To‘rt yil avval Hindistonning Chennay shahrida terma jamoamiz ilk bor shaxmat olimpiadasi chempioni bo‘ldi. 2024-yil Budapeshtda uchinchi o‘rinni egalladi, bugun esa Samarqandda yana oltin medalga erishdi. 

– Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – o‘zbek shaxmatining yangi darajasi, – dedi Prezidentimiz. 

Davlatimiz rahbari avval ham yurtimizda iste’dodli shaxmatchilar ko‘p bo‘lganini, biroq ularni qo‘llab-quvvatlaydigan va birlashtiradigan tizim yetishmaganini qayd etdi. 2018-yilda qabul qilingan qarordan so‘ng maktablarda shaxmat o‘qitish, murabbiylar tayyorlash va klublarni rivojlantirish yo‘lga qo‘yildi. 

Besh yil avval FIDE reytingidagi eng kuchli o‘n mamlakat qatoriga kirish maqsad qilingan edi. 

“Bizning ezgu maqsadimiz ortig‘i bilan reallikka aylanib ulgurdi”, – dedi davlatimiz rahbari hamda ushbu natijaning asosida uzoq muddatli strategiya va izchil mehnat turganini ta’kidladi. 

So‘nggi o‘n yilda 17 nafar shaxmatchimiz xalqaro grossmeyster unvonini oldi, ularning besh nafari ayollardir. Prezidentimiz chempionlar hali juda yosh ekani, ularning ortidan esa yuzlab va minglab iste’dodli bolalar yetishib kelayotganini qayd etdi.