Ijtimoiy tarmoqlarda keng dalada lolalarga zarar yetkazgan holda qo‘shiq aytilayotgani va avtomobilda gullar bosib o‘tilgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Ushbu holatlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hududiy boshqarmasi inspektorlari tomonidan o‘rganildi.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, birinchi holatda tabiatga 6 mln 592 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Huquqbuzarlar A.J. va G.B.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobari — 10 mln 300 ming so‘mdan, jami 20 mln 600 ming so‘m jarima tayinlandi.
Ikkinchi holatda ham xuddi shunday miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Huquqbuzar M.R.ga nisbatan esa ushbu modda asosida bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari — 20 mln 600 ming so‘m jarima qo‘llanildi.
Shu tariqa, har ikki holat bo‘yicha huquqbuzarlar jami 54 mln 384 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, dunyoda 100 ga yaqin lola turi mavjud bo‘lib, ularning qariyb 75 tasi Markaziy Osiyoga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston hududida esa 34 turdagi yovvoyi lolalar o‘sadi va ularning aksariyati Qizil kitobga kiritilgan. Shuningdek, ayrim turlar faqat O‘zbekistonda uchraydi.
Yovvoyi lolalar tabiatning noyob boyligi bo‘lib, ularni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish har birimizning mas’uliyatimizdir.