayram qildim.

Fursatdan foydalanib, maydonda jasorat va mahorat ko‘rsatgan futbolchilarimizga, ularni tarbiyalab, voyaga yetkazgan ota-onalari, ustoz va murabbiylariga tashakkur izhor etaman”,

– dedi davlatimiz rahbari.

“Bugungi uchrashuvimizda taniqli shoir, adib va san’atkorlarimiz ham ishtirok etyapti. Ular maydonda jasorat va matonat ko‘rsatgan futbolchilarimiz haqida yangi she’r va asarlar yozmoqda, qo‘shiq va madhiyalar yaratmoqda.

Tadbirkorlarimizni aytmaysizmi. Ular ham allaqachon harakatni boshlab yuborgan. Biznes vakillari sizlar orqali milliy brendini dunyoga tanityapti, yangi bozorlarga chiqyapti.

Aziz farzandlarim, ko‘ryapsizlarmi? Sizlar nafaqat sport rivojiga hissa qo‘shyapsiz, balki tadbirkorlarimizga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, adabiyot va san’at ahliga yangi ilhom, yangi ruh va qanot beryapsiz.

Yoshlarimizga haqiqiy o‘rnak bo‘ldingiz. “Men ham mashhur futbolchi bo‘laman” degan bolajonlarimiz safi ko‘payib bormoqda. Xalqimiz sizlar bilan doim faxrlanadi!”

– dedi Prezident.