Qonun loyihasi bilan profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda xizmatni oʻtash tartibini aniq belgilash taklif etilmoqda.

Hujjatda profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalariga aloqador boʻlmagan ishlarga jalb qilish va unga qoʻshimcha vazifalar yuklashga yoʻl qoʻymaslik belgilanmoqda.

Shuningdek, profilaktika inspektorlarining aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytirish nazarda tutilgan. Unga koʻra, inspektorlar har chorakda xizmat hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot berishi kerak boʻladi.

Qonun loyihasida aholining profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish mexanizmini joriy etish ham taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini davlat tomonidan himoya qilish, mehnatiga munosib haq toʻlash, xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha kafolatlar belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash, profilaktika inspektorlarining masʼuliyati va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.