Bojxona qoʻmitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda dala maydonidagi daraxtlar orasiga yashirilgan 4 ta xoʻjalik qopi topilgan.

Qoplardan 109 ta oʻram chiqdi. Ekspertiza ularda qariyb 95 kilogramm “gashish” borligini tasdiqladi.

Biroq tezkor tadbir shu bilan yakunlanmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qoplarni kim olib ketishini aniqlash uchun hududni bir necha kun kuzatgan.

Oradan 8 kun oʻtib, giyohvandlik vositalarini olib ketish uchun kelgan ikki nafar fuqaro qoʻlga olingan.

Tergov davomida giyohvandlik vositalarini aynan shu joyga yashirish va keyinchalik olib ketish boʻyicha topshiriq bergan shaxs ham aniqlangan. U ham qoʻlga olingan.

Qizigʻi, mazkur shaxs avval ham benzin kontrabandasi bilan bogʻliq jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan boʻlgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov organiga yuborilgan.

Mutaxassislar hisob-kitobiga koʻra, musodara qilingan giyohvandlik vositasi 700 mingta isteʼmol dozasiga teng. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, uning qora bozordagi qiymati 10 million AQSH dollaridan oshishi mumkin edi.