Ana shu imkoniyatlar asosida “resursdan tayyor mahsulotgacha” boʻlgan zanjirni qamrab oladigan yangi sanoat va investitsiya xaritasi yaratiladi.
“Qoʻngʻirot – Qoraoʻzak – Taxiatosh” yoʻnalishi Qoraqalpogʻistonning “yashil sanoat yoʻlagi” – “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylanadi.
Sunʼiy intellekt va data markaz loyihalari uchun tashkil etilgan maxsus zonada 8 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi.
Mutasaddilarga 1-oktabrgacha besh yillik dastur ishlab chiqib, investorlar uchun 1 gigavatt quvvatli barqaror elektr taʼminotini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Uch yilda Nukus shahri, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Taxiatoshda 1,5 ming yuqori daromadli ish oʻrni yaratish, bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida yillik eksportni 600 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.