Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Beruniy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining 3 nafar BXM xodimlari o‘zaro til biriktirib, 5 nafar fuqaroning nomiga imtiyozli kredit mablag‘i ajratib, 146 mln so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining Rishton filiali mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 21 nafar fuqaroning nomiga “Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida hunarmandchilik va tikuv dastgohlari sotib olish hamda issiqxona qurish uchun yillik 14 foiz ustama bilan va chorvachilik uchun yillik 25 foiz ustama bilan 747 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ajratib, ularga bu haqida xabar bermasdan, ushbu ajratilgan kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalarga o‘tkazib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Xo‘jaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankning BXM boshqaruvchisi sobiq o‘rinbosari (muqaddam JKning 167-moddasi bilan sudlangan) va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro E.X.ning nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektini tashkil qilib, soxta ma’lumotlar orqali 500 mln so‘m kredit mablag‘i ajratib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Jondor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining sobiq rahbari va sobiq mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, fuqarolarning xabarisiz ularning nomiga 110 mln so‘m kredit mablag‘larini ajratib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Qo‘shtepa tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining sobiq bo‘lim boshlig‘i fuqaro M.D.ning ishonchiga kirib, unga uy-joy sotib olishiga 240,5 mln so‘m ipoteka krediti ajratib berishini aytib, qalbaki kredit shartnomasi evaziga ajratilgan kredit mablag‘laridan 90 mln so‘mini o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.