Banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshdi. Birinchi yarim yillikning oʻzida kichik va oʻrta biznesga 76,5 trillion soʻm resurs ajratildi.
Yaqinda “kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ishga tushdi. Tadbirkor bitta ariza beradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi, biznesni endi boshlayotganlar 5 milliard soʻmgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin boʻladi.
Endi biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganlar uchun “Biznes lift”, yangi oʻsish bosqichiga oʻtayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” doirasida tadbirkorlar sunʼiy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritishni oʻrganadi. Bu maqsadga 100 milliard soʻm ajratilib, tayyor biznes-reja va 200 million soʻmgacha garovsiz kredit beriladi.
– Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qoʻllab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.