Shu kayfiyatda sayohatchi sifatida Toshkentdan Dushanbega yoʻl olgan avtobusga chiqdim. Oʻsha paytda bu safar shunchaki yoʻl emasligi, balki tarix, doʻstlik va qayta tiklangan munosabatlar izidan kechadigan maʼnaviy sayohatga aylanishini hali toʻliq his qilmagan edim.

Avtobus sekin harakatlana boshlarkan, ortda qolib borayotgan manzaralar bilan birga xayolimda oʻtmish sahifalari varaqlana boshladi. Bir paytlar Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashib, chegaralar yopilgan, qarindosh-urugʻlar bir-birini sogʻinib, yillab uchrasha olmagan edi. Ammo tarix charxpalak kabi aylandi. Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbarligiga kelgach, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Viza tartibining bekor qilinishi, chegaralarning ochilishi, xalqlar oʻrtasidagi bordi-keldi munosabatlari qayta tiklanishi — bularning barchasi nafaqat siyosiy qaror, balki insonlar qalbini yaqinlashtirgan ulkan voqea boʻldi.

Bugun bu yangilanishlar barcha sohada samara bermoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi qariyb bir milliard dollarga yetdi. Eng muhimi, odamlar yana bir-biriga yoʻl topdi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonga eng koʻp kelayotgan xorijliklar orasida tojikistonliklar yetakchilar qatorida. Oʻz navbatida, oʻzbekistonliklar ham eng koʻp Tojikistonga safar qilmoqda. Bu raqamlar quruq hisob-kitob emas, balki qalblar yaqinligining ifodasi.

Biz ketayotgan avtobusdagi muhit ham xuddi kichik doʻstlik makonini eslatardi. Yoʻlovchilar orasida turli kasb, turli taqdir egalari bor. Shular orasida men uchun qiziqarlisi “Ovozi tojik” gazetasi muxbiri, ikki mamlakat Yozuvchilar uyushmalari aʼzosi, shoir Abdullo Subhon bilan ­suhbat ­boʻldi. Ijodkor Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi taklifi bilan Dushanbedagi Navroʻz tantanalarida ishtirok etish uchun ketayotgan ekan.

— Biz bir daryodan suv ichgan xalqlarmiz, — deydi shoir oynaga tikilgancha. — Bir zamonlar oramizga sunʼiy devorlar qoʻyildi, yoʻllar toʻsildi. Shu yillarda qancha dillar hijron azobini tortdi. Qancha insonlar yaqinlarini sogʻinib yashadi, qanchasi esa eng ogʻir kunlarda — otasi, onasi yoki azizlarini soʻnggi manzilga kuzatish paytida bir-birining yonida boʻla olmadi. Ilgari menga ham Tojikistondagi turli tadbirlarda qatnashish uchun taklifnomalar kelar, ammo viza olishdagi qiyinchiliklar, sarsongarchiliklar, cheklovlar sabab koʻpincha bu ­imkoniyatlar orzuligicha qolib ketar edi. Bugun esa manzara ­mutlaqo boshqacha. Ikki davlat rahbarlarining uzoqni koʻzlagan siyosiy irodasi, xalq manfaatini hamma narsadan ustun qoʻygan qarorlari tufayli munosabatlarimiz yangi bosqichga koʻtarildi. Bir vaqtlar muzlab qolgandek tuyulgan aloqalar yana iliqlik kasb etdi. Bir-birining diydoriga chanqoq qalblar yana topishdi, yoʻllar ochildi, koʻngillar yaqinlashdi. Qisqa muddatda munosabatlarimiz ziddiyatlardan strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasigacha yuksaldi. Bu oʻzgarishlarning eng katta samarasini esa, shubhasiz, ikki yurtda yashovchi doʻst xalqlar koʻrmoqda.

Oʻzbekistondagi tojiklar, Tojikistondagi oʻzbeklar oʻzini yanada erkin, qadrlangan va himoyalangan his etyapti. Masalan, men ishlaydigan “Ovozi tojik” gazetasi bevosita davlat qoʻllovi bilan nashr etilayotgani oddiy fakt emas, balki millatlararo hurmat va eʼtiborning yorqin ifodasi. Shuningdek, “Ovozi Samarqand”, “Xovar”, “Sadoi Soʻx” gazetalari, “Durdonai Sharq” jurnali tojik tilida muntazam chop etilayotgani madaniy hayotimiz boyib borayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, mana shu islohotlar natijasida bir nechta oliy taʼlim muassasalarida tojik tilidagi yangi boʻlim va fakultetlar ochilgani, oliy taʼlimga kirishda tojik tilida test topshirish imkoniyati yaratilgani kelajakka qoʻyilgan ulkan qadam boʻldi. Milliy madaniyat markazlari esa tilimiz, adabiyotimiz, urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yanada rivojlantirish yoʻlida samarali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, bu ishlarning barchasini davlat qoʻllab-quvvatlamoqda. Yurtimizda millatchilik, bir-birini kamsitish kabi illatlarga oʻrin yoʻq. Bu zaminda turli millat va elat vakillari bir oila boʻlib yashaydi. Bir dasturxon atrofida yigʻiladi. Bir-birining quvonchiga sherik, tashvishiga hamdard boʻladi. Shunday yurtda yashab, uni sevmay boʻladimi?! Vasfini kuylamay, sheʼrlarga solmay boʻladimi?! Axir bu yurt — doʻstlikni qadrlaydigan, ­qalblarni yaqinlashtiradigan, insonni inson sifatida ulugʻlaydigan tabarruk zamin...

 

* * *

Shoirning soʻzlari qulogʻimda uzoq vaqt jaranglab turdi.

Qoʻshni davlat chegarasiga yetib borganimizda yuragimda bir oz xavotir aralash hayajon uygʻondi. Biroq ikki davlat chegarachilarining ochiq chehrasi, yaxshi muomalasi barcha rasmiyatchiliklarni yengillashtirdi. Ortiqcha hech qanday savol, hech qanday sarsongarchilik yoʻq. Goʻyoki bu yoʻl azaldan ochiq boʻlganday. Barcha jarayon tabiiy va oson kechdi.

Ertalab soat toʻqqiz yarimda manzilga kirib bordik.

Dushanbe meni quchoq ochib kutib olgandek tuyuldi. Bu shaharga qadam qoʻygan zahotim undagi iliqlik, samimiyatni his qildim. Keng koʻchalar, sarvqomat daraxtlar, rang-barang gullar — barchasi uygʻunlashib, shahar bahoriy libosda mehmonlarini bayramona kutib olayotgandek edi. Havosi musaffo, muhiti sokin, ammo shu sokinlik bagʻrida qizgʻin hayot joʻsh urib turardi.

Dushanbe shunchaki poytaxt emas, tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar. Aytishlaricha, oldin bu yer qishloq boʻlib, dushanba kuni bozor boʻlar ekan. Shaharning nomi ham shundan kelib chiqqan deyishadi. Asrlar davomida u kichik qishloqdan goʻzal va zamonaviy shaharga aylandi. Bugungi Dushanbe Tojikistonning nafaqat siyosiy va iqtisodiy markazi, balki madaniy yuragi hamdir. Bu yerdagi har bir koʻcha, har bir xiyobon oʻtmish izlari bilan zamonaviy taraqqiyot nafasini birlashtirib turadi.

Safarimiz bayram kunlariga toʻgʻri kelgani uchunmi, shaharda avtomobillar tirbandligini deyarli koʻrmadim. Bu esa shaharning yanada fayzli, orombaxsh koʻrinishini ochib berdi. Ayniqsa, bir jihat eʼtiborimni tortdi: shahardagi barcha ­eʼlonlar, reklama va peshlavhalar davlat tilida yozilgan. Bu davlat tiliga hurmatning yorqin ifodasi edi.

Muhtasham imorat tepasida esa “Artel” yozuvini koʻrib, rosti, yuragimda alohida faxr tuygʻusi uygʻondi. Bu goʻyo ikki xalq oʻrtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarning ham ramziga oʻxshardi.

Shaharning Istiqlol maydoni, keng xiyobon va goʻzal bogʻlari odamlar bilan gavjum edi. Bu yerda sayr qilayotgan odamlar, quvnab yurgan bolalar, suhbat qurib oʻtirgan qariyalar — barchasi hayotning samimiy manzarasini hosil qilardi. Odamlarning yuzidagi tabassum, koʻzidagi xotirjamlik va mamnuniyatni koʻrib, tojikistonliklarning hayotdan roziligi, tinchlik va osoyishtalik qadrini qanchalik chuqur his qilishini anglash qiyin emas edi.

Shahar markazida joylashgan Abdurahmon Jomiy va Mir Alisher Navoiy haykallari oldida bir zum toʻxtab qoldim. Bu yerda ikki xalqning umumiy tarixi, oʻzaro uygʻun adabiyoti, qalblar yaqinligining jonli timsoli namoyon boʻlib turardi.

Suhbatlashgan odamlarim Oʻzbekistondan ekanimni eshitib, samimiy tabassum bilan qarshi oldi.

— Yaqin yillarda Oʻzbekistonga bormagan boʻlsam-da, televideniye, radio, internet orqali u yerdagi oʻzgarishlarni kuzatib boraman — deydi Shomurod amaki. — Sizlarning yutuqlaringizdan biz ham chin dildan xursand boʻlamiz. Futbolni juda yaxshi koʻraman. Oʻzbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga yoʻllanma olganini eshitib, ham xursand boʻldik, ham havas qildik. Omad tilayman. Oʻyinlar boshlanganda sizlarga muxlislik qilamiz. Ilgari “Pomir” bilan “Paxtakor” oʻyinlari juda qiziqarli oʻtardi. Dushanbedagi stadionga Oʻzbekistondan koʻp muxlis kelardi. Biz ham jamoamizni qoʻllab-quvvatlash uchun Toshkentga borardik. Shukrki, uzoq tanaffusdan keyin bordi-keldimiz tiklandi. Nasib qilsa, may oyida oilaviy Samarqand, Buxoro, Xivaga borib, tarixiy shaharlarni ziyorat qilmoqchimiz. Mening uyim shu bogʻ yaqinida. Har kuni nevaram bilan kechki sayrga chiqamiz. Bir kuni u mendan “Bular kimlarning haykali?” deb soʻradi. Shunda erinmay, Jomiy va Navoiy haqida, tojik va oʻzbek xalqlarining doʻstligi haqida gapirib berdim. Nevaram hali maktabga bormaydi, lekin allaqachon Jomiy va Navoiyning ijodidan shohbaytlar yodlab olgan.

Amakining koʻzlarida faxr va umid porlardi.

— Bolalarimizni hozirdanoq doʻstlik, hamjihatlik ruhida tarbiyalashimiz kerak, — dedi u bosiqlik bilan. — Chunki kelajak shu bolalarning qoʻlida. Doʻstlik boʻlsa, hamma narsa boʻladi.

Uning oddiy, lekin chuqur maʼnoli soʻzlari qalbimda uzoq vaqt yangrab turdi. Haqiqatan, Jomiy va Navoiy haykallari soyasida aytilgan bu gaplar ikki xalq oʻrtasidagi abadiy doʻstlikning eng samimiy va eng taʼsirli ifodasi edi.

Dushanbeda bir kun turgach, yoʻlimiz Panjikent tomon burildi. Dushanbe — Panjikent yoʻli esa goʻyo tabiatning jonli asari. Bu safar togʻlar oralab, bulutlarga yaqinlashganday boʻldik. Yam-yashil tepaliklar, qorga burkangan baland togʻlar, sersuv soylar, tekis va zamonaviy pulli yoʻllar, togʻlar bagʻridan oʻtgan yer osti yoʻllari safarni yanada yengil va maroqli qildi. Yoʻl yoqasidagi obod qishloqlar, koʻrkam savdo va ijtimoiy soha obyektlari Tojikistonning soʻnggi yillardagi taraqqiyotidan darak berardi. Yoʻlda tojikistonlik ikki nafar oʻzbek hoji bilan tanishdim.

— Prezidentlarimiz omon boʻlsin, — deya soʻz boshladi Rudakiy tumanida yashovchi Xoʻjamqul hoji Abdullayev yuzida shukronalik va mamnuniyat ifodasi balqib. — Chegaralar ochilgach, Oʻzbekistonga emin-erkin borib kelyapmiz. Ilgari bu orzu edi. Endi esa hayotimizning tabiiy qismiga aylandi. Shaxsan oʻzim ziyorat, sayohat va davolanish maqsadida bir necha bor Oʻzbekistonga borib keldim. Har safar u yerdan yanada koʻtarinki ruhda, qalbim tozalangan holda qaytaman. Hozir ham sinfdoshim Isroil hoji Gulmurodov bilan yaqinda ochilgan Imom Buxoriy ziyoratgohiga yoʻl olganmiz. Bu maskanga borgan insonning qalbi, albatta, nurga toʻladi, ruhi yengil tortadi. U yerdagi obodonlashtirish ishlarini koʻrib, inson beixtiyor faxr tuyadi. Bunday tabarruk joylarni obod qilish, shunday koʻrkam va munosib holatga keltirish katta savob, millat maʼnaviyatiga qilingan ulkan xizmatdir.

— Bugungi Oʻzbekistonni koʻrib, hayratlanmay iloj yoʻq. Qaysi sohani olmang, oʻzgarish, yangilanish, taraqqiyotni koʻrasiz, — deydi Isroil hoji suhbatga qoʻshilib. — Toshkentda barpo etilgan va taʼrifi yetti iqlimga taralayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini ham borib koʻrmoqchimiz. Ishonchim komil, ushbu markaz ham ilm, maʼrifat va madaniyat oʻchogʻi boʻladi. Hech shubhasiz, Oʻzbekiston islom dinining maʼrifiy, madaniy markazlaridan biriga aylanmoqda.

Safar davomida mamlakatimizdagi oʻzgarishlar, bunyodkorliklardan yurtdoshlarimiz bilan birga qoʻshni xalqlar ham bahramand boʻlayotgani behad quvontirdi. Davlatimiz rahbarining mana shunday ezgu va uzoqni koʻzlagan tashabbuslari nafaqat Oʻzbekiston taraqqiyotiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va rivojiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi yaqinlashuv, qardosh mamlakatlar bilan munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilishi, shuningdek, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi chegara masalalarining tinch yoʻl bilan, oʻzaro tushunish va hamjihatlik asosida hal etilishi — bugungi kunning eng katta yutuqlaridan.

Hojilar bilan suhbatlashib, Tojikistonning ajoyib manzaralarini tomosha qilib, birpasda tarixiy Panjikent shahriga yetib keldik. U yerda bir kun dam olgach, yana yoʻlga tushdik. “Sarazm – Jartepa” chegara postiga yaqinlashganda uzoqdan hilpirab turgan Oʻzbekiston bayrogʻi koʻrindi. Shu lahzada qalbimda ifodalab boʻlmas bir tuygʻu uygʻondi bu — sogʻinchmi, faxrmi yoki shukronalikmi, bilmadim.

Faqat bitta narsani aniq his qildim: bu safar menga yana bir haqiqatni yaqqol anglatdi — oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari asrlar davomida shakllangan, turli sinovlardan oʻtgan va uzilmas iplar bilan bogʻlangan.

Bu doʻstlikni asrash va yanada mustahkamlash esa ikki millat vakillarining kelajak oldidagi eng muhim burchidir.

Farhod NEʼMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri